Jahon | 11:54 / 26.08.2023
27291
17 daqiqa o‘qiladi

AQShning «manglayidagi qora dog‘» – amerikaliklar Vetnamdagi qishloq aholisini nega qatliom qilgandi?

Bundan 55 yil avval, 1968 yilda Vetnamda AQShlik harbiylar qishloqlardan birida qatliom o‘tkazishadi. Harbiylar boshlig‘i partizanlarning hujumiga javoban qishloqdagi barchani o‘ldirishga buyruq beradi. Oqibatda amerikaliklar 1 yoshdan 82 yoshgacha bo‘lgan 500 dan ortiq kishini o‘ldirishadi. Keyinchalik faqat tinch aholini o‘ldirishga buyruq bergan leytenantning o‘zi qamaladi xolos.

Foto: alamy.com

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng sodir bo‘lgan urushlar orasida Vetnam urushi alohida ajralib turadi. Bu urushda Koreya yarimorolida bo‘lgani kabi bitta millat ikkiga ajralib, o‘zaro urush olib boradi.

Shimoliy Vetnam SSSR yordamida mamlakatda kommunistik tuzum o‘rnatadi va janubda AQSh yordamida tuzilgan Vetnam Respublikasiga bostirib kiradi. Oqibatda urushga AQSh hamda SSSR ham qo‘shiladi va u 10 yil davom etadi. Oxir-oqibat bu urush AQShning sharmandali mag‘lubiyati va shimolliklar tomonidan janubning bosib olinishi bilan tugaydi.

Vetnam urushida har ikki tomon ham juda katta talafotlar beradi, yuz minglab harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, odamlar qochoqqa aylanadi.

Vetnam urushida AQSh va SSSR harbiylaridan tashqari yana ko‘plab davlat harbiylari qatnashadi. Jumladan, AQSh, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Tailand, Filippin, Tayvan, Yaponiya, Belgiya harbiylari Janubiy Vetnamga yordam bergan. SSSR, Xitoy, Shimoliy Koreya, Mo‘g‘uliston harbiylari esa Shimoliy Vetnamni qo‘llagan.

Vetnam urushi barcha uchun fojia edi. Mamlakatni birlashtirib, kommunistik tuzum o‘rnatmoqchi bo‘lgan shimolliklar, ularga qarshi chiqqan janubliklar, janubliklarga yordamga borgan AQSh harbiylari – bularning barchasi o‘sha urushning qurbonlari bo‘lishadi.

Vetnam urushida barcha tomonlar harbiy jinoyatlarga qo‘l urgan. Shimoliy va Janubiy Vetnam harbiylari o‘zlarini qo‘llamagan tinch aholi vakillarini otib tashlagan, ayollarni zo‘rlagan, hatto bolalarni ham ayamagan. Harbiy jinoyatlarni xorijlik harbiylar, shu jumladan, SSSR va AQSh harbiylari, ularning ittifoqchilari ham sodir etadi.

Quyida Vetnam urushida sodir bo‘lgan va hanuzgacha AQShning «manglayida qora dog‘» bo‘lib kelayotgan qatliom haqida so‘z yuritamiz. Bu qatliomda AQSh harbiylari partizanlar hujumi uchun o‘ch olish maqsadida butun boshli qishloq aholisini qirib yuborishadi.

Amerikalik askarlar vetnamlikni olib ketishmoqda

Vetnam urushining boshlanishi

Vetnam urushining tarixi ikkinchi jahon urushi tugashiga borib taqaladi. Yaponiya ham yengilgandan so‘ng urushning asosiy g‘oliblari AQSh hamda SSSR Janubiy-Sharqiy Osiyoni o‘z ta’sir doirasiga olish uchun harakat boshlaydi.

Avvaliga Xitoyda fuqarolar urushi keltirib chiqariladi va davlatni Ma Tszedun boshchiligidagi kommunistlar egallaydi. Chan Kayshi boshchiligidagi qonuniy hukumat Tayvan oroliga qochib o‘tishga majbur bo‘ladi.

Sovetlar Xitoy masalasi o‘z foydalariga hal bo‘lganini ko‘rib Koreyada harakat boshlashadi. Bu yerda ham fuqarolar urushi kelib chiqadi va oqibatda yarimorol ikkiga bo‘linadi. Shimolda SSSR, Janubda AQSh ta’siri ostida bo‘lgan davlatlar tuziladi.

So‘ng navbat Vetnamga keladi. 1954 yilgacha Hindixitoyda ham fuqarolar urushi davom etardi. Biroq bu yerdagi vaziyat biroz farqli bo‘lib, hududda SSSR va AQShdan tashqari boshqa o‘yinchi – Fransiya ham bor edi.

1954 yilda Shveytsariyaning Jyeneva shahrida Hindixitoyda tinchlik o‘rnatish uchun Jyeneva kelishuvi imzolanadi. Kelishuvga ko‘ra, Fransiya Vetnam, Kamboja va Laosni mustaqil davlatlar sifatida tan olishi va bu davlatlarda demokratik saylovlar o‘tkazilishi belgilanishi kerak edi.

Fransiya Jyeneva shartlarini bajaradi, ammo bu ham Hindixitoyga tinchlik olib kelmaydi. Chunki endi mintaqadagi ishlarga AQSh va SSSR aralasha boshlagandi.

1954 yilda Vetnam Benxay daryosidan ikkiga bo‘linadi. Mamlakat shimolini SSSR va Xitoydan yordam olgan kommunistlar egallaydi va u yerda Vetnam Demokratik Respublikasi tuziladi. Xo Shi Min unga rahbar bo‘ladi.

Janubda AQSh yordamida Vetnam Respublikasi tuziladi. Uning rahbari Ngo Din Zem bo‘ladi. Shu tariqa shimol va janub bir biriga yer da’vo qila boshlaydi.

1959 yilda shimolliklar mamlakat janubini kuch bilan bosib olish uchun harakat boshlaydi. Ularga janubdagi kommunistlarga xayrixoh partizanlar ham yordam berishadi. Shu tariqa urush boshlanadi.

Vetnamning ikkiga bo‘lingan holatdagi xaritasi

Vetnam urushida AQShning ishtiroki

1961 yil Janubiy Vetnamga AQSh qurolli kuchlariga tegishli ikkita vertolyot rotasi kiritiladi. O‘sha paytda Kennedi administratsiyasi Janubiy Vetnamdagi ittifoqchilarni «kommunistlar agressiyasidan saqlab qolish uchun» AQSh barcha choralarni ko‘rishi haqida bayonot beradi. Shunda butun dunyo AQShning Vetnamdagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotganidan xabar topadi.

1963 yilda shimolliklar janubni egallay boshlashadi. Shundan so‘ng AQSh Janubiy Vetnamga ko‘proq harbiylarini kirita boshlaydi.

1965 yil oxiriga kelib Janubiy Vetnamda AQShning 185 000 nafar harbiysi bor edi. 1968 yilda ularning soni 540 000 nafarga yetadi.

AQSh harbiylari Vetnamda \ Foto: alamy.com

Qatliom

Vetnam urushi davom etar ekan, janub aholisining bir qismi amerikaliklarga qarshi chiqadi va ularga qarshi partizanlik urushlarini olib boradi. AQSh harbiylari ana shu partizanlar tufayli juda talafotlar ko‘rishadi.

1967 yilda AQSh harbiylari partizanlardan o‘ch olish maqsadida Janubiy Vetnamdagi Kuangngay viloyatida bir qancha dambalarni buzib tashlashadi. Sholi yetishtiradigan dehqonlar suvsiz qolishadi. Oqibatda, 140 ming odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ladi va partizanlar soni yana oshadi.

1968 yilda urush eng avjiga chiqqan paytda AQSh harbiylarining «Barker» guruhi qo‘mondonlari Kuangngay viloyatida joylashgan Songmi qishlog‘ida partizanlarning shtabi joylashgani haqida xabar oladi.

Shundan so‘ng Songmiga hujum qilish operatsiyasi ishlab chiqiladi. Rejaga binoan, qishloqni shimoldan piyodalar rotasi qurshab oladi. Janub tomoniga vertolyotlar yordamida piyodalar tashlanadi.

Foto: alamy.com

1968 yil 16 mart kuni tongda operatsiya boshlanadi. Avvaliga qishloq artilleriya yordamida o‘qa tutiladi. So‘ng reja bo‘yicha piyodalar qishloqqa kirib boradi.

Qishloqda bo‘lgan partizanlar amerikaliklarning vertolyotlari yaqinlasha boshlaganda u yerdan chiqib ketgan, Songmida faqat bolalar, ayollar va qariyalar qolgandi. Shu sababli AQSh harbiylariga qishloqda qarshilik bo‘lmaydi.

Amerikalik harbiylar avvaliga qishloq tashqarisidagi sholipoyada ishlab turgan odamlarni otib tashlashadi. So‘ng qishloq ichida bo‘lgan odamlarga qarata o‘q uza boshlashadi.

Qishloq odamlari AQShlik harbiylardan bunchalik yovuzlikni kutishmagandi. Shu uchun ular avvaliga xotirjam bo‘lishadi. Biroq amerikaliklar yo‘lida duch kelganni o‘ldira boshlagach odamlarning bir qismi qocha boshlaydi, boshqalari uylariga yashirinadi.

Amerikaliklar Songmiga kirib borar ekan, askarlar granatalar irg‘itadi, uylarni yoqib yuborishadi, atrofga tartibsiz ravishda o‘q uzadi. Harbiylarning bir qismi qishloqdan qochmoqchi bo‘lganlarni o‘ldiradi. Boshqalari esa odamlarni uylaridan chiqarib safga tiza boshlaydi.

Amerikalik harbiy qariyani uyidan olib chiqmoqda \ Foto: alamy.com

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, harbiylarga qishloqdagi «qimirlagan jonning barchasini o‘ldirishni» 1-vzvod komandiri leytenant Uilyam Kelli buyurgan ekan.

Aynan leytenantning buyrug‘i bilan qishloq chetidagi chuqurga yashiringan 50 kishi, qishloq egallangan paytda qo‘lga olingan 100 kishi ham otib tashlanadi.

Qishloqqa umumiy hisobda 100 nafar harbiy hujum qilgan bo‘lsa, odamlarni o‘ldirishda ularning yarmi qatnashadi. Ba’zilar qishloq chetida qoladi, boshqalari esa qochayotgan odamlarga yordam ham berishadi.

Jumladan, vertolyotlardan birining uchuvchisi Xyu Tompson tepadan chuqurga yashirinib turgan odamlarni ko‘radi va ularning oldiga pastlaydi. So‘ng o‘z jamoasi bilan odamlarni vertolyotga o‘tqazib, xavfsiz joyga olib chiqadi.

O‘sha kuni amerikaliklar 500 dan ortiq odamni o‘ldirishadi. Ulardan 173 nafari bolalar, 182 nafari ayollar, 60 nafari keksa yoshdagi erkaklar, 89 nafari 60 ga kirmagan erkaklar edi.

Amerikalik harbiylardan yashirinayotgan vetnamliklar \ Foto: alamy.com

Keyinchalik, hodisa guvohi bo‘lgan ayollardan biri qatliomni shunday eslagandi:

«O‘sha paytda men 33 yoshda edim. Amerikaliklar qishloq oralab yura boshlashganda barchamizni qurol o‘qtalib uydan chiqarishdi. So‘ng yig‘ilgan 100 nafar odamni tiz cho‘ktirib qo‘yib, ortdan ota boshlashdi. Men bolamga o‘q tegmasin deb uni bag‘rimga bosib, pana qilib turardim. Shu paytda yonimda turgan odamlar o‘q yeb ustimga ag‘darilishdi. Shu hola men bilan bag‘rimda turgan bolamni qutqarib qoldi. O‘sha yerda oilamizdan 11 kishi bor edi. Shundan men va bolam omon qoldik».

Hodisaning boshqa guvohi esa tirik qolganini shunday hikoya qilib bergandi:

«1968 yil 16 mart kuni bir necha guruh amerikalik harbiylar to‘satdan qishloqqa bostirib kelishdi. Bizni uydan chiqarib kanal tomonga haydab borishdi. O‘shanda umuman erkaklar yo‘q edi. Qishloqda faqat qariyalar, ayollar va bolalar qolgandi. Biz o‘ldirmasliklarini aytib yalinardik. Ular esa yelkamizga turtib tiz cho‘ktirishdi. So‘ng bir chekkadan otaverishdi. Shu yerda onam va bolalarim halok bo‘ldi. Erim qishloqda emasdi. Menga o‘q tegib jarohatlandim. Yiqilib tushar ekanman, tanamda issiq qon oqayotganini his qilardim. O‘shanda mo‘jiza tufayli tirik qolganman».

Bolalarini bag‘riga bosib turgan vetnamlik ayol \ Foto: alamy.com

Aybdorlarning jazolanishi

Amerikaliklar qishloq ahlini qatliom qilishgach, harbiylar qo‘mondonlikka «qishloqlardan birida dushman partizanlar yo‘q qilingani» haqida hisobot berishadi. Biroq juda shafqatsizlik bilan amalga oshirilgan qatliom haqida gaplar tarqaladi.

Hodisadan bir yil o‘tib 1969 yil mart oyida Vetnam urushida qatnashgan harbiylardan biri Ronald Raydenaur prezident Nikson va Pentagon rahbarlariga Songmidagi qatliom haqida yozib yuboradi.

Biroq Ronaldning maktubi ancha payt e’tibordan chetda qolib ketadi. Kunlarning birida Morissa Odella ism-sharifli kongressmen maktubni o‘qib qoladi va darhol hodisa yuzasidan surishtiruv o‘tkazish masalasini ko‘taradi.

Tinch aholining qatliom qilingani haqida xabar tarqalishi shusiz ham Vetnamda muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan Amerika uchun yomon holat edi. Shu sababli hodisani ommadan yashirishga qaror qilishadi.

Surishtiruvlarda qatliom tasdiqlanadi va harbiylarga vetnamlik tinch aholini qirib tashlashga ruxsat bergan Uilyam Kelliga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

1969 yil 12 noyabr kuni mustaqil jurnalist Seymur Xersh AQSh harbiylari Vetnamdagi qishloqda qatliom o‘tkazgani va leytenant Uilyam Kelliga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozib chiqadi.

Songmi aholisini qirib tashlashga buyruq bergan leytenant Uilyam Kelli

Shundan so‘ng AQShdagi barcha OAVlari qatliom haqida yoza boshlaydi va hodisadan butun dunyo xabar topadi. Ko‘p o‘tmasdan Vetnamdagi urushda harbiy muxbir sifatida qatnashgan Ronald Xeberli Songmidagi qatliom paytida suratga olgan tasvirlar matbuotda e’lon qilinadi.

Suratlarda amerikalik harbiylarning o‘qidan halok bo‘lgan vetnamlik ayollar, bolalar va qariyalar tasvirlangandi.

Vetnamdagi qatliom bo‘yicha surishtiruvni 4-piyodalar diviziyasi sobiq komandiri general-leytenant Uilyam Pirs boshchiligidagi komissiya o‘tkazadi. Pirs to‘rt oyda 400 nafardan oshiq harbiyni so‘roq qiladi.

So‘roq davomida amerikalik harbiylarning Vetnamda muttasil ravishda tinch aholini qirib tashlagani, ayollarni zo‘rlagani kabi ishlar oshkor bo‘ladi.

Avvaliga «Songmi ishi» bo‘yicha 80 nafar harbiy so‘roq qilinadi va ularning 25 nafariga ayblov e’lon qilinadi. Tergov tugagandan so‘ng olti nafar harbiy tribunalga topshiriladi. Ular orasida Songmida tinch aholini qirishga buyruq bergan leytenant Kelli ham bor edi.

Tribunalda Kelli o‘z ayblarini tan olmaydi va kapitan Ernest Medinaning topshirig‘ini bajarganini ma’lum qiladi. Kelli va uning sheriklari oqlanadi.

Biroq kapitan Medina Songmiga borganida qatliom ustidan chiqqanini va darhol o‘q otishni to‘xtatish haqida buyruq berganii, biroq ungacha harbiylar ko‘pchilikni o‘ldirib bo‘lganini ma’lum qiladi.

Shundan so‘ng kapitandan ayblov olib tashlanadi va leytenant Kelli qamoqqa olinadi. Sud leytenantni Songmidagi qatliomda aybdor deb topadi va umrbod qamoq jazosiga hukm qiladi.

Biroq ko‘p o‘tmay Kelli avvaliga uy qamog‘iga o‘tkaziladi. Keyin qamoq muddati bir necha marta qisqartiriladi. Oxir-oqibat leytenant Kelli 1974 yilda avf etiladi va uy qamog‘idan ham ozod qilinadi.

Kapitan Ernest Medina

Tompson va jamoasining taqdirlanishi

Songmida odamlarni qutqargan uchuvchi Xyu Tompson, bort mergani Lourens Kolber va maxsus mutaxassis Glenn Andreotta (bu uchalasi bitta vertolyotda xizmat qilishgan) keyinchalik tinch aholini qutqargani uchun mukofotlanishadi.

Kapitan Medidan aylov olib tashlanishida ham Xyu Tompsonning ko‘rsatmalari muhim rol o‘ynaydi. U kapitan harbiylarga tinch aholiga o‘q otishni emas, aksincha o‘q otishni to‘xtatish haqida buyruq berganini tasdiqlaydi.

Keyinchalik Tompson o‘z intervyularida Vetnamda odamlarni qutqargani haqida xabar topgan ayrim amerikaliklar o‘ziga turli tahdidlar qilishgani, uyiga turli narsalar uloqtirib ketishgani haqida aytgandi.

1998 yilda, hodisadan o‘ttiz yil o‘tib, uchuvchi Xyu Tompson, bort mergani Lourens Kolber va maxsus mutaxassis Glenn Andreotta AQSh armiyasining eng oliy mukofoti «Askar medali» medali bilan taqdirlanadi.

Mukofotni Tompson va Koberning o‘zi, 1968 yilda Vetnamda halok bo‘lgan Andreottaning yaqinlari qabul qilib oladi.

Songmida odamlarni qutqargan Xyu Tompson

AQShning mag‘lubiyati

1960-yillar oxiriga kelib Vetnam urushiga sarflanayotgan hisobsiz mablag‘lar AQSh iqtisodiyoti uchun katta zarar keltira boshlaydi.

1968 yil 5 noyabr kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida «Urushni sulh bilan tezroq tugatish» rejasini ilgari surgan Richard Nikson g‘alaba qozonadi. Shundan so‘ng Shimoliy Vetnamga sulh haqida taklif yuboriladi.

1969 yil iyulda AQSh harbiylarini Vetnamdan bosqichma-bosqich chiqarish ishlari boshlanadi. Biroq urush to‘xtamaydi va AQSh harbiylari jang qilishda davom etadi.

1972 yilda Shimoliy Vetnam armiyasi janubda bir nechta yirik jangda mag‘lub bo‘ladi. Bu muvaffaqiyatsizlik Shimoliy Vetnam rahbariyatiga AQSh taklif etgan tinchlik sulhi uchun muzokaralar boshlashga turtki bo‘ladi.

G‘alaba onlari, vetnamlik askar.

1973 yil 27 yanvar kuni tomonlar «Parij tinchlik kelishuvi»ni imzolashadi. Kelishuvga ko‘ra, AQSh 1973 yil yil 29 martgacha Janubiy Vetnamdan barcha harbiylarini olib chiqib ketishi kerak edi. Biroq bunday bo‘lmaydi va amerikaliklar yana ikki yil jang qilishadi.

1975 yil mart oyida shimolliklar Janubiy Vetnam poytaxti Saygon shahrini qo‘lga kiritadi. Shu tariqa urush Janubiy Vetnam armiyasi va AQShning mag‘lubiyati bilan tugaydi va amerikalik harbiylar Vetnamdan to‘liq chiqib ketadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid