Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
Xitoyning Xunan provinsiyasida yirik oltin koni topildi. Bu haqda provinsiyaning Geologiya boshqarmasiga tayanib Xinhua agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, geologlar Pinszyan uyezdidagi Vangu konidan 2 ming metr chuqurlikdan 300 tonnaga yetadigan oldin zaxirasini aniqlagan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 3 ming metrdan ortiq chuqurlikda esa oltin zaxirasi ming tonnadan oshadi. Ushbu hududdagi qimmatbaho metall qiymati 600 milliard yuanni (83 milliard dollarga yaqin) tashkil etmoqda.
Rudalarni qidirish bo‘yicha ekspert Chen Julinning so‘zlariga ko‘ra, burg‘ilangan ko‘plab tog‘ namunalaridan oltin izlari topilgan. 2 ming metr chuqurlikdan qazilgan bir tonna ruda maksimum 138 gramm oltin saqlagan.
Vangu konida 3D-geologik modellashtirish kabi rudalarni aniqlashning yangi texnologiyalaridan foydalanilgan.
Xitoy dunyodagi eng yirik oltin qazib oluvchi davlatlardan biri hisoblanadi. Oltin bo‘yicha jahon kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda butun dunyoda ishlab chiqarilgan oltinlarning salkam 10 foizi Xitoy hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilar orasida o‘ninchi o‘rinni egallagan. 12 oy davomida O‘zbekistonda 119,6 tonna qimmatbaho metall ishlab chiqarilgan. Eng ko‘p oltin ishlab chiqargan mamlakat Xitoy bo‘lgan — 378,2 tonna. Ikkinchi o‘rinda — Rossiya (321,8 tonna), uchinchi o‘rinda — Avstraliya (293,8 tonna).
Mavzuga oid
22:09 / 21.11.2024
Dubayda dunyodagi eng katta oltin yombi namoyish etildi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024