«Imkoniyatlar yutqazmaslik uchun yetarli, ammo g‘alaba qozonish uchun emas». Britan generali urushni yakunlash bo‘yicha uch ssenariy haqida
U Rossiya va Ukraina armiyalari ayni vaqtda qanday ustunlik va kamchiliklarga egaligi haqida to‘xtaldi.
General Richard Berrons 2013-2016 yillarda Buyuk Britaniya qurolli kuchlarining Birlashgan qo‘mondonligi (hozir – Strategik qo‘mondonlik) boshlig‘i bo‘lgan. U shuningdek, Afg‘oniston, Kosovo va Iroqdagi tinchlikparvar missiyalarda ishtirok etgan. BBC Ukraina xizmati muxbiri Ireni Taranyukka bergan intervyusida iste’fodagi zobit ukrain armiyasi va uning qarshi hujumi borasidagi fikrlarini bildirdi.
Britaniyalik generalning fikricha, 2014 yilda RF Qrimga bostirib kirganida Ukraina shimoliy qo‘shnisining keng ko‘lamli tajovuzining oldini olish uchun yetarlicha qurol olmagani tufayli G‘arbning siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchragan deyish mumkin.
«G‘arb harbiy yordamni juda kechikib yetkazib berishni boshladi», – deb hisoblaydi Berrons.
Ammo, 2022 yil fevralidan G‘arb Ukraina armiyasi uchun o‘z qurol va o‘q-dori zaxiralarini ishga solib, qat’iy va tezkorlik bilan harakat qila boshladi.
Ammo g‘arblik ittifoqchilar Ukraina qurolli kuchlariga yordamni «o‘sib boruvchi shkala bo‘yicha» ko‘rsatishga qaror qildi. Bu G‘arbdagilarning urush har qanday holatda ham Ukraina hududidan tashqariga chiqib, Rossiya va NATO o‘rtasidagi qarama-qarshilikka aylanishining oldini olish istagi bilan bog‘liq.
«Raketa tizimlari va qanotli raketalarni yetkazib berishni boshlashgacha qancha vaqt talab etilgani ham shundan guvohlik beradi, – deydi general. – Va shuning uchun hozirgi vaziyat yuzaga keldi – Ukraina rossiyaliklarning keyingi okkupatsiyasini to‘xtatish uchun yetarlicha texnika, o‘q-dorilar, tayyorgarlik va pulga ega bo‘lgan holatda. Bu [yordam ko‘rsatish] o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetganga o‘xshamoqda, Ukraina kuchlari esa jang maydonida kichik taktik g‘alabalarni qo‘lga kiritish bilan kifoyalandi».
Ekspertning prognoz qilishicha, Ukraina qurolli kuchlari hozirgi qarshi hujumda hal qiluvchi nuqtaga yetib bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
«Ammo ular qish kirgunigacha jang maydonida katta muvaffaqiyatlarga erishgan taqdirda ham, bu Rossiyani Ukrainadan haydab chiqarish uchun yetarli bo‘lmaydi. Ya’ni, hozirgi imkoniyatlar yutqazmaslik uchun, vaziyat yanada og‘irlashmasligi uchun yetarli – ammo g‘alaba qozonish uchun yetarli emas».
Berronsning qayd etishicha, hozirda g‘arb harbiy yordamning uchinchi bosqichiga yetib keldi. Bu «tanlash bosqichi»: G‘arb Ukrainaga qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam beradimi – uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash, o‘qitish va pul berishda davom etadimi – yoki yo‘q?
«Menimcha, bu kamida ikki yillik masala – Ukrainaga Rossiyani jang maydonida mag‘lub etish va o‘zining barcha hududlarini ozod etish imkoniyatini taqdim etish. Bu juda katta masala va unutmaslik kerakki, Rossiya ham xuddi shu narsa haqida o‘ylaydi, faqat teskari yo‘nalishda. Unga qayta qurollanish va yanada kuchliroq zarba berish maqsadida qaytishi uchun tanaffus berib bo‘ladimi? Shunday ekan, hozirda bu urush juda og‘ir bosqichiga yetib keldi».
Ukraina qurolli kuchlarining ustunlik va kamchiliklari
«Ukraina qurolli kuchlari mudofaada shunchaki fantastik daraja ko‘rsatdi», – deydi general Berrons.
«Ular hatto Ukrainaning o‘zida ham ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Ammo urushning birinchi bosqichidagi muvaffaqiyatlar, ko‘p jihatdan, son jihatdan ustun bo‘lgan, ammo sifat yetarli darajada bo‘lmagan Rossiya qurolli kuchlarining tizimli muvaffaqiyatsizligi va layoqatsizligi bilan bog‘liq edi. Hozir esa biz boshqa bosqichdamiz, endi Ukraina jang maydonida tashabbusni qo‘lga olgan bosqichda».
Ukraina armiyasi qisman NATO texnikalari va g‘arb mamlakatlaridagi tayyorgarlik evaziga oldinga siljimoqda. Ammo yarim yil oldin ham bu ukrain askarlari hali professional harbiylar emasdi.
«Endi esa ulardan eng og‘ir ish – dushmanning yaxshi mustahkamlangan, yaxshi tayyorlangan va himoyalangan pozitsiyalariga hujum qilish talab etilmoqda. Va ular buni biz bahorda tasavvur qilgan katta ustunlikka ega kuchlar bilan emas, yaxshi tayyorlangan, ammo dozalangan kuchlar bilan qilishmoqda».
Richard Berronsning hisoblashicha, agar Ukraina qurolli kuchlariga «ko‘proq vaqt, ko‘proq texnika, ko‘proq mablag‘ va o‘q-dorilar berilsa», ular rossiyaliklarni jang maydonida yengishi mumkin.
Britaniyalik zobit Ukraina qurolli kuchlarining topqirligini, xususan, ular tijorat dronlarini qanday qilib jangovar zaruratlar uchun moslashgani, internet va sun’iy intellektdan qanday foydalanishayotganini qayd etgan.
Rossiya armiyasining ustunlik va kamchiliklari
Richard Berrons Rossiya harbiy qo‘mondonlari urush boshidagi dahshatli xatolardan xulosa chiqarganiga amin.
«Ular juda ko‘p resurslarni sarfladi, ko‘plab yosh askarlari hayotini qurbon qildi, ammo nimanidir o‘rganishdi».
Buni, birinchidan, ular ming kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilgan frontda namunali mudofaa chizig‘ini tashkil etishganida ko‘rish mumkin.
Bu chiziq minalangan keng maydonlar va uch qatorli xandaqlardan iborat, ayrim uchastkalarda yaxshi muvofiqlashtirilgan qarshi hujumlar tashkil etilgan. Shuningdek, Rossiya artilleriyachilari endi oldingi kabi ochiq maydonda turib, Ukraina qurolli kuchlarining uzoq masofaga yuqori aniqlikdagi zarbalari uchun statsionar nishonga aylanmaslikni o‘rgangan. Kreml mudofaa sanoatini ham safarbar qilgan.
«Shunday qilib, Ukraina dushmani sifatida Rossiya qarshisida dilemma paydo bo‘ladi: yoki tishni tishga bosgan holda Ukrainaning egallangan hududlarining imkon qadar ko‘proq qismini o‘zida saqlab qolish va shu bilan birgalikda bo‘lajak yurish uchun kuchlarni tiklash - bu juda yoqimsiz, ammo eng ehtimolli ssenariy, – deydi Berrons. - Yoki Rossiyada jang qilishni davom ettirish istagi tugaydi».
«Mening baholarimga ko‘ra, Rossiya, ya’ni Rossiya rahbariyati bu urushni to‘xtatish haqida o‘ylayotgani ham yo‘q. Nafaqat Ukraina, balki uni qo‘llayotgan G‘arb ham shundan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak».
Urushni yakunlash variantlari
General Berronsga ko‘ra, Rossiya-Ukraina urushini yakunlashning uchta muqobil varianti mavjud. U qaysi yo‘ldan borishni ukrain xalqi hal etishini ta’kidlagan.
Birinchi variant – Ukraina kurashni davom ettirishni to‘xtatishi. Buning sababi rossiyaliklarni okkupatsiya qilingan barcha hududlardan haydab chiqarish imkonsizligi yoki bu juda ko‘p kuch, qon va mablag‘ talab etishi bo‘ladi.
«Mening fikrimcha, bu shunchaki dahshatli qaror bo‘lgan bo‘lardi va men Ukraina bunga borishiga ishonmayman».
Boshqa yo‘li – bu harbiy harakatlarni hozir to‘xtatish. Tinchlik sulhi emas, vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilib, harbiy yo‘l bilan jang maydonida hal qiluvchi g‘alabaga erishishning imkoni yo‘qligini tan olish.
«Ya’ni bu mag‘lubiyat yoki yo‘qotishni tan olish emas, balki statusa-kvoni qabul qilish va qurolli mojaroni to‘xtatishdir. Afsuski, ikki tomon ham tanaffusdan kuchlarni to‘plash va qayta qurollanish uchun foydalanadi, urush esa kelgusida yanada ko‘p o‘lim va vayrongarchiliklar bilan qaytadan boshlanadi, bu vaqtda esa qolganlar noaniqlik sharoitida yashaydi».
Uchinchi yo‘l qator qadamlardan iborat bo‘lib, ulardan asosiysi – Ukrainadan aniq grafikka rioya etishni talab qilishni bas qilishdir. Ya’ni g‘arb yordamini to‘xtatish bilan tahdid qilib, jang maydonida tezkor natijalarga erishishni talab qilmaslik.
«Kuchlar yetarli bo‘lmaganida, g‘alaba qozonishga urinish qimmatga tushadi, Ukraina Rossiyaning kuchli mudofaasini shturm qilishga urinib, o‘z kuchlarini holdan toydiradi va qo‘lga kiritganini ham yo‘qotishi mumkin», – deydi Berrons.
Agar bunday bosim olib tashlansa, «to‘xtash va o‘ylab olish» mumkin bo‘ladi. Ukraina qurolli kuchlari vazifalarni bajarish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lganida, front chizig‘ida rossiyaliklarga muntazam ravishda bosim qilishi, qish mobaynida ham ularning kuchlarini asta-sekinlik bilan holdan toydirishda davom etishi kerak.
Shu bilan bir vaqtda keyingi yil yoki undan keyingi yil jang maydonida ishonchli g‘alabaga erishishi uchun Ukrainaning harbiy qudrati g‘arb yordamida rivojlantirib borilishi zarur bo‘ladi.
«Chunki agar kuchingizni oshirib, bu borada raqibdan ustun bo‘lsangiz, g‘alaba tezroq bo‘ladi, yo‘qotishlar esa – kamroq».
«Shu bilan bir vaqtda, Rossiyaning qat’iyati va jangovar salohiyati Qora dengiz flotiga hujumlar, Rossiya jamoatchiligi fikriga ta’sir qilish orqali yanada zaiflashtirilishi kerak – shuning uchun bundan keyin ham Moskvaga dronlar orqali hujumlar qilish harbiy bo‘lmasa ham, katta ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi», – deydi Berrons.
Bu ssenariyning o‘ziga xosligi shundaki, u ukrain xalqidan uzoq va og‘ir davom etuvchi urushga tayyor bo‘lishni talab qiladi.
Va buning uchun G‘arbning barqaror qo‘llab-quvvatlovi ham kerak.
General Berrons bu yiliga taxminan 100 mlrd dollarga aylanishini aytadi – «G‘arb iqtisodiyoti uchun mutlaqo imkon doirasidagi summa».
Berrons urush yaqin vaqtlar ichida yakunlanmasligini prognoz qilgan. U buning uchun hech qanday sharoit ko‘rmayapti.
«Hozir tushunarli bo‘lgan yagona narsa shundaki – bu urush hali tugamaydi. Ikki tomon ham jangni davom ettirishga ahd qilgan, G‘arb esa Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlash majburiyatini olgan».
Mavzuga oid
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024