«Har qanday muammoning yechimi - ta’lim» - prezident
Yangi o‘quv yilidan maktablarda xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari dars beradi.
Yangi o‘quv yilidan maktablarda xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari dars beradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning 32 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasida aytib o‘tdi.
«Siyosiy mustaqillik zamirida eng avvalo iqtisodiy mustaqillik yotishi hech kimga sir emas. Oxirgi yillarda amalga oshirgan ishlarimiz, erishgan natijalarimiz bu yo‘lda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. So‘nggi 6 yilda yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 martadan ziyod, tadbirkorlik sub’yektlari soni 2 karra ko‘paygani, sanoatdagi o‘sish 40 foizdan oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Qisqa muddatda kambag‘allikni 2 barobardan ziyod qisqartirishga erishdik. Lekin biz bugun bilan kechagi kunni emas, bugun bilan ertangi kunni taqqoslashimiz, ishimizni shu asosda tashkil etishimiz kerak. Zero, kelajak bugun biz tashlayotgan qadamlardan boshlanadi.
Biz mutafakkir zotlarning: «Davlatning vazifasi insonlarni baxtli-saodatli qilishdir. Bu maqsadga esa ilm va yaxshi axloq yordamida erishiladi», degan hikmatli so‘zlarini o‘zimiz uchun dastur deb bilamiz.
Ma’lumki, biz bir yil avval taraqqiyotimizning 5 ta asosiy yo‘nalishini belgilab olgan edik. Unda ta’lim sohasini rivojlantirish birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan. Men doimo ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, deb ta’kidlashim bejiz emas. Chunki ta’limni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning yechimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, ta’limdir.
2022 yili mamlakatimizda 72 ta yangi maktab qurildi, 279 tasi kapital ta’mirdan chiqarildi, 514 ta maktab esa rekonstruksiya qilindi. Maktablar uchun 30 mingdan ortiq kompyuter xarid qilindi. Yangi o‘quv yilidan respublikamiz maktablarida xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari bolalarimizga dars beradi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan yangi dastur va darsliklar bo‘yicha o‘qiy boshlaydilar.
Xuddi shu kabi, sog‘liqni saqlash, biznesni rivojlantirish, sud tizimini takomillashtirish hamda suv va yoqilg‘i-energetika muammolarini hal etish yuzasidan katta loyihalar boshlangan.
Yana bir bor ta’kidlayman: ushbu belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bizning doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi», dedi prezident.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024