O‘zbekiston | 13:35 / 25.08.2023
25245
10 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning "Yumshoq kuchi" va uning Markaziy Osiyo davlatlariga ta’siri – ekspertlar bilan suhbat

Xalqaro siyosiy jarayonlarda, katta kuch markazlarining o‘z siyosiy istaklarini amalga oshirishda Soft power, Smart power yoki Hard power deb ataluvchi siyosiy uslublarga duch kelamiz. Soft power uslubi aynan Xitoy tashqi siyosatiga xos. Albatta Xitoyning "yumshoq kuchi" natijasi bugungi kunda dunyo bo‘ylab o‘z aks sadosini beryapti. Bu rasmiy Pekin va Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlarida ham yaqqol seziladi. «Geosiyosat»ning bugungi soni Xitoy va Markaziy Osiyo munosabatlari haqida bo‘ladi.

Mavzuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Abbos Boboxonov va Bilim karvoni aql markazi tahlilchisi Nargiza Umarovalar bilan birgalikda tahlil qilamiz.

— So‘nggi yillarda Xitoyning «yumshoq kuchi»ga doir bir qator yirik tadqiqotlar olib borildi. Dunyo ekspert va ilmiy doiralarida bu mavzu faol muhokama qilinmoqda. Xitoycha «yumshoq kuch»ning o‘ziga xos jihatlari nimada?

Abbos Boboxonov: — «Yumshoq kuch» konsepsiyasi o‘tgan asrning 90-yillarida Jozef Nay tomonidan ilgari surilgan. Obama davrida bu narsa konsepsiya sifatida shakllandi. Xitoyda ham «Yumshoq kuch» rivojlanishi 21-asr boshiga to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyoda bu konsepsiya haqidagi tushunchalar 3-4 yil oldin paydo bo‘lgan. O‘zbekiston sharoitida buni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj juda katta. Tadqiqotlar olib borilishi kerak. «Yumshoq kuch» konsepsiyasi amaliyotda qo‘llanyapti va natijasini beryapti, shuning uchun uni o‘rganish, tadqiq etish kerak bo‘ladi.

Nargiza Umarova: — «Yumshoq kuch» qudratli davlatlar, ya’ni muayyan siyosiy ambitsiyaga, resurslarga ega davlatlar tomonidan ishlatiladigan diplomatiyaning bir ko‘rinishi yoki umuman ko‘rinmaydigan ko‘rinishi deyish ham mumkin. Bunday konsepsiya uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘ladi. O‘ziga xos strategiyalari ishlab chiqariladi.

Xitoy qudrati oshgan sayin boshqa qudratli davlatlar singari «Yumshoq kuch» konsepsiyasidan foydalanadi. Jozef Nay nazariyasiga ko‘ra, bu narsa ommaviy diplomatiya deyiladi. Bunda nodavlat tashkilotlar, fuqarolik institutlari ko‘proq jalb etiladi. Populyar shaxslar ham shug‘ullanishi mumkin. Xitoyning «Yumshoq kuch»i ham o‘ziga xos ko‘rinishga ega. Xitoy «Yumshoq kuch» sifatida ijtimoiy-humanitar aloqalardan tashqari iqtisodiy, texnologik diplomatiyani ham qo‘llaydi, investitsiyalarni ham. Xitoy idealogiyasi ham «Yumshoq kuch» vositasi hisoblanadi.

Markaziy Osiyoga «Yumshoq kuch» kirishi oldinroq boshlangan, chunki Xitoy Markaziy Osiyoda investitsiyalar orqali moliyaviy diplomatiyani amalga oshirib kelmoqda anchadan beri. Bugungi kunda esa boshqacha ko‘rinishlari ham kirib kelmoqda. Deylik, texnologik, harbiy tomondan bunday kuchlar ortib borayotganini ekspertlar ta’kidlamoqda.

— Xitoy Markaziy Osiyo elitalari va jamiyatlarida ijobiy imijni shakllantirishda media resurslardan ustamonlik bilan foydalanishi haqida eshitganmiz. O‘zbekistonda ham shu holatni kuzatish mumkinmi? O‘zi mahalliy ommaviy axborot vositalarimiz Xitoyga nechog‘lik xayrixoh?

Abbos Boboxonov: — «Yumshoq kuch» katta iqtisodiy qudrat talab qiladi va uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘ladi, shuning uchun ko‘p davlatlar buni ishlata olmaydi. «Yumshoq kuch» Xitoyning tarixiga ham bog‘liq, shuning uchun bu konsepsiyani qabul qilgan. Ming yillar oldin ham shunday «Yumshoq kuch» ko‘rinishlari bo‘lgan Xitoyda.

Media, OAV, texnologiyalardan foydalanish so‘nggi yillarda Xitoyning ushbu sohalarda erishayotgan yutuqlari natijasi deb o‘ylayman. 90-yillarda Xitoy bu qadar iqtisodiy kuchga ega emasdi. 2000 yildan keyin «Yumshoq kuch» faollashdi. 2007 yilda Kommunistik partiya s’yezdida ilgari surildi va s’yezd yakuniy hujjatiga kiritildi. 2004 yildan boshlab Xitoy madaniyatini butun dunyoga yoyish, Konfutsiy institutlari ochilishi ham «Yumshoq kuch»ning bir ko‘rinishi edi deyishadi mutaxassislar. 13 ta Konfutsiy institutlari bor Markaziy Osiyoda. Hali bu harakatlar davom etadi ham.

«Yumshoq kuch»ga nisbatan juda bir salbiy qarash kerak emas. Istalgan davlat, O‘zbekiston ham o‘z madaniyatini targ‘ib qilish, ta’sirini oshirish uchun «Yumshoq kuch» vositalaridan foydalanishi mumkin. Amerika va boshqa g‘arb davlatlarida ko‘plab Konfutsiy institutlari yopildi, chunki ular siyosiylasha boshlagan edi. Bunday institutlarning maqsadi xitoy tili va madaniyatini targ‘ib qilish bo‘lishi kerak. Markaziy Osiyoda hali bunday siyosiylashish muammosi bo‘lganicha yo‘q. Xitoy tili murakkabligi uchun ham bizda ommalashib ketganicha yo‘q bu.

Nargiza Umarova: — «Yumshoq kuch» har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lavermaydi. Xitoy misolida oladigan bo‘lsak ham, katta resurslar evaziga amalga oshirgan ishlari samara beravermaydi hamma vaqt ham. Masalan, G‘arbda Xitoyning «Yumshoq kuch»i samara bermayapti deyarli. Markaziy Osiyoda ham Xitoyning madaniy diplomatiyasi katta ta’sirga ega emas. Turli ko‘rinishdagi targ‘ibotlar u qadar samara bermayapti, menimcha. Chunki bizda Janubiy Koreyaning madaniyatiga qiziqish kabi qiziqish yo‘q Xitoyga nisbatan, garchi Xitoy ko‘proq harakat qilayotgan bo‘lsa-da. Xitoy tiliga qiziqish biroz o‘sgan, bunga sabab esa Markaziy Osiyo talabalari uchun kvotalar taklif qilinayotgani. Lekin umumiy aholimizda xitoy tili va madaniyatiga qiziqish yo‘q.

Xitoyning OAVga ta’siri bo‘yicha katta tadqiqotlar ham olib borilgan. Eng oddiy usullardan biri — kontent almashinuvi. Masalan, o‘tgan yili Xitoy rahbari O‘zbekistonga tashrifi doirasida Xitoyning eng yirik axborot agentligi bo‘lmish Sin Xua axborot agentligi bilan O‘zbekiston milliy axborot agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bunday shartnoma ortidan tekshirilgan, ma’qul bo‘lgan materiallar almashinuvi bo‘ladi. Deylik, kelishuvsiz boshqa manbalardan material olinsa, uyg‘urlar mavzusida nimadir olish mumkindir, lekin bu kelishuvdan keyin Xitoy tarafi bunday kontekstdagi salbiy material taqdim etmaydi, albatta. Xitoyda katta senzura borligini hisobga olsak, bu ayni muddao bo‘ladi va bu shartnoma taklifi Xitoy tomonidan chiqqan, menimcha.

Bundan tashqari, Xitoy tarafi jurnalistlar uchun safarlar,turli treninglar tashkil etib beradi Xitoyda. To‘g‘ri, Xitoy rivojlangan davlat, undan o‘rganiladigan jihatlarimiz ham bor. Lekin bu bilan Xitoy o‘z manfaatlarini ko‘zlayapti.

Agressiv ta’sir qilish metodlari ham bor Xitoyda. Bu narsani Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat nomidan qilmaydi, balki turli texnologik kompaniyalar orqali amalga oshiradi. Masalan, Huawei kompaniyasi ko‘plab davlatlarda bevosita kompartiya manfaatlarini ifoda etuvchi vakil sifatida ishtirok etadi. OAV bilan ham chambarchas bog‘liq. So‘nggi yillardagi tadqiqotlarga ko‘ra, Xitoy o‘z kompaniyalaridan tashqari o‘sha ko‘zlangan davlatning mahalliy kompaniyalarini ham o‘zining piarchisiga, ta’sir qilish vositasiga aylantirib oladi. Bir qarashda bu ishlarni Xitoy qilmayotganday ham ko‘rinadi.

Bundan tashqari, kibertahdidlar ham bor OAVga. Qirg‘iziston bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ba’zi OAVning aksiyalar paketini xam sotib olgan Xitoylik biznesmenlar.

«Yumshoq kuch» orqali o‘z ta’sirini ko‘rsatish Afrikada yaqqol ko‘rinadi. Afrika ommaviy axborot vositalarida Xitoy haqidagi salbiy ma’lumotlar deyarli uchramas ekan, ekspertlar aytishicha. Qaysiki davlatlarda so‘z erkinligi cheklangan bo‘lsa, o‘sha yerda Xitoyning «Yumshoq kuch»i ko‘proq ta’sir o‘tkazadi. Demokratiya ustun bo‘lgan AQSh va boshqa G‘arb davlatlarida Xitoy ta’siri bo‘lmayotganiga sabab so‘z erkinligi borligi. Avtoritar tizimlarda erkin surishtiruvlar, Xitoyning maqsadlarini ochiq aytishlar bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda Xitoy haqida ijobiy kontentlar bor. Jamoatchilikda shubhalanish, Xitoydan cho‘chish bor, lekin OAVda ijobiy kontentlar ko‘payib bormoqda.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Normuhammad Ali suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Boymirza Halilov.

Mavzuga oid