Ukraina TIV Rim papasining Rossiya haqidagi bayonotini tanqid qildi
Rossiyadagi yoshlar bilan muloqotda pontifik Rossiya tarixi va uning buyukligini bildiruvchi bayonotlar berdi, deya ma’lum qildi Ukraina TIV spikeri. Rim papasi Fransiskka tegishli ekani aytilayotgan so‘zlar uning nutqi matnida yo‘q.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Rim papasi Fransiskning Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan katolik yoshlarning 10-umumrossiya yig‘ilishidagi bayonotlariga tanqidiy munosabat bildirdi. «Aslida Rossiyaning surunkali tajovuzkorligiga sabab bo‘lgan buyuk davlat g‘oyalari ongli yoki ongsiz ravishda Rim papasining og‘zidan chiqqani juda achinarli», dedi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oleg Nikolenko 28 avgust, dushanba kuni pontifikning Rossiyadagi yoshlar bilan video-aloqa orqali suhbatini izohlab. Vatikanning vazifasi, Kiyevga ko‘ra, qo‘shni davlatga qarshi urush boshlagan Rossiya amaldagi «buzg‘unchi yo‘liga yoshlarning ko‘zini ochish», deya qo‘shimcha qildi Nikolenko.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi spikeri Kiyevni g‘azablantirgan iqtibosni keltirdi: «Hech qachon merosni unutmang. Sizlar buyuk Rossiyaning avlodlarisiz: avliyolar, hukmdorlarning buyuk Rossiyasi, Pyotr I, Yekaterina II, o‘sha imperiya – buyuk, ma’rifatli, madaniyatli, bu merosdan hech qachon voz kechmang, sizlar buyuk Rossiyaning avlodlarisiz, oldinga qarab davom eting».
Fransiskning rossiyalik yoshlarga murojaati matni Rim papasi saytida e’lon qilingan. Hujjatda Kiyev pontifikka tegishli ekanini aytgan bayonotlar yo‘q. Biroq, ularni Rossiya katolik yepiskoplari konferensiyasi veb-saytida chop etilgan voqea haqidagi xabardan topish mumkin.
UYuKCh Vatikandan tushuntirish kutmoqda
Ayni paytda, Ukraina yunon-katolik cherkovi (UYuKCh) pontifikning «niyatlari, konteksti va bayonotlari bilan bog‘liq har qanday manipulyatsiyalarga» yo‘l qo‘ymaslik uchun Rim papasidan vaziyat bo‘yicha tushuntirishni kutmoqda. «Umid qilamizki, uning bu so‘zlari tarixiy baho berishga urinishlarsiz, Rossiyaning imperialistik ambitsiyalarini qo‘llab-quvvatlamaydi», dedi UYuKCh rahbari Svyatoslav (Shevchuk). «Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari kontekstida bunday bayonotlar tajovuzkor mamlakatning yangi mustamlakachilik ambitsiyalarini ruhlantiradi», deya ta’kidlab o‘tdi u.
25 avgust kuni Rim papasi Rossiyadagi yoshlar bilan video-aloqa orqali suhbatlashdi, shu bilan birga, yigit-qizlarning savollari, jumladan, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq bo‘ldi. Avvalroq Rim-katolik cherkovi rahbari tinchlikparvarlik missiyasi tashabbusi bilan chiqqandi, uning doirasida Vatikan maxsus vakili kardinal Matteo Dzuppi Ukraina, Rossiya va AQShda diplomatik muzokaralar o‘tkazdi. Yaqin orada kardinal Dzuppi Xitoyga boradi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024