O‘zbekiston | 17:33 / 30.08.2023
7708
4 daqiqa o‘qiladi

18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning muzeylarga bepul kirish tartibi haqida ma’lumot berildi 

O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning belgilangan ma’lum kunlar davomida madaniy meros inshootlari, jumladan ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirish tartibi joriy qilinmoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati rahbari Mohinur Imomova bugun, 30 avgust kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Foto: Xalq so'zi

“Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 78-moddasiga asosan, respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros inshootlariga, jumladan ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirish tartibi joriy etilmoqda.

 Ushbu amaliyot:

–       obektlar ixtisosligiga mos holda tegishli o‘quv fanlari mavzulariga oid mashg‘ulotlarni tashkil etish hamda o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash;

–       obektlarda o‘tkaziladigan milliy bayram, qadriyat hamda buyuk siymolar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kechalarda tashrif buyuruvchilarning ishtirok etishi;

–       ko‘rgazma va ekspozitsiyalarni tomosha qilish va bu orqali yosh sayyohlarning dam olishini mazmunli tashkil etish, ularda tarixiy o‘tmishga nisbatan hurmat va ehtirom hamda an’anaviy qadriyatlarni e’zozlash his-tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Hujjatga asosan, respublika fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar:

–       har yilning 2–8 sentabr kunlari o‘tkaziladigan “Muzeylar haftaligi” doirasida;

–       har oyning birinchi yakshanbasi uyushtiriladigan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida;

–      hamda haftaning har seshanba va juma kunlari

madaniyat muassasalariga bepul kiritiladi. 

Bunda tashrif buyuruvchi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tegishli obektlar kassasiga tavallud sanalarini tasdiqlovchi pasport yoki ID-kartalarini taqdim etishlari lozim.

18 yoshgacha bo‘lgan yosh san’at ixlosmandlari madaniyat o‘choqlariga guruh bo‘lib yoki yakka tartibda tashrif buyurishlari mumkin. 

Shuningdek, tashrif buyuruvchilar guruhining obektlarga bepul kiritilishi tegishli ta’lim va tarbiya muassasasi yoki ularni guruhlarga jamlagan tashkilot rahbariyati hamda obektlar hamkorligida ishlab chiqilgan reja-jadval asosida ham amalga oshiriladi. Bunda ta’lim yoki tarbiya muassasasi yoki ularni guruhlarga to‘plagan tashkilot rahbariyati oldindan obektlarga tashrif buyuruvchilarning tarkibi, bolalar guruhlariga hamrohlik qiluvchi mas’ul shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni obektlar ma’muriyatiga kamida 3 kun oldin yozma ravishda taqdim etishi talab etiladi. Yosh sayohatchilar guruhlariga hamrohlik qiluvchi ikki nafargacha mas’ul shaxsga obektlarga bepul kirishiga ruxsat beriladi. 

Obektlarga bepul kiritilgan tashrifchilarga xizmat ko‘rsatish, jumladan, ekskursiya xizmati tashrif buyuruvchilar uchun belgilangan umumiy tartibda amalga oshiriladi”, – dedi Imomova. 

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining «Muzeylar to‘g‘risida»gi qonuni»da har yilning 2–8 sentabr kunlari davlat muzeylarida «Muzeylar haftaligi» o‘tkazib kelinadi. Mazkur haftalik doirasida aholi davlat muzeylariga bepul kiritiladi.

Joriy yildagi haftalik davomida barcha davlat muzeylarida turli ko‘ngilochar va ma’rifiy tadbirlar, xususan, “O‘zbekiston Qahramonlari yurt iftixorlari”, “Qatag‘on qurbonlari vatan fidoyilari”, “Mustaqillik – millatning qutlug‘ bayrami” kabi shiorlar ostida badiiy ko‘rgazmalar, tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslari, 2023 yil davomida nashr etilgan albom-katalog va boshqa ilmiy nashrlar taqdimoti, taniqli yozuvchi, shoir va ijodkorlar bilan davra suhbatlari, folklor va havaskor jamoalarning musiqiy chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna namoyishlari tashkil etiladi.

Mavzuga oid