Jahon | 18:45 / 01.09.2023
25537
10 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Orixiv yo‘nalishida Ukrainaning janubdagi yozgi kampaniyasi taqdiri hal bo‘lmoqda

Ukraina qo‘shini Orixiv yo‘nalishidagi Rabotine qishlog‘i ozod etilganidan keyin Rossiyaning ushbu qishloqdan janub va sharqda joylashgan navbatdagi mustahkam mudofaa chiziqlariga yurish qilishda davom etmoqda.

Foto: Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Rabotine sharqidagi mudofaa chizig‘i yorib o‘tilgan, ukrain bo‘linmalari bir necha kilometr janubi-sharqda joylashgan Novoprokopivka qishlog‘i atrofiga yetib kelgan.

Ammo Ukraina qurolli kuchlarining ilgarilashiga Orixivdan Rabotinegacha bo‘lgan yo‘llar qanotlardan Rossiya artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilayotgani xalal bermoqda. Bu qo‘shimcha kuchlar va o‘q-dorilarni olib kelishni, shuningdek, yaradorlarni evakuatsiya qilishni qiyinlashtirmoqda. Qanotlarni xavfsiz qilish uchun Ukraina qurolli kuchlari Rabotinedan sharq va g‘arbdagi — Verbove va Kopani qishloqlarini ham ozod etishga harakat qilmoqda. 30 avgust kuni ukrain bo‘linmalari Verbove qishlog‘i chekkalariga chiqishdi. 

Rossiya qo‘mondonligi mudofaa chizig‘i yorib o‘tilishi xavfini anglab turibdi: Rabotine atrofiga RF qurolli kuchlarining yirik zaxiralarini yuborish boshlangan. Janubiy guruhning katta qismi allaqachon janglarga tashlangan va endi boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shinlarning ham bir qismi olib kelinishini kutish mumkin.

Rabotine va Verbove

  • Ukraina qurolli kuchlari o‘tgan hafta ozod etgan Rabotine hamda hozircha RF QK nazorati ostida qolgan Verbove qishlog‘i o‘rtasida katta ehtimol bilan Rossiya mudofaasida yoriq paydo bo‘lgan, bu yoriqni yopish uchun ajratilgan kuchlar esa yetarli emas. Rossiyaning asosiy mudofaa chizig‘idagi nisbatan eng kuchsiz istehkomlar ham aynan shu yerda joylashgan. Bularning bari birgalikda RF QK uchun krizis keltirib chiqardi.
  • Ukrainalik harbiylarni 29 va 30 avgust kunlari Verbove chekkalarida va Novoprokopivka sharqdagi tepaliklarda ko‘rishgan. Novoprokopivka egallanishi ularga Tokmak sari yo‘l ochadi, ammo raqib mudofaa chizig‘ini yorib o‘tish qiyin bo‘ladi: buning uchun Ukraina QK avval Verbove tomondagi qanotdan keladigan xavfni bartaraf etishi kerak.
  • Kelgusi haftalarda Rabotine — Verbove — Novoprokopivka uchburchagi butun yozgi kampaniya taqdirini hal qilishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari iyul oyi oxiri va avgust oyi boshida bir necha yangi brigadalarni jangga tashlagani tufayli hozircha ustunlik va tashabbusga egalik qilmoqda. Ammo ukrain qo‘mondonligining muammosi shundaki, u allaqachon o‘zida mavjud bo‘lgan deyarli barcha zaxiralarni ishga solib bo‘ldi, RF QK esa asosiy yo‘nalishga o‘zining yangi kuchlarini tashlashni endigina boshlagan. 
  • Rabotine va Verbove hududlarida so‘nggi haftalarda RF QK Janubiy guruhi zaxira kuchlari paydo bo‘lgan: 7-desant-shturm diviziyasi desant polki va 503-motoo‘qchilar polki, ular iyun — iyul oylarida Ukraina qurolli kuchlarining Rabotinedan 30 kilometr g‘arbdagi Pyatixatki hududiga hujumlarini qaytarishda qatnashgandi. Bu hududda Rossiya qo‘shinlari vaziyatni barqarorlashtirishga erishgan, bu esa qo‘shinning bir qismini Orixiy yo‘nalishiga o‘tkazishga imkon bergan.
  • Ammo Janubiy guruhning o‘z zaxiralari ukrainlar yurishini qaytarish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Katta ehtimol bilan, RF bosh shtabi guruhga qo‘shimcha kuchlar yuborishiga zarurat bo‘ladi. Bunday kuchlarni yuborish allaqachon boshlangan bo‘lishi ham mumkin: Rossiya qo‘mondonligi, aftidan, Luhansk oblastidagi Kreminna atrofidagi 76-desant-shturm diviziyasidan ikki yoki uchta polkni Rabotine hududiga yo‘llagan. Diviziyaning telegram-kanal sahifasida 29 avgust kuni Zaporijjya oblastining qaysidir chekkasida olingan video e’lon qilindi, 30 avgust kuni esa Kreminna — endi «allaqachon tarixga aylangani» xabar qilindi.
  • Rossiya qo‘mondonligi «teshiklarni tezda yopish» uchun foydalanadigan havo-desant kuchlari va dengiz piyodalaridan iborat boshqa bo‘linmalarning aksariyati allaqachon turli yo‘nalishlardagi janglarda qatnashmoqda. Ammo RF qurolli kuchlarida boshqa zaxiralar ham bor: xususan, Rossiyaning Kupyansk yo‘nalishida turgan G‘arbiy guruhi hali o‘z zaxiralarini janglarga olib kirmagan (kamida bu haqda hech qanday ma’lumot paydo bo‘lmagan, bu yo‘nalishdagi harbiy harakatlar esa bir necha haftadan buyon to‘xtab qolgan). Ammo Bosh shtab ularni janubga yuborib, boshqa guruh qo‘mondonligiga o‘tkazishga qaror qilishi aniq emas: bunday qaror Rossiyaning Xarkiv oblastida katta yurish boshlash va tashabbusni qo‘lga olish g‘oyasini barbod qilgan bo‘ladi.

Velika Novosilka yo‘nalishi

Ukrain armiyasi janubda berayotgan ikkinchi zarba — Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasida, Velika Novosilka rayoni markazidan janubida — sur’atini yo‘qotgan. Staromayorske va Urojayne qishloqlari (Mokriye Yali daryosi bo‘yida) ozod etilgach, Ukraina qurolli kuchlari hozircha janubga — RF QKning Staromlinovka hududidagi asosiy mudofaa liniyasi yo‘nalishida ilgarilashda davom etmadi. Katta ehtimol bilan, ukrain qo‘mondonligi janubga siljishdan oldin qanotlardagi amaliyotlarni yakunlab qo‘yishni muhim deb topgan: Staromayorskedan g‘arbdagi Priyutne qishlog‘i va Urojaynedan sharqdagi o‘rmonzor hamda dalalarni tozalash.

Dniproning so‘l sohili

Ukraina qurolli kuchlari iyul oyida Dniproning chap sohili va unga parallel oquvchi Konka daryosi bo‘yida hosil qilingan platsdarmlarining bir qismini boy berdi. Ammo platsdarmlar qayta tiklanishi xavfi saqlanib qolishining o‘zi Rossiyani asosiy harbiy harakatlar teatridan ajralib qolgan bu hududlarda zaxira kuchlarni ushlab turishga (jumladan desant qismlar va dengiz piyodalari bo‘linmalari) majbur qiladi.

Kupyansk yo‘nalishi

Rossiyaning frontning shimoliy uchastkasidagi harakatlarini tushunish qiyin: ikki raqib ham RF QK bu yo‘nalishda jiddiy bosim o‘tkazayotgani haqida xabar bergan, ammo hujumlarning muvaffaqiyati bo‘yicha hech qanday dalillar taqdim etilmagan. Bir necha haftadan buyon Liman Perviy — Sinkovka — Olshani uchburchagida janglar olib borilmoqda, lekin hamon Rossiya qo‘shinlari raqib mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, Kupyansk shahriga yaqinlashib kelishidan darak yo‘q. Janubroqda RF harbiylari Novoselkovske posyolkasi va Kuzemovka stansiyasini egallagan, ammo bu tomondan ham Kupyanskka ilgarilash kuzatilmayapti.

Holdan toydirish uchun jang

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya mudofaasi ichkarisiga yorib kira olmagani va operativ kenglikka chiqa olmagani tufayli, Rossiya mudofaasini charchatish strategiyasiga o‘tishgan. Ammo hozircha kim ko‘proq va tezroq holdan toyishi haqida aniq gap aytib bo‘lmaydi. Qarshi hujum boshlanganidan buyon (4 iyun) ham Rossiyaning, ham Ukrainaning harbiy texnikalari yo‘q qilingani va shikastlangani aks etgan yuzlab videolar namoyish etilgan. Bunday videolar miqdorini solishtirish ikki tomon yo‘qotishlari ko‘lami bo‘yicha faqat taxminiy hisob-kitoblarga yaraydi. Rossiya va Ukraina tomonidagi bazalar ma’lumotlari asosidagi bunday taqqoslar ko‘rsatadiki, aksariyat pozitsiyalar bo‘yicha ikki tomonning yo‘qotishlari qariyb bir xil darajada:

  • Agar e’lon qilingan videolarga qarab baholansa, RF qurolli kuchlari ukrainlarning qarshi hujumi boshlanganidan buyon qariyb ikki barobar ko‘proq tanklaridan ayrilgan (115 taga qarshi 206). Avgust oyida bu boradagi ko‘rsatkichlarda jiddiy o‘zgarish kuzatilmagan — ukrainlarda 27, rossiyaliklarda 46.
  • Bunday urush uchun eng muhim texnika — artilleriya qurollari bo‘yicha yo‘qotishlar esa bir-biridan ko‘p farq qilmaydi. Internetda rossiyaliklarning 120 millimetr kalibrdan yuqori minomyotlari va qurollari yakson qilingan yoki zarbaga uchragani aks etgan 159 video tarqalgan — ukrainlarning shunday texnikalardagi yo‘qotishlari aks etgan videolar 148 ta. Ukraina qurolli kuchlari iyul oyi o‘rtalaridan buyon asosiy e’tiborni rossiyaliklar artilleriyasiga qarshi kurashga qaratgan, aynan shu qaror ukrainlar yurishini sekinlashtirgani aytiladi. Shu bilan birga, avgust oyida RF QK 36 ta artilleriya qurilmalari, minomyotlari va baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan ayrilgan, Ukraina QK esa — 33 ta.
  • Ukraina qurolli kuchlarining eng ko‘p yo‘qotishlari piyodalarni minalangan maydonlar bo‘ylab oldingi chiziqlarga yetkazish, bu maydonlarni minalardan tozalash va boshqa maqsadlar uchun foydalanilayotgan zirhlangan texnikalar (BMP, BTR, minalardan tozalash mashinalari va boshqa muhandislik texnikalari, zirhli avtomobillar) borasidagi yo‘qotishlari sezilarli darajada yuqori. Videolarda ukrainlarning 401 ta zirhli mashinalari shikastlangani yoki yo‘q qilingani aks etgan, rossiyaliklarda esa bu raqam 336 ga teng. Ammo avgust oyida Rossiya qo‘shinining «zirhlangan texnikalar» bo‘yicha yo‘qotishlari ortgan — ukrainlarning 80 ta mashinasiga qarshi 87 ta.

Mavzuga oid