Jahon | 18:00 / 31.08.2023
11813
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda «Mustaqillik kuni» nishonlandi

Prezident Japarov O‘sh shahrida fuqarolarni qutladi.

Foto: knews.kg

Qirg‘izistonning O‘sh shahri yaqinidagi Sulaymon tog‘i etagida mamlakat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Alimbek Dodxoh nomli xiyobonda bayram munosabati bilan Davlat bayrog‘i ko‘tarilishi marosimi o‘tkazildi. Tadbirda mamlakat prezidenti, Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Sadir Japarov ishtirok etib, nutq so‘zladi va qirg‘iz xalqini bayram bilan muborakbod etdi.

«31 avgust – Qirg‘iziston mustaqilligi kuni. Bu bayram butun xalqimiz uchun juda qadrli va muhim. Men Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan, o‘zining Sulaymon tog‘i bilan mashhur ushbu saxiy zaminda, janubiy poytaxtimiz sanalgan shaharda turib, ko‘p asrlik boy tarixga ega buyuk qirg‘iz elini qutlayotganimdan faxrlanaman. Hammangizni chin yurakdan mustaqillik ayyomi bilan tabriklayman», dedi u.

Davlat rahbari mustaqil Qirg‘izistonni rivojlantirish va kuchaytirishga chaqirdi.

«Bugungidek murakkab bir davrda rivojlangan davlatni barpo etish o‘z qo‘limizda. Buning uchun bizda barcha sharoit bor. Ushbu tarixiy imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak. Keling, yurtimizning tabiiy boyliklaridan, inson resurslaridan to‘g‘ri, oqilona, tejab foydalanaylik, ota-bobolarimizdan meros qolgan mustaqil Qirg‘izistonni rivojlantiraylik, kuchaytiraylik va keyingi avlodlarga shunday qoldiraylik», dedi u.

Japarov 7 millionlik qirg‘iz xalqi kelajakda 70 millionga yetishiga umid bildirdi.

«Bizni kichik xalq sanashar edi va biz hech kimga o‘xshamas edik, hozir, Xudoga shukur, 7 millionmiz. Yurtimiz obod bo‘lsin, dard bilmasin, 7 million aholimiz 70 millionga yetsin», dedi u.

Mavzuga oid