O‘zbekiston | 17:52 / 25.08.2023
8887
2 daqiqa o‘qiladi

“Turkiston-Yunusobod–Shahriston” metro bekatlari oralig‘ida “garmoshka”lar harakatlanadi 

Toshkent metropolitenining “Yunusobod” hamda “Turkiston” bekatlari 4 oyga yopiladi. Shu munosabati bilan 3 ta bekat oralig‘ida 10 dona “garmoshka” avtobuslari harakati bepul yo‘lga qo‘yiladi. 

26 avgustdan Yunusobod yo‘nalishining “Yunusobod”, “Turkiston” metro bekatlari profilaktik tekshiruv uchun 4 oyga yopilmoqda. Shu sabab “Turkiston-Yunusobod–Shahriston” metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) harakati bepul yo‘lga qo‘yilishi aytilgandi.

Metropoliten xizmatining ma’lum qilishicha, xizmat ko‘rsatuvchi “garmoshka”larning soni 10 donani tashkil qilib, ular belgilangan yo‘nalishda quyidagi 3 ta bekatlarda to‘xtab harakatlanadi:

1. Turkiston metro bekati;

2. Yunusobod metro bekati (Mega Planet savdo markazi qarshisida);

3. Shahriston metro bekatiga tushish qismlarida.

18 metrli katta sig‘imli avtobuslarning kunlik ish faoliyati 5 daqiqalik intervalda tonggi 05:00 dan tungi 00:00 ga qadar bepul amalga oshiriladi.

Avtobuslarning oldi va yon qismlarida metro belgisi (metrobus) o‘rnatilgan bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi o‘quv yili oldi «tig‘iz vaqtlar»da metroning ayrim yo‘nalishlarida poyezdlar harakatining oraliq vaqti 1,5 daqiqagacha qisqartirilishi ma’lum qilingandi.

Qolaversa, poytaxtda avtobuslar va qatnovlar sonini oshirish rejalashtirilayotgani ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Toshkentdagi avtobuslar 1,5 mingtagacha, qatnovlar esa 22,8 mingtaga oshirilishi kutilmoqda.

Дилшода Шомирзаева
Tayyorlagan Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid