O‘zbekiston | 15:57 / 05.09.2023
81820
4 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onda plita qulashi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Voqea joyidan reportaj

SamDUning Kattaqo‘rg‘on filialining faollar zalida shiftdagi beton plitaning qulagani holati bo‘yicha JKning 258-moddasi (Qurilish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘ldi.

Avvalo eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 6 nafar talaba jarohat olgan. 2008 yilda foydalanishga topshirilgan binoda, voqea ro‘y bergan paytda asosan 1-kurs talabalari ishtirokida mustaqillik darsi o‘tkazilayotgan bo‘lgan.

Faollar zalini ko‘zdan kechirishning iloji bo‘lmadi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea ortidan filialga vakolatli tashkilotlar yetib borgan va xona muhrlangan. Zal 2-qavatda joylashgan bo‘lib, 1-qavat shiftining plita qulagan joyida shiftga ziyon yetganini ko‘rish mumkin.

SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali dekan o‘rinbosari Abduhoshim Ziyatovning aytishicha, 4 sentabr kuni 1-kurs talabalari ishtirokida mustaqillik darsi o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Tadbirda 150 dan ortiq talaba, dekan va shahar hokimligi vakili qatnashgan. Beton plita aynan minbar tomonga tushgan. Beton ko‘chish jarayonida qattiq tovush chiqqan va fakultet dekani o‘zini chetga olishga ulgurgan. Plita parchalari birinchi qatorda o‘tirgan ayrim talabalarga jarohat yetkazgan.

“Ayni vaqtda ikki nafar talabamiz Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida davolanyapti. Sog‘lig‘i nazorat ostida, xavf-xatar ortda qoldi”, – dedi Ziyatov.

Beton plita qulab tushishi oqibatida jarohat olgan ikki nafar talaba qizning salomatligini bilish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida bo‘ldik.

Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Humoyun Hamroyevning aytishicha, voqeadan keyin birlashmaga murojaat qilgan talabalarning barchasiga birinchi yordam ko‘rsatilgan, ulardan ikki nafarining sog‘lig‘i shifokorlar nazoratida.

“Ikkisi ham o‘rta og‘ir ahvolda, hushi o‘zida va savollarga ravon javob bermoqda. Qizlarda qo‘rquv hissi bo‘lgani sabab kuzatuvga olingan. Voqea ortida jabrlangan barcha talabalar bilan psixoterapevtik muolajalar olib borilmoqda. Hech bir talaba sinish jarohatini olmagan”, – dedi u.

Kamera qarshisida intervyu berishni istamagan bemor talabalar va ularning yaqinlari bilan ham suhbatlashdik. Ular salomatligining holati yuzasidan ortiqcha shikoyati yo‘qligini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, faollar zalida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining o‘rinbosari Jamshid Nosirov ham bo‘lgan. Nosirov voqeaga guvoh bo‘lgan inson sifatida beton plita hech kimning ustiga tushmaganini aytib berdi. U mehmon sifatida tadbirga taklif qilingan va minbarda so‘zlayotgan bo‘lgan. Plita aynan u turib ketgan stol ustiga tushib, stolni yaroqsiz ahvolga keltirgan.

Mas’ullarga ko‘ra, mazkur bino 2008 yilda qurilgan bo‘lib, unda yillar davomida Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi akademik litsey, keyinchalik 7-umumta’lim maktabi faoliyat olib borgan. Bino 2021 yilda Samarqand davlat universiteti Kattaqo‘rg‘on filialiga berilgan. Shundan so‘ng obektda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid