Gazga navbatga turgan avtobuslar yoki jamoat transportiga «o‘zing uchun o‘l yetim» qabilidagi munosabat. Nima qilmoq kerak?
X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent shahrida qatnaydigan jamoat transporti — yashil tusli avtobuslarning metan to‘ldirish shoxobchasiga uzundan uzoq navbatga turgani to‘g‘risida videolavha tarqaldi.
Videoni ko‘rib daxshatga tushdim. Erinmasdan avtobuslarni sanashga o‘tdim, sanog‘iga yetolmadim.
— Zulfiya Axmedova (@zulishko) August 24, 2023
Bu faqat gaz muammosi emas. Shuncha turgan avtobus haydovchilarining ish soati kesilishi va oylik maoshiga judayam katta ta’sir ko‘rsatadi. Faqat gazmas, elektrobuslarda ham shu ahvol( pic.twitter.com/lv6twmYLEy
Videoni joylashtirgan foydalanuvchi Zulfiya Ahmedova unga shunday sharh yozgan:
«Videoni ko‘rib dahshatga tushdim. Erinmasdan avtobuslarni sanashga o‘tdim, sanog‘iga yetolmadim. Bu faqat gaz muammosi emas. Shuncha turgan avtobus haydovchilarining ish soati kesilishi va oylik maoshiga judayam katta ta’sir ko‘rsatadi. Faqat gazmas, elektrobuslarda ham shu ahvol».
Videoni sharhlashda davom etgan foydalanuvchi jamoat transporti sohasidagi boshqa muammolarni ham sanab o‘tgan:
«ikki qaynim avtoparkda ishlaydi. Muammolar juda ham ko‘p. Servis, zapravka, oylik, «plan»... Konditsioner yoqqani uchun «perejog» yoziladi. Shuning uchun gaz yoki solyarkada yurganlar konditsionerni kam ishlatadi. Gapirsa gap ko‘p...»
Toshkent shahrida yaqindagina elektrobuslarni quvvatlash bilan bog‘liq muammo yuzaga chiqqan edi. Zaryadlash shoxobchalari yetishmayotgani sababli Toshkentdagi ayrim elektrobuslar reyslarga chiqa olmayotgani ma’lum qilingandi.
«Toshshahartransxizmat» AJ 58 ta shunday stansiyalar ishlayotganini ma’lum qildi. Tashkilot o‘z izohida tez kunda avtobus saroylari hududida qurilayotgan 80 ta elektr quvvatlash stansiyalari foydalanishga topshirilishi kutilayotganini ham va’da qilgan edi.
Darhaqiqat jamoat transporti bilan bog‘liq masala katta shaharlarimizda yechilmas muammo bo‘lib turibdi. Boz ustiga jamoat transportidan foydalanuvchilar soni yildan yilga ortib bormoqda.
Hademay yangi o‘quv yili boshlanadi, viloyatlardan yuz minglab talabalar poytaxtga kirib kelishadi. Tabiiyki, asosiy jamoat transporti bo‘lmish avtobuslar, shuningdek metroga ham yuklama oshadi.
«Toshshahartransxizmat» xabariga ko‘ra, Toshkent shahrida 8 ta avtobus saroyidan 1 ming 464 ta avtobus ishga chiqarilayotgani, undagi qatnovlar soni 158 ta yo‘nalish bo‘yicha 21,7 mingtani tashkil qilayotganini xabar qildi. Yangi o‘quv yili munosabati bilan avtobuslarni 1 ming 550 tagacha va bajariladigan qatnovlar sonini esa 22,8 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.
Sentyabr oyi davomida qo‘shimcha yana 9 ta yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etilib, poytaxtdagi avtobuslar 1,5 mingtagacha, qatnovlar esa 22,8 mingtaga oshirilishi va’da qilinmoqda.
«Toshkent metropoliteni» ichki resurslardan maksimal darajada foydalangan holda poyezdlar harakatidagi oraliq vaqtni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, tig‘iz vaqtlarda Chilonzor yo‘nalishida 1,5 daqiqalik, O‘zbekiston yo‘nalishida esa 3-3,5 daqiqalik hamda Yunusobod yo‘nalishida 5 daqiqalik intervalda poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yilishi va’da qilinmoqda.
Yuqoridagi videoni bejizga keltirmadik. Avtobuslar soni oshirilgani, yangi yo‘nalishlar tashkillashtirilib, qatnovlar soni ko‘paytirilgani bilan mavjud muammo muammoligicha qolaveradi. Toki unga jiddiy e’tibor berilib, vaziyat o‘nglanmas ekan.
Elektrobuslarni quvvatlash stansiyalarni-ku, mayli, qo‘ya turaylik. «Toshshahartransxizmat» quvvatlash stansiyalarini ko‘paytirishni va’da qilgan va ular o‘z va’dasining ustidan chiqadi deb yaxshi umidda bo‘lib turamiz.
Ammo poytaxtdagi ko‘plab avtobuslarning qariyb barchasi siqilgan gazda harakatlanadi. Gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar esa yildan yilga kuchayib bormoqda. Ilgarilari odatda faqat qishning qahratonida tortilib, yozda bemalol bo‘lgan gaz yog‘in-sochinsiz issiq kunlarda ham taqchil bo‘lib bormoqda. Ularga «o‘zing uchun o‘l yetim» qabilida munosabat yaramaydi.
Nima qilsa vaziyat yanada yaxshilanadi?
Endi sekin-asta avtosaroylar uchun alohida gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi qurish, ularni gaz bilan uzluksiz ta’minlash masalasi bilan ham shug‘ullanish kerak. Toshkent shahar hokimiyati bosh-qosh bo‘lishi kerak bu masalaga. Avtobuslar bu tarzda ko‘chalarda turnaqator bo‘lib navbatda turishi kerak emas-ku?
Axir O‘zbekistonda qazib olinayotgan shu tabiiy gaz xalqnikimi? Avtobuslar xalqqa xizmat qiladimi? Nahotki poytaxt (!) jamoat transportini gaz yoqilg‘isi bilan uzluksiz ta’minlash, hattoki bu gazni turli soliq va ajratma va aksizlardan xalos qilib, arzonlashtirilgan narxda yetkazib berishning imkoni yo‘q.
O‘zi jamoat transporti shundoq ham subsidiyalanadi. Undagi asosiy xarajatlardan biri yoqilg‘iga ketadi. Shuning puxta mexanizmini ishlab chiqib, maxsus gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida avtosaroylarga tegishli avtobuslardan boshqa transport vositalariga xizmat ko‘rsatmaslikni yo‘lga qo‘yish shunchalik qiyin ishmi?
Menimcha, hamma gap odamlarning bir-biriga ishonchi yo‘qligida. Ya’ni shunday kompressor stansiyalari qurilsa, ularga tabiiy gaz arzonlashtirilgan narxlarda uzluksiz yetkazib berilsa, go‘yoki gaz talon-toroj bo‘lib ketadi. Shaxsan mening fikrimcha, talon-toroj bo‘lmaydi. Gap bunday korxonalarga o‘z ishiga vijdonan yondashuvchi, halol insonlarning tayinlanishida. Shuningdek, jamoat nazorati o‘rnatilishida.
Kimlardadir bu gaplarga e’tiroz tug‘ilishi mumkin: gaz birgina avtobuslarga emas, hammaga teng yetkazib berilsin. Yo‘q, hammaga teng yetkazib berib bo‘lmaydi. Shuning uchun birinchi navbatda jamoat transportining uzluksiz harakatini ta’minlashimiz kerak. Xususiy avtotransport vositalari egalari o‘zlarining yo‘lini topib olaverishadi. Ularni o‘ylash shart emas.
Jamoat transporti haydovchilari faqat yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manzillariga xavfsiz, komfort sharoitda (yozda konditsioner, qishda isitkich) bilan eltib qo‘yishnigina o‘ylashi kerak. Ularga kunlik plan qo‘yish, konditsionerni ishlatib, ortiqcha yoqilg‘i yoqib yubording, deb yoqasidan olishni bas qilish kerak. Avtobus haydovchilarining maoshlari oshirilib, avtopark muntazam yangilanib borishi kerak.
Bularning nazarida 1000ta avtobus opkelindi va bo‘ldi shu bilan.
— bakiroo (@the_bakiroo) August 19, 2023
Avtobus parki har yili 20 foizga yangilanishi kerak. Avtobus haydovchisi bo‘lishga yetarli motivatsiya beradigan maosh kerak.
Bularning hammasi bir martalik chora emas, to‘g‘ri tashkil etilgan moliyalashtirish orqali yuz beradi
«Bularning nazarida 1000 ta avtobus olib kelindi va bo‘ldi, shu bilan. Avtobus parki har yili 20 foizga yangilanishi kerak. Avtobus haydovchisi bo‘lishga yetarli motivatsiya beradigan maosh kerak. Bularning hammasi bir martalik chora emas, to‘g‘ri tashkil etilgan moliyalashtirish orqali yuz beradi», — deb yozadi bakiroo kanalini yurituvchi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Yozning jaziramasidan qutulish uchun avtobuslar salonidagi yon oynalarini qoraytirishga 40 BHM miqdorida to‘lovni ham bekor qilish kerak. Bu borada mutasaddi rahbarlarimiz ham, deputatlarimiz ham jim. Chunki ularning birortasi avtobusda yurmaydi, muammoni tanasida his qilib ko‘rmagan.
Umuman, jamoat transporti Yevropaning Toshkent, Samarqand kabi kattalikdagi shaharlarida qanday yo‘lga qo‘yilgani yaxshilab o‘rganilib, foydali tomonlari olinishi kerak.
Chuqurlashib o‘tirmaylik, ATTO kabi to‘lov tizimidan unumli foydalanish, egiluvchan tariflarni qo‘llash, harakatlar jadvalini aniq tartibga solish, interaktiv xarita degan gaplar bor. Bularning barchasi butun bir fan, aslida. Hozir men aniq bilmayman, «Toshshahartransxizmat» AJda mana shu ishlar bilan muttasil shug‘ullanadigan, yosh mutaxassislardan iborat bo‘lim ham bordir balki. Lekin bu borada ishlar bo‘layotganini hozircha internetda ko‘rmadim.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Mavzuga oid
18:04 / 18.11.2024
Urganch shahriga 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
09:26 / 13.11.2024