Jahon | 08:31 / 01.09.2023
6356
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukrainaga 160 ta jangovar samolyot kerak

Ukraina prezidenti Portugaliyaning RTP telekanaliga bergan intervyusida Ukraina Qurolli kuchlarining ehtiyojlari va 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari bo‘lsa, ikkinchi muddatga saylanish rejalari haqida gapirdi.

Foto: Reuters

Kiyevning harbiy samolyotlarga bo‘lgan ehtiyoji g‘arb davlatlari hozirgacha va’da qilganidan ancha yuqori. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 31 avgust, payshanba kuni e’lon qilingan Portugaliyaning RTP ommaviy-huquqiy telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. «Ukrainaga qudratli harbiy-havo kuchlari uchun jami 160 ga yaqin jangovar samolyot kerak», dedi Zelenskiy

Bu - Ukraina Qurolli kuchlariga yana 100 ga yaqin samolyot kerak, degani. Agar ular taqdim etilsa, bu Rossiyani Ukraina havo hududida hukmronlik qilish imkoniyatidan mahrum etadi, deya qo‘shimcha qildi Volodimir Zelenskiy. Unga ko‘ra, Ukrainaga «50 yoki 60 ta» F-16 qiruvchi samolyotlari va’da qilingan. 

Zelenskiy ikkinchi muddatga saylanishga tayyor 

Bundan tashqari, Zelenskiy navbatdagi prezidentlik saylovlarida ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishga tayyorligini ma’lum qildi. «2024 yilda urush davom etsa va saylovlar o‘tkazilsa, men hech qachon o‘z vatanimni tashlab ketmayman. O‘ylaymanki, jahon demokratiyasi bizni qo‘llab-quvvatlaydi», - deydi u. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Ukraina qonunchiligiga muvofiq harbiy holat sharoitida saylovlar o‘tkazish mumkin emasligini eslatib o‘tdi, biroq qonun o‘zgarishi ehtimolini rad etmadi. Shu bilan birga, u saylovlar to‘liq Ukraina hududida o‘tkazilishi va xorijdagi ukrainaliklarning ovoz berishini ta’minlash zarurligiga ishora qildi. «Men hamma narsa qonuniy va shaffof bo‘lishini istayman», - dedi Ukraina davlati rahbari. 

Avvalroq Volodimir Zelenskiy urush tugaguniga qadar saylovlar G‘arb tomonidan moliyalashtirilgan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkinligini aytgan edi. Bundan tashqari, u bir qator qiyinchiliklarni, xususan, harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlarda mustaqil monitoring bilan bog‘liq masalalarni sanab o‘tdi.

Daniya, Niderlandiya va Norvegiya Ukrainaga o‘nlab F-16 qiruvchi samolyotlarini taqdim etishga va’da berdi. Bundan tashqari, bir qancha g‘arb davlatlari ukrainalik uchuvchilar va harbiy aviatsiyaga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlamoqda. 

Mavzuga oid