Isroil Liviya tashqi ishlar vaziri bilan birinchi uchrashuv haqida e’lon qildi
Isroil Tashqi ishlar vazirligi Liviya Tashqi ishlar vazirligi rahbari bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazganini e’lon qildi. Tripolidagi hukumat uchrashuvni tasodifiy deb atadi, vazir ishdan bo‘shatilgan.
Isroil va Liviya tashqi ishlar vazirlari o‘tgan hafta Italiyada yashirincha uchrashdi va bu ikki davlat tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi ilk uchrashuv bo‘ldi, deb xabar berdi Isroil Tashqi ishlar vazirligi 27 avgust, yakshanba kuni. Tripolidagi hukumat muzokaralarni rad etib, uchrashuvni «tasodifiy» deb atamoqda.
Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen liviyalik hamkasbi Najla Mangush bilan «ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning katta salohiyatini» muhokama qilganini aytdi. Bundan tashqari, Koenning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Liviyaning sobiq yahudiy jamoasi merosini saqlab qolish muhimligi, Isroilning humanitar masalalarda, qishloq va suv xo‘jaligida ehtimoliy yordamini muhokama qilgan.
Liviya tashqi ishlar vaziri ishdan bo‘shatildi
Isroil tomonining bayonotidan so‘ng Tripolida joylashgan hukumat bosh vaziri Abdul Hamid Dbeyba tashqi ishlar vazirini lavozimidan chetlatib, ushbu masala bo‘yicha ma’muriy surishtiruv boshladi, deb xabar bermoqda Reuters.
Mamlakat tashqi ishlar vazirligi Mangush Isroil vakillari bilan uchrashishdan bosh tortgani va sodir bo‘lgan voqea «Italiya Tashqi ishlar vazirligiga tashrifi chog‘ida tayyorlanmagan, tasodifiy uchrashuv» ekanini bildirdi.
Liviya vazirligi bayonotida aytilishicha, kelishuv «hech qanday munozaralar, kelishuvlar yoki maslahatlashuvlarni» o‘z ichiga olmagan va Tashqi ishlar vazirligi Isroil bilan «munosabatlarni normallashtirishga to‘liq va mutlaq qarshiligini tasdiqlaydi».
AP: Uchrashuvga MRB rahbari vositachilik qildi
AP agentligining Liviya hukumatidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish birinchi marta yanvar oyida Liviyaga tashrif buyurgan Dbeyba va MRB direktori Uilyam Berns o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan. Berns Dbeyba hukumatini 2020 yilda AQSh vositachiligidagi «Ibrohim kelishuvlari» doirasida Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgan to‘rt arab davlati guruhiga qo‘shilishni taklif qildi, deb yozadi AP.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Liviya bosh vaziri dastlab rozilik bergan, biroq mamlakatdagi salbiy munosabatdan xavotir bildirgan. Liviya Isroil mustaqilligini tan olmaydi va davlatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emas.
Mavzuga oid
22:51
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024
Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi
10:31 / 21.11.2024