Markaziy Rossiya bo‘ylab dronlarning keng ko‘lamli hujumi. Bu haqda nimalar ma’lum?
Rossiyaning Markaziy federal okrugidagi olti region hamda anneksiya qilingan Qrimdagi Sevastopol shahri jangovar dronlar hujumiga yo‘liqdi. Eng asosiy zarbalar Pskov aeroportiga to‘g‘ri keldi.
Bu urush boshlanganidan buyon birinchi marta Rossiyaning bir necha hududlariga deyarli bir vaqtda dronlarning yoppasiga hujum qilishi bo‘ldi. Hujumlarda ishtirok etgan dronlar soni hozircha aniq emas. Yetkazilgan zarar ko‘lami aniqlashtirilmoqda, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmagan.
Pskov
Pskov aeroportiga dronlar hujum qilishi oqibatida Il-76 harbiy-transport samolyotlari yonib ketgan, deb xabar beradi FVV. TASS agentligi ma’lumotiga ko‘ra, to‘rtta samolyotga shikast yetkazilgan.
Aeroport kun davomida fuqarolik reyslariga xizmat ko‘rsatmaydi. Rosaviatsiya xabariga ko‘ra, parvozlarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi aeroport tizimlari shtat rejimida ishlamoqda.
Pskov aeroporti hududida davomli portlashlar ro‘y bergani haqida chorshanbaga o‘tar kechasi xabarlar kela boshladi. Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hudud usti yorishib ketgani aks etgan video ham tarqaldi.
Ayrim xabarlarga ko‘ra, uchuvchisiz uchar qurilmalardan biri aeroport hududidagi yonilg‘i quyish kompelksiga kelib urilgan va yong‘in shul’asi uzoqlardan ham ko‘ringan.
«Allaqachon kamida beshta kuchli portlashlar bo‘ldi… Vokzal hududi to‘liq va Krest mikrorayoni (Pskov aeroporti hududi) olov va tutun ichida qoldi, yong‘in juda kuchli», — deya yozgan «Pskovskaya guberniya» telegram-kanali.
«Shahardagilarning barchasi portlashni eslatuvchi o‘nlab ovozlarni eshitishgan, aeroport tomonga ketayotgan o‘t o‘chiruvchilar va politsiyachilarning mashinalarini ko‘rishgan», — degan pskovliklardan biri BBC bilan suhbatda.
Mahalliy manbalar portlashlardan tashqari aeroport hududidan miltiqlardan uzilgan o‘qlar ovozlari ham eshitilganini yozgan — taxminlarga ko‘ra, dronlarni shu yo‘l bilan urib tushirishga urinishgan.
«Pskovskaya guberniya»ga ko‘ra, hujumda kamida 10 ta dron ishtirok etgan.
Pskov aeroportida fuqarolik reyslariga ham, harbiy samolyotlarga ham xizmat ko‘rsatiladi. Ochiq manbalarga ko‘ra, harbiy aerodrom qismida Rossiya armiyasi 334-harbiy-transport aviapolki joylashtirilgan.
Pskovdan Ukraina bilan chegaragacha masofa (Belarus orqali hisoblaganda) – taxminan 700 kilometr chiqadi. Hukumatparast telegram-kanallar dronlar Estoniya tomondan uchib kelganini taxmin qilgan, ammo bu ma’lumotni tasdiqlovchi biror dalil yo‘q.
Bryansk, Ryazan, Kaluga va Orlov oblastlari
Biroz vaqt o‘tib Rossiya mudofaa vazirligi Bryansk oblasti hududida ukrainlarning uchta droni havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi.
Bryansk aholisi vakillari mahalliy telegram-kanallarda shahar hududida kamida ikki bor portlash ro‘y bergani haqida xabar qilgan.
«Endi uxlamoqchi edim, shunchalik kuchli portladiki, parda tushib ketdi va devorlar titradi», — deya yozgan mahalliy aholi vakillaridan biri.
Ayrim manbalarga ko‘ra, dronlar «Drujba» neft bazasiga hujum qilishga uringan.
Boshqa bir versiyaga ko‘ra, Cherexin harbiy bazasiga zarba yo‘llangan bo‘lishi mumkin, bu yerda 2022 yil bahorida Buchani okkupatsiya qilishda ishtirok etgan 104-desant-shturm polki joylashtirilgan.
Mahalliy pabliklar yozishicha, uchuvchisiz uchar qurilmalardan biri «Kremniy EL» zavodiga qulagan — u Rossiyaning eng yirik mikroelektronika korxonalari sirasiga kiradi. Natijada bu yerda kichik yong‘in chiqqan, olovni ikki soat ichida o‘chirishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hududda vayrongarchiliklar qayd etilgan, voqea joyiga tez yordam va FVV xodimlari yetib kelgan.
Tongda Bryansk ma’muriyati Tergov qo‘mitasi hududiy boshqarmasi binosida «portlash» ro‘y bergani haqida xabar qilgandi, ammo keyinroq bu post o‘chirib yuborilgan.
«Bugun Bryansk ustida uchta uchuvchisi uchish apparati urib tushirildi. Ulardan birining urib tushirilishi oqibatida Tergov qo‘mitasining Bryansk oblasti bo‘yicha boshqarmasi binosining derazalari sinib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q», — deyilgan yangi bayonotda.
Shahar ma’muriyati chorshanba kuni mahalliy aholidan dronlar hujumiga uchragan obektlar manzillarini e’lon qilmaslikni so‘radi.
Gubernator Aleksandr Bogomaz yana ikki dron teleminoraga hujum qilishga uringanida urib tushirilganini ma’lum qildi. Uning telegram-kanalidagi xabarlardan bilish mumkinki, hududga hujum qilgan dronlar soni oltitani tashkil etgan.
Bundan tashqari, hududiy rasmiylar va mudofaa vazirligi Orlov, Kaluga va Ryazan oblastlarida dronlar urib tushirilgani haqida xabarlar bergan. Hujumlarda ishtirok etgan dronlar soni bo‘yicha ma’lumotlar gubernatorlar va vazirlik xabarlarida turlicha keltirilgan.
Anneksiya qilingan Qrimda joylashgan Sevastopol gubernatori ham Sevastopol buxtasi hududida dengizdan kelgan dronlar hujumi qaytarilgani haqida xabar bergan, mahalliy aholi vakillari bu joylardagi portlashlar haqida guvohlik berishgan.
Moskva va Tula oblastlari
Pskovdagi aeroportga hujum va Bryansk ustidagi portlashlardan keyinoq Rossiya hukumati Tula va Moskva oblastlarida havo kengliklarini ma’lum muddatga yopib qo‘ydi.
Tun davomida bu yerlarda ikki bor «Kover» rejimi joriy etildi, bu rejim osmonda istalmagan uchar obektlar payqalganida yoki shunday obektlar paydo bo‘lishi xavfi yuzaga kelganida e’lon qilinadi.
Shuningdek Moskvadagi Vnukovo va Domodedovo aeroportlari ham ma’lum vaqtga yopib qo‘yilgan.
Bundan tashqari, erta tongda Moskva oblastining Ruzsk rayonida dron to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi.
«Bugun tunda markaziy federal okrugda dronlarning yoppasiga hujumi kuzatildi. Moskva tomon yo‘l olgan dronlardan biri Ruzsk rayonida havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan yo‘q qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar va vayrongarchiliklar yo‘q», — degan Moskva meri Sergey Sobyanin.
Mavzuga oid
20:12
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024