Fan-texnika | 12:18 / 01.09.2023
81604
17 daqiqa o‘qiladi

Italiyaliklar va nemislardan o‘zlashtirilgan, urush nogironlariga bepul berilgan «Zaporojyets» – SSSRdagi eng arzon mashina tarixi

1960 yilda SSSRda kichik hajmli «Zaporojyets» mashinalari chiqariladi. U Italiyaning Fiat kompaniyasida chiqarilgan Fiat-600’ning o‘zi edi. Ko‘p o‘tmay «Zaporojyets»larning yangilangan modeli chiqariladi. Bu safar GFRning NSU Motorenwerke AG kompaniyasida chiqarilgan «NSU Prinz IV» mashinasi o‘zlashtiriladi. Har ikki holatda ham sovetlar italiyaliklar va nemislardan ruxsat so‘rashmaydi.

Hududi jihatdan dunyodagi eng yirik, aholi soni bo‘yicha Xitoy va Hindistondan so‘ng uchinchi o‘rinni egallagan, atom va vodorod bombalariga ega, kosmosni o‘zlashtirishda yetakchi davlat bo‘lgan SSSR o‘zining avtomobil sanoati bilan maqtana olmagan.

1960-yillar boshida Yevropaning rivojlangan davlatlari, AQSh va Yaponiya kabi davlatlarda bir nechtadan avtomobilsozlik kompaniyalari bo‘lib, ularning har biri o‘nlab turdagi mashinalar ishlab chiqarar edi.

SSSRda esa Germaniyadan ko‘chirib kelingan Opel kompaniyasi liniyalarida  «Moskvich», amerikaliklardan o‘zlashtirilgan «Villis» va yana bir-ikki xil mashina ishlab chiqarilardi.

O‘sha paytda aholining turmush darajasi biroz o‘nglanib, yengil avtomobillarga talab oshadi. Ayniqsa ikkinchi jahon urushida nogiron bo‘lib qaytgan odamlardan yengil avtomobil sotib olish bo‘yicha murojaat ko‘p edi.

Ana shunday vaziyatda sovet hukumati avtomobillarga bo‘lgan talabni biroz yengillashtirish uchun ixcham va arzon mashina ishlab chiqarishga qaror qiladi.

1958 yil 28 noyabrda «Kam sarfli avtomobillar ishlab chiqarishni tashkillashtirish haqida»gi qaror qabul qilinadi. Biroq yangi avtomobil loyihasini tayyorlash uchun mamlakatda kerakli mutaxassislarning o‘zi yo‘q edi.

Ana shunday sharoitda chorasiz qolgan sovetlar Yevropadagi turli kompaniyalar ishlab chiqarayotgan bir nechta avtomobillarni o‘rgana boshlaydi.

Jumladan, Britaniyaning British Motor Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan Mini, Italiyaning Fiat kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan Fiat-600 avtomobillari ko‘rib chiqiladi. Oxir-oqibat Fiat-600 avtomobilini o‘zlashtirishga ahd qilishadi.

Italiyada chiqarilgan Fiat-600 / Foto: fidanzata.at.ua

Fiat-600 ixcham va arzon avtomobil bo‘lib, boshqa mashinalardan farqli ravishda uning motori orqa tomonda, yukxonasi esa old qismida joylashgan edi.

Mashina asosan uch eshikli qilib ishlab chiqarilar va u Italiyadan tashqari Lotin Amerikasi davlatlarida juda ommabop edi. Fiat-600ʼning old va orqa o‘rindiqlarida to‘rt kishi joylashishi mumkin edi.

Sovetlar avvaliga Fiat-600ʼning aynan o‘zini ishlab chiqarishadi. Keyinroq uning kuzovini sal o‘zgartirib, uch eshikli xetchbekni ikki eshikli sedan ko‘rinishida chiqara boshlashadi.

Bu safar GFRning NSU Motorenwerke AG kompaniyasida chiqarilgan «NSU Prinz IV» mashinasini o‘zlashtiriladi va unga ZAZ-966 nomi beriladi.

Nemislar ishlab chiqargan «NSU Prinz IV» mashinasi Foto: bringatrailer.com

«Zaporojyets» avtomobilining chiqarilishi

Sovet konstruktorlari Fiat-600 avtomobilini o‘zlashtirar ekan, hukumat qaroriga ko‘ra, uni Ukrainaning Zaporojye shahrida ishlab chiqarishga qaror qiladi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi «Kommunar» zavodi bor edi.

Yangi mashinaga dvigatellar Melitopol motor zavodida tayyorlana boshlanadi. Boshqa ehtiyot qismlar ham mamlakatdagi turli korxonalarda tayyorlanib, Zaporojyega yuborilardi.

Bu orada «Kommunar» zavodi yangi uskunalar bilan qayta jihozlanadi va 1959 yil iyun oyida yangi mashinaning sinov nusxasi ishlab chiqariladi.

Mashina darhol Moskvaga jo‘natiladi, uni shaxsan Xrushchyovning o‘zi sinovdan o‘tkazishi reja qilingandi. Mashinaga «ZAZ-965» deb nom berishadi. Moskvada Xrushchev mashinani boshqarib ko‘radi va uni ishlab chiqarishga ruxsat beradi. O‘shanda «Makkajo‘xori qiroli» (Xrushchyov AQShga safar qilib kelgach hamma yoqqa makkajo‘xori ektirgan) mashinani maqtaydi.

«Barakalla, bu mashina bizning mehnatkashlarga juda yaxshi sovg‘a bo‘ldi», degan edi u.

1960 yil 22 noyabr kuni zavod konveyeridan birinchi «ZAZ-965» avtomobili chiqariladi. Yangi mashina 10 kilometr masofaga 7,5 litr benzin sarflar, uning maksimal tezligi soatiga 80 kilometr edi. Xalq orasida ZAZ-965 «Zaporojyets» deb atala boshlanadi.

ZAZ-965A

«ZAZ-965» avtomobili 1961 yilda pul almashgandan so‘ng 1800 rubl narx bilan sotuvga chiqariladi. Biroq hamma ham bu mashinani sotib ololmasdi. Keyinchalik «Zaporojyets»ning narxi oshiriladi va 3 ming rubldan sotiladi.

1970-yillar boshidagi kurs bo‘yicha 3 ming rubl salkam 4 ming dollar bo‘lgan va AQShda bu pulga konditsioner o‘rnatilib chiqarilgan Ford Mustang Mach 1 mashinasini sotib olishning imkoniyati bo‘lgan.

O‘sha paytda yengil avtomobillarga talab juda yuqori va odamlar yillab navbat kutishga mahkum edi. Shuningdek, garchi mashinaning narxi juda arzon bo‘lsa ham, uni arzimagan maosh olayotgan sovet fuqarolarining «cho‘ntagi ko‘tarmasdi».

Qolaversa, «Zaporojyets»larni mamlakatdagi urush nogironlariga berishni rejlashtirishgandi, ular ham mashina kutayotgandi.

O‘sha paytda talab yuqoriligi uchun «ZAZ-965A» bilan birga dastlabki «ZAZ-965» modeli ham ishlab chiqarilaveradi. SSSRda avtomobil sanoati shu darajada orqada ediki, avtoservis masalasi ham juda chatoq edi.

Jumladan, ta’mirlashga muhtoj bo‘lgan avtomobillarni tuzatish uchun ustaxonalar bo‘lmagan. Shu jumladan ta’mirtalab bo‘lgan «ZAZ» avtomobillarini ham.

1960-yillar boshlarida faqat Moskvada «ZAZ» avtomobillarini ta’mirlashga ixtisoslashgan bor-yo‘g‘i yettita ustaxona bor edi xolos. Ularda ham kerakli ehtiyot qismlar topilmas, hatto moy taqchilligi uchun motorning moyini almashtirishning iloji yo‘q edi.

1961 yilda zavod nomi «Zaporojye avtomobil zavodi» deb o‘zgartiriladi. Shu yildan boshlab zavod konstruktorlari ZAZ-966 modeli ustida ish boshlaydi va u 1962 yildan boshlab chiqariladi.

ZAZ-966 GFRning  NSU Motorenwerke AG kompaniyasida chiqarilgan «NSU Prinz IV» mashinasining o‘zi edi

«ZAZ-966» avtomobili «ZAZ-965» va «ZAZ-965A»lardan biroz farq qilardi. Motor avvalgi mashinalarda bo‘lgani kabi orqa tomonda, yukxona esa old qismida joylashgandi.

Shuningdek, mashina dvigateli quvvati 30 ot kuchigacha oshirilgan, maksimal tezligi ham soatiga 120 kilometrga yetkazilgan edi. Keyinchalik Zaporojyedagi zavoddan «ZAZ-966A», «ZAZ-968», «ZAZ-968A», «ZAZ-968M» modellari ham ishlab chiqariladi.

Bu modellar ham sovetlar tomonidan ishlab chiqarilmagan. Ular Germaniya Federativ Respublikasida joylashgan NSU Motorenwerke AG kompaniyasida chiqarilgan «NSU Prinz IV» modelining o‘g‘irlangan varianti edi.

Sovetlar NSU Prinz IV modelini nemislardan ruxsat olmasdan «ZAZ-966» nomi bilan ishlab chiqarishadi. Keyinchalik «ZAZ-966A», «ZAZ-968», «ZAZ-968A», «ZAZ-968M» modellari «ZAZ-966»ning sal o‘zgargan ko‘rinishida tayyorlangan.

Bu mashinalarning umumiy ko‘rinishi qariyb bir xil bo‘lib, ular 1994 yilgacha hech qanday o‘zgarishlarsiz ishlab chiqariladi.

1960-yillar boshida Zaporojyedagi zavodda yengil mashina ishlab chiqarilar ekan, zavod konstruktorlari «ZAZ-966» bazasida kichik yuk mashinalari, furganlar, pikaplar va mikroavtobuslar ham ishlab chiqarishni rejalashtiradi.

ZAZ-970 pikapi. Bu mashinaning sinov nusxalari ishlab chiqarilgan xolos

Jumladan, «ZAZ-970» nomi bilan kichik yuk mashinasi, «ZAZ-970G» nomi bilan pikapning sinov nusxalari ishlab chiqariladi va sinovdan o‘tkaziladi. Biroq rejalarning barchasi qog‘ozda qolib ketadi va zavod faqat yengil mashinalar ishlab chiqaradi xolos.

1960-yillar oxirida Zaporojyedagi zavodda hatto poyga mashinasi ishlab chiqarishni rejalashtirishadi. Oxir-oqibat «Yunost» deb nomlangan ushbu mashina ham ishlab chiqarilmaydi.

1980-yillarning ikkinchi yarmida SSSRda «Qayta qurish» nomi bilan iqtisodiy islohotlar boshlanadi. Mamlakatdagi avtozavodlar birin-ketin yangi ko‘rinishdagi mashinalar ishlab chiqara boshlaydi.

Jumladan, AvtoVAZ «VAZ-2108» va «VAZ-2109» mashinalarini, «Moskvich» ham yangi modelini chiqarishni boshlaydi. Ulardan ortda qolishni istamagan «Zaporojyets» zavodidagilar «Tavriya» nomi ostida yangi modelni ishlab chiqaradi.

«Tavriya»

ZAZ-1102 «Tavriya»ning tashqi ko‘rinishi «VAZ-2108» mashinasiga juda o‘xshar, biroq o‘lchami kichikroq edi. U ham «VAZ-2108»dek uch eshikli xetchbek ko‘rinishida chiqariladi.

«Tavriya»ning og‘irligi 700 kg bo‘lib, yuk ko‘tarish quvvati 450 kg edi. U har 100 kilometrga 5,5 litr yoqilg‘i sarflar, maksimal tezligi soatiga 150 kilometrgacha oshirilgan edi.

Tavriya ham sovetlarning o‘z modeli bo‘lmagan. U Ford kompaniyasi tomonidan 1970-yillarda ishlab chiqarilgan Ford Fiesta mashinasidan o‘g‘irlangan edi.

1976 yilda ishlab chiqarilgan Ford Fiesta mashinasi

«Zaporojyets» xarakteristikasi

«Zaporojyets» mashinalari bir nechta modelda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning barchasi qariyb bir xil edi. Birinchi chiqarilgan «ZAZ-965 Fiat-600»ni eslatib turgan.

Keyinroq chiqarilgan «ZAZ-966» va «ZAZ-968» markalari qariyb bir xil bo‘lgan. Ularning tashqi va ichki ko‘rinishida bilinar-bilinmas o‘zgarishlar qilingan xolos.

«Zaporojyets»larning yuk ko‘tarish quvvati bor-yo‘g‘i 320 kg, yoqilg‘i sig‘imi 40 litr bo‘lgan. O‘rtacha har yuz kilometrga 5,5-7 litr yoqilg‘i sarflagan. Mashina ZAZ-966 dan boshlab ikki eshikli qilib chiqarilgan.

«Zaporojyets»ning:

  • Uzunligi 3730 millimetr;
  • Eni – 1535-1570 millimetr;
  • Balandligi – 1370-1400 millimetr;
  • Og‘irligi – 720-840 kilogramm;
  • Soatiga 100 kilometrga 32 sekundda chiqqan;
  •  Maksimal tezligi – soatiga 120 km;
  • Mexanik uzatuv qutisi – 4 bosqichli
  • Dvigatel quvvati – 1,2-1,3 litrli

«Zaporojyets»lar Yevropa, AQSh va Yaponiya mashinalari oldida juda ko‘rimsiz va g‘arib bo‘lsa-da, uni eksport ham qilishgan. Mashina xorijga «Yalta» nomi bilan chiqariladi.

ZAZ-966 Yalta

«Zaporojyets»dagi noqulayliklar

Ilk mashinalarning motori juda kuchsiz bo‘lib, bor-yo‘g‘i 22 ot kuchiga ega edi. Qolaversa, sovetlar ishlab chiqargan motorlar juda sifatsiz bo‘lib, qishning sovuq ob-havosida ular o‘t olmasdi.

Shu sababli mashinaning old qismida uni kuch bilan o‘t oldirish uchun maxsus joy qilingan va haydovchilar maxsus metall uskuna bilan motorni qo‘lda aylantirib o‘t oldirardi.

«Zaporojyets» o‘t olmaganda uni qo‘lda o‘t oldirishgan

Shuningdek, mashina o‘t olgan paytda motordan chiqayotgan shovqin juda baland bo‘lib, hatto avtomobil salonida ham uzoq o‘tirib bo‘lmasdi.

Bundan tashqari, «ZAZ-965»ning benzin bakiga ulangan truba mashinaning yukxonasi joylashgan old qismida edi. Shu sababli doim salon ichiga benzin hidi anqib turgan.

Sovet muhandislari «ZAZ-965»dagi ana shu kamchiliklarni qisman bartaraf etishadi. 1962 yildan yangi «ZAZ-965A» mashinasi chiqarila boshlanadi. Bu mashinaning motor quvvati 27 ot kuchiga yetkaziladi. Maksimal tezligi ham soatiga 80 kilometrdan 90 kilometrgacha oshiriladi.

Mashinaning yana bir noqulayligi uning saloni juda tor edi. «Zaporojyets»larning orqa o‘rindig‘iga ikki kishi joylashar, uchinchi odam qo‘shilsa siqilishib qolardi.

Mashina dvigateli orqada joylashgani uchun uni sovitish uchun o‘rnatilgan parrak issiq havoni salon ichiga haydar, shu sababli «Zaporojyets» tez yurganda uning ichi qizib ketardi.

Shuningdek, dvigatel ovozi juda baland bo‘lib, mashina yurganda salonning ichida va atrofga baland shovqin tarqalardi.

Zaporojyetslarning motori orqada, yukxonasi oldinda joylashgandi

«Zaporojyets»larning eshiklariga o‘rnatilgan qulf va rezinalar sifatsiz bo‘lgani uchun ularning eshiklari tezda yaxshi yopilmaydigan bo‘lib qolardi.

1960-yillarda «Zaporojyets» mashinalari «Dnepr» va «Ural» mototsikllari bilan qariyb bir xil narxda sotilgan. Biroq har ikkala mototsikllar BMWʼdan o‘zlashtirilgani uchun texnik imkoniyatlari juda yuqori edi.

«Zaporojyets»larga o‘rnatilgan dvigatel juda ham kuchsiz bo‘lib, ular sovuqda uncha-munchada o‘t olmasdi.

«Zaporojyets» mashinalari SSSRning barcha hududlari bo‘ylab, shu jumladan O‘zbekistonda ham sotilgan. Shuningdek, o‘zbekistonlik urush nogironlariga bepul berilgan. Bunday mashinalar hanuzgacha ayrim hududlarda saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistonda «Zaporojyets»lar poygasi

«Zaporojyets avtomobil zavodi» SSSR parchalanib ketganidan so‘ng

SSSR parchalanib ketganidan so‘ng «Zaporojye avtomobil zavodi» ham ishlab chiqarishni keskin kamaytiradi. Bunga bir nechta omillar sabab bo‘ladi.

Birinchi navbatda turli ittifoqdosh respublikalarda joylashgan korxonalar o‘rtasida aloqalar uziladi. Oqibatda kerakli ehtiyot qismlar kelishi to‘xtaydi.

Shuningdek, SSSR parchalanib ketgandan so‘ng mustaqil bo‘lgan respublikalarning barchasi o‘z iqtisodiyotini erkin bozor munosabatlari asosida tashkil etadi.

Shu sababli xorijdan ko‘plab yangi va foydalanilgan mashinalar kirib kela boshlaydi. Bunday sharoitda 1960-yillarda ishlab chiqarilgan holida o‘zgarmasdan kelayotgan «ZAZ» mashinalari xorij mashinalari oldida ko‘rimsiz va sifatsizga aylanib qoladi va ularni hech kim olmay qo‘yadi.

Shu tariqa 1994 yilda avtozavod o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Ko‘p o‘tmay «Zaporojye avtomobil zavodi»ga Fransiyaning «Peugeot», Italiyaning «Fiat», Janubiy Koreyaning «Daewoo» kompaniyalari, 1995 yilda «General Motors» qiziqish bildira boshlaydi.

Ukraina iqtisodiyot vazirligi «Daewoo» kompaniyasi bilan kelishuvga erishadi va boshlang‘ich bosqichda 150 million dollar sarmoya kiritish sharti bilan qo‘shma korxona tuziladi.

ZAZ Lanos

Koreyaliklar Zaporojyedagi zavodga yangi liniyalar o‘rnatishadi va ko‘p o‘tmay u yerda «Daewoo Lanos», «Daewoo Nubira», «Daewoo Leganza» kabi mashinalar ishlab chiqarila boshlanadi.

Biroq 1990-yillar oxirida yuz bergan iqtisodiy inqiroz tufayli «Daewoo» konserni bankrot bo‘ladi va 2003 yilda Ukrainadagi hissasini suv tekinga sotib ketishga majbur bo‘ladi. Biroq zavod «Daewoo» kompaniyasiga tegishli avtomobillarni «Chevrolet» brendi ostida ishlab chiqarishda davom etadi.

Shuningdek, 2006 yilda zavodda Xitoyning «Chery» kompaniyasi bilan hamkorlikda bir necha xil mashinalar chiqarila boshlanadi. Jumladan, 2010 yildan boshlab chiqarilgan «ZAZ Forza» ancha ommalashadi.

ZAZ Forza

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirguncha Zaporojye avtomobil zavodida Fransiyaning «Renault» kompaniyasiga tegishli «Renault Arkana» mashinasini, Mercedes-Benz kompaniyasining kichik avtobuslarini ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rilayotgandi. Urush boshlangach zavod o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid