Jahon | 21:39 / 30.08.2023
28726
17 daqiqa o‘qiladi

Ukraina strategiyasi ish beryaptimi? - g‘arb tahlilchilarining so‘nggi prognozlari

Front istalgan joyda to‘kilishi mumkin. Ukrainadagi so‘nggi voqealar mamlakat qurolli kuchlari sekinlik bilan bo‘lsa-da, janubiy frontda ilgarilayotganidan dalolat bermoqda. Kiyev shu hafta ichida Zaporijjya oblastining Rabotine qishlog‘i ozod etilganini e’lon qildi.

Ukrainaning janubiy frontida. Foto: Volodimir Zelenskiyning telegram kanali

Bu Ukrainaning yozgi qarshi hujumi natijasida egallangan 12-qishloq, avgust oyida qaytarilgan ikkinchi qishloq bo‘lib turibdi. Rossiya qo‘mondonligi paydo bo‘layotgan sharoitlarda elitali desant qo‘shinlarini Zaporijjya va Donetsk oblasti chegaralaridagi kritik uchastkalarni himoya qilish uchun tashlashga majbur bo‘lmoqda va buning uchun boshqa yo‘nalishdagi pozitsiyalari ojizlashib qolmoqda, deb qayd etmoqda g‘arblik ekspertlar.

Ulardan ayrimlari alaloqibat istalgan joyda Rossiya mudofaasi yorib o‘tilishi mumkin, deb hisoblashmoqda, biroq rossiyaliklar uzoq vaqt mudofaaga tayyorgarlik ko‘rgani uchun avvalgidek Ukraina QKning qarshi hujumining davom etishi aslo yengil bo‘lishini hech kim kutayotgani yo‘q.

Rossiya Ukraina janubiga elita qo‘shinlarni jo‘natmoqda

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) o‘z kunlik hisobotida Luhansk oblastining Kreminna rayonida RF QK pozitsiyalarini mustahkamlash uchun va Zaporijjya oblastidagi Rabotine qishlog‘ida Ukraina QK siquvini qaytarish uchun havo-desant qo‘shinlarining 76-gvardiyachi desant shturm brigadasi tashlangani haqida xabar berdi. Mualliflar qayd etishicha, bu diviziya «strategik zaxira» toifasiga mansub bo‘lib, bu yo‘nalishda vaziyat jiddiyligidan dalolat beradi.

Bu haqda dengiz piyodalari sobiq ofitseri, Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti (FPRI) katta ilmiy xodimi Rob Li ham ta’kidlamoqda. Uning qayd etishicha, 76-diviziya RF qurolli kuchlari safida eng yaxshilaridan biri va nisbatan «yangi». «Ukraina janubidagi Rossiya kuchlari katta bosim ostida, shuning uchun RF QK u yerda o‘z zaxiralaridan foydalanmoqda. RF QK havo-desant qo‘shinlarining qolgan qismlari bu yoqda Baxmutda jang qilishmoqda», — deb yozgan Li ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.

Rossiya qo‘mondonlarida boshqa iloj ham qolmagan, chunki Ukraina QK o‘z bosh maqsadi bo‘lmish Melitopol shahriga olib chiquvchi yo‘nalishda Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasida joylashgan Urojayne, Rabotine va yana o‘nga yaqin qishloqlarni egallagan. Melitopol egallanishi Qrimga quruqlikdan yo‘lni kesib qo‘yish imkonini beradi. ISW’dagilar aytishicha, Rossiya havo-desant qo‘shinlarining (HDQ) amalda barcha bo‘linmalari ukrainlar qarshi hujum olib borayotgan hududlarda harakat qilmoqda. Avvalroq RF QK 7-gvardiyachi tog‘ o‘qchi diviziyasini Xerson oblastidan Zaporijjya oblasti sharqida va g‘arbida Rossiya mudofaasiga ko‘mak berish uchun ko‘chirishgan, Luhansk oblastidagi HDQ kuchlari Donetsk oblastidagi Baxmut shahri qanotlarini yopish uchun safarbar qilingan edi. Bularning barchasi elita bo‘linmalaridan front chizig‘ining kritik muhim uchastkalarini mustahkamlash uchun foydalanilayotganidan dalolat beradi.

«Rossiya harbiy qo‘mondonligi HDQ bo‘linmalaridan ham hujum, ham himoya operatsiyalarida paydar-pay foydalanib turgan, yuqori operativ sur’at tufayli ular charchagan bo‘lishi ham mumkin. Bu kuchlar degradatsiyasi Rossiyaning murakkab mudofaa operatsiyalarini o‘tkazish qobiliyatini susaytirish ehtimoli katta, shuningdek, Rossiyani keng miqyosli qarshi hujum uyushtirish niyatidan qaytarishi mumkin, chunki bunday operatsiyalar asosan elitali piyodalarga asoslangan bo‘ladi va bunday bo‘linmalar Rossiyaga hozircha yetishmayapti», — deb yozadi ISW.

Rossiya armiyasida zaxira tugab borayotgani belgilari avgust oyi boshlaridayoq ayon bo‘lgan edi. ISW baholariga ko‘ra, RF Bosh shtabi kuchlarni front ortidagi zaxiradan tortib kelish o‘rniga, front chizig‘i bo‘ylab tashlashga majbur bo‘lmoqda.

Tomas Tayner — italiyalik sobiq harbiy, NATO qurolli kuchlari bo‘yicha ekspert sobiq SSSR hududlaridagi mojarolarni ochiq manbalaridan o‘rganib, tahlil qilib keladi. Uning qayd etishicha, Rossiya hozircha o‘z qo‘shinlarini janubiy front markaziga tashlar ekan, o‘z o‘zidan qolgan joydagi pozitsiyalarini kuchsizlantirmoqda. Bu Rossiya mudofaasida zaif nuqtalar paydo qiladi, ukrainlar buni sezib qolgani hamono undan albatta foydalanishadi, deb ishonch bilan ta’kidlaydi u. Ekspert fikricha, alaloqibat ukrainlar hech kim kutmagan joydan frontni yiqitishi mumkin.

«Ukrainaning strategiyasi ish bermoqda. Ukraina QK hozircha janubiy frontning qoq markazida g‘arb sovg‘a qilgan kuchli artilleriya va yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar vositasida Rossiya qo‘shinlarini yo‘q qilish bilan band. Ruslar esa hozircha «xavfsiz» deb bilgan joylardan kuchlarni bu «go‘shtqiymalagich»ga tortib kelishmoqda. Shuning uchun men so‘nggi ikki oy ichida kuzatayotgan joyda Ukrainaning bosh qarshi hujumi ro‘y bermaydi, degan fikrdaman. Janubiy frontning markazida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlayotgan ruslar bor, boshqa joylarda esa ularning pozitsiyalari ziaflashib bormoqda. Ukrainaliklar o‘z ortlarida yorib o‘tish uchun foydalaniladigan brigadalar qoldirishgan», — deb yozadi Tayner Twitter’da.

Uning qayd etishicha, Ukraina qo‘shinlari frontning keng chizig‘ida o‘z bo‘linmalarini shoshilinch qayta dislokatsiya qilishga majbur bo‘layotgan raqib qarshiligiga tobora kamroq duchor bo‘lmoqda. Taynerning yozishicha, Rossiyaning o‘zi «ukrainaliklarga o‘z mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish uchun sekin-asta va aniq imkoniyat taqdim etmoqda va bu qachon ro‘y berishi masalasi qolgan». Tahlilchi bu holatda Ukraina hamon yangi g‘arb texnikasi va o‘q-dorilariga, jumladan, urushda g‘alaba uchun zarur hisoblanuvchi uzoq masofadagi nishonlarni ura oluvchi raketalarga muhtoj ekanini qo‘shimcha qilgan.

Ukraina artilleriyachilari frontning old chizig‘ida. Foto: Volodimir Zelenskiyning Telegram kanali.

ISW’dagilar ta’kidlashicha, Ukraina QK janubiy frontda Rossiyaning ikkinchi mudofaa istehkomiga yaqinlashishiga bir necha kilometr qolgan va u birinchisidan kuchsizroq bo‘lib chiqishi mumkin. Ekspertlar bunday taxmin bildirishiga sabab, yangi marralarni himoyalash uchun RF QKning allaqachon janglarda charchagan qismlari chekiga tushadi, mudofaalanayotgan tomonda aytarli zaxiralar ko‘zga tashlanmayapti. Rabotinedan so‘ng Ukraina qo‘shinlari Novoprokopivka va Verbove yo‘nalishida ilgarilamoqda, bir vaqtning o‘zida Baxmutda jang olib bormoqda va Donetsk oblastining Kupyansk shahri ostonasida RF QK hujumlarini bartaraf qilib turibdi.

Finlandiyalik harbiy tahlilchi Emil Kastelmining sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan fotosuratlarga tayanib yozishicha, Ukraina QK birinchi navbatda Rabotinedan janubroqdagi, Tokmak shahri yo‘nalishidagi Novoprokopivkaga tomon ketmoqda, uning ozod etilishi Melitopolga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l ochadi. Ukrainalik askarlarni barcha joylarda keng mina maydonlari va o‘t ochish nuqtalariga ega jiddiy istehkomlar kutmoqda.

«Bu vaqtga kelib hosil bo‘lgan taassurotlarga ko‘ra, Ukraina bu kuchli himoyalangan pozitsiyalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmoqchi emas. Buning o‘rniga ular Novoprokopivka qishlog‘ini qurshab olib, Rabotinedan janubdagi pozitsiyalar va ruslarning bosh mudofaa chizig‘i o‘rtasida mustahkam o‘rnashib olmoqchi. Ukrainlarda ikkita yaqin yo‘nalish bor: o‘zlari uchun (Novoprokopivkadan janubroqdagi) RF QKning yanada og‘ir va asosiy mudofaa istehkomlari joylashgan Sladka Balkaga yo‘nalish ochish, yoki Verbovedagi bosh mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish. Verbovedan g‘arb tomondagi asosiy mudofaa chizig‘i yomonroq holatda ekani ehtimoli katta», — deya mulohaza qilgan ekspert o‘z tredlaridan birida.

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti xodimi Jorj Barros ham shunday fikrda. Tahlilchi Rabotine va Verbove yaqinidagi tanklarga qarshi chohlar va «ajdaho tishlari» (piramidasimon beton to‘siqlar) o‘rtasida uzilishlar ko‘zga tashlangan sun’iy yo‘ldosh suratlarini e’lon qilgan. Bu Ukraina QK rossiyaliklarning ikkinchi mudofaa chizig‘idagi pozitsiyasini o‘tga tutayotganidan dalolat berishi mumkin. Harbiy tahlilchi Kayl Glen ham shunga o‘xshash ma’lumotlarni keltirib, Tokmak yo‘nalishidagi Rossiya pozitsiyalarida kosmosdan yong‘in o‘choqlari ko‘rinib turgani, bu esa Ukraina QKning bu yo‘nalishda harakatlanishi asnosida qaqshatkich janglar bo‘layotganidan dalolat berishini ta’kidlaydi.

Ukraina armiyasi ham strategik zaxiralarini jangga tashlamoqda

Ukraina QK ham zaxiralaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Avgust oyi o‘rtalarida harbiy blogerlar Ukraina Bosh shtabi Zaporijjyadagi old chiziqqa «Marun» guruhini jo‘natganini xabar berishgan edi. Ular g‘arb texnikasi bilan qurollangan, g‘arbda tayyorgarlik ko‘rib, aslahalar bilan ta’minlangan bir necha ming yangi harbiylardir. Ekspertlar qayd etishicha, bunday brigadalar ikkinchi eshelonda borib, Rossiya armiyasining asosiy mudofaa chizig‘i yorib o‘tilganidan so‘ng muvaffaqiyatni kuchaytirishi lozim bo‘lgan. Buning o‘rniga ularning o‘zidan yorib o‘tuvchi kuch sifatida foydalaniladi.

Jangga strategik zaxiralar qo‘shilayotganini Amerika matbuoti ham tasdiqlagan. Forbes jurnali sharhlovchisi Devid Eksning aniqlik kiritishicha, Ukraina QK qo‘mondonligi Rabotine hududiga so‘nggi yirik zaxira bo‘linmalaridan soni 2 ming askardan ziyod bo‘lgan 82-desant shturm brigadasini tashlagan, ular Britaniyaning Challenger tanklari, Marder va Stryker piyodalar zirhli mashinalari bilan qurollangan. Bungacha frontga zaxiradan qudratli 46-brigada ham tashlangan edi.

Bu bir vaqtning o‘zida Kiyev uchun ham yaxshi, ham yomon yangilik, deyishmoqda tahlilchilar. Bir tomondan, yangi kuchlar bilan Ukraina qo‘shinlari nihoyat Rossiyaning eshelonlangan mudofaasini yorib o‘tib, Melitopol tomon siljishi, Qrimga «quruqlikdan yo‘l»ni kesib qo‘yishi mumkin. Biroq bo‘linmalar dam olish, shaxsiy tarkibni to‘ldirish va ta’mirlash ishlari uchun chekinganida, ularning o‘rnini to‘ldirishga qodir yangi qismlar topilmay qolishi ham mumkin, shunda qarshi hujum yana depsinib qoladi.

Devid Eksning eslatishicha, Ukraina QKda hali Territorial mudofaa va Milliy gvardiyaning hali foydalanilmagan brigadalari ham bor, biroq ularga samarali harakatni ta’minlovchi o‘t ochish quvvatlari va tayyorgarlik yetishmaydi. Agar RF QK Rabotine hududida Ukraina harbiy qudratining kuchli, lekin vaqtincha yorqinligini qaytarib, o‘z pozitsiyalarini ushlab turolsa, brigadalar biroz chekinishi hamono ular alaloqibat ukrainaliklarga qayta zarba berishlari mumkin, deya qo‘shimcha qiladi Devid Eks.

Ukraina QK askarlari frontda. Foto: Volodimir Zelenskiyning Telegram kanali.

Kuzatuvchilar yoz fasli o‘rtalarida Ukraina armiyasining qarshi hujum sur’ati sezilarli tarzda sekinlashganini qayd etishgan edi. G‘arb nashrlari frontlarning birortasida qarshi hujum kutilgan natijalarga olib kelmayotganini xabar berishgan. Bunga bir necha sabab bor. Ular orasida Rossiyaning keng miqyosli mina maydonlari, Ukrainaga GPS orqali yo‘naltiriladigan, yuqori aniqlikdagi qurollardan foydalanishga monelik qiluvchi, ukrainaliklarning radioaloqasiga xalaqit beruvchi radioelektron kurash vositalari, shuningdek, RF QKning aviatsiyada ustunligi sanalgan edi. Bundan tashqari, Ukraina QKning taktikasida ham yetarli muammolar borligi xabar qilingan edi.

16 avgust kuni Kiyev Ukraina janubidagi Urojayne qishlog‘i ozod qilinganini e’lon qildi va bu Ukraina QK qarshi hujumi sur’ati qanchalik sekinlashtirilishi mumkinligini ko‘rsatib berdi. Kichikroq aholi punktlarini egallash uchun Ukraina armiyasiga bir necha haftalar kerak bo‘layotgandi. Urojaynedan avvalgi aholi punkti — Staromayorskeni Ukraina armiyasi 27 iyul kuni egallagandi. 26 iyun kuni Ukraina QK Rivnopol, 18–19 iyun kunlari — Levadne va Pyatixatki, 12 iyun kuni — Neskuchne, Storojyeve, Blagodatne, Makarivka, Novodarivka, 11 iyun kuni — Lobkoveni ozod etgandi. Ukraina tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi boshlaridan buyon mamlakat janubi-sharqida ilgarilash 240 kilometr kvadratni tashkil etgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hududlarni qaytarib olish «istalganidan sekinroq» ketayotganini tan olgandi. Avgust oyi oxirlariga kelib g‘arb matbuoti Kiyevning ittifoqchilari yozgi qarshi hujumdan noroziligi — Ukraina armiyasi harakatlari kutilmalarni oqlamayotgani haqida bot-bot yoza boshladi. Xususan, The Washington Post AQSh razvedka ma’lumotlarini keltirib, Ukraina hozirgi qarshi hujumda o‘zining bosh maqsadi — Melitopolni egallab, Qrim bilan «quruqlikdagi yo‘l»ni kesib qo‘yishga erisha olmasligini yozgan edi. Bunday noxush bahoga yetarlicha baholanmagan Rossiya mudofaasining qudrati hisobga olinib kelingan.

The Washington Post suhbatdoshlari fikricha, hozircha Melitopoldan 80 km narida turgan Ukraina armiyasi shahargacha bir necha kilometr qolganda to‘xtatiladi. ⁠Melitopol «Qrim darvozasi» hisoblanadi, shu sababli yarimorolga «quruqlikdan yo‘lak» orqali muhim transport tuguni hamdir. Bu Rossiyaga Qrimdan turib harbiylar va texnikalarni Ukraina janubidagi okkupatsiya qilingan hududlarga yetkazish imkonini beradi.

Melitopolga yo‘l nihoyatda murakkab, Tokmak kabi yaqindagi shaharlarning egallanishi ham oson bo‘lmaydi, degan The Washington Post’ga harbiy tahlilchi Rob Li.

«Rossiyaning u yerda uchta asosiy mudofaa chizig‘i bor, keyin mustahkamlangan shaharlar. Gap ukrainlar ulardan bitta yoki ikkitasini yorib o‘ta olishida emas, mudofaaning uchalasini ham yorib o‘tib, Tokmak kabi muhim shaharni egallashga kuchi yetish-yetmasligida», — degan ekspert.

The New York Times nashri g‘arblik mulozimlarga tayanib qayd etishicha, qarshi hujum asnosida Ukraina qo‘shinlari juda sochilib ketgan, buning o‘rniga mamlakat janubida bitta bosh yo‘nalishda diqqatni jamlash lozim edi.

«Qarshi hujumning asosiy maqsadi — Rossiyaning Ukraina janubidagi ta’minot chiziqlarini, Rossiya va okkupatsiya ostidagi Qrimga eltuvchi «quruqlikdagi yo‘lak»ni uzib qo‘yish. Mana shu ishga diqqatni jamlash o‘rniga, Ukraina qo‘mondonligi sharq va janub o‘rtasida qo‘shinlar va o‘t ochish tizimlarini teng taqsimlagan, deyishmoqda amerikalik mulozimlar», — deb yozadi NYT.

Nashr suhbatdoshlari fikricha, hozir Ukraina askarlar va texnikalarda katta yo‘qotishlarga uchrasa ham barcha asosiy kuchlarni Melitopolga yo‘naltirishi kerak. Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni bu maslahatga quloq tutgan. O‘tgan dam olish kunlarida The Guardian gazetasi Polsha va Ukraina chegarasidagi maxfiy bazada NATOning oliy martabali vakillari Valeriy Zalujniy bilan bilan uchrashuv o‘tkazganini xabar qildi. Britaniya qurolli kuchlari qo‘mondoni Toni Radakin ishtirok etgan 5 soatlik majlis chog‘ida generallar Ukraina QKning qarshi hujumini qanday tezlashtirish mumkinligi to‘g‘risida bosh qotirishgan, shuningdek, qishki davr uchun harbiy harakatlarni rejalashtirishni boshlashgan. Ukraina qurolli kuchlari «strategiyasini yangilash» va 2024 yil uchun uzoq muddatli strategiya muhokama qilingan. Nashrning qayd etishicha, gap Ukraina qo‘shinlarini Zaporijjya frontiga kuchliroq e’tibor qaratishi to‘g‘risida borgan.

Mavzuga oid