O‘zbekiston | 15:53 / 05.09.2023
14196
6 daqiqa o‘qiladi

Siyosiy tafakkur va o‘zgarishlar

O‘zbekistonning siyosiy tizimi ancha vaqt yopiq bo‘lgani jamiyatning siyosiy tafakkuri holatini ham belgilab berdi. Siyosiy tizim qancha uzoq ochiq va shaffof bo‘lsa, jamiyatning siyosiy madaniyati ham shunchalik detallashgan, chuqur va ongli bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Dunyodagi barqaror demokratiyalarni kuzatar ekansiz, bu davlatlardagi siyosiy qarashlar juda turfa va ongli ekanini ko‘rish mumkin. O‘zbekistondagi siyosiy tafakkur hali bu holatga yetib kelmadi.

Har bir jamiyatning siyosiy-psixologik holati bo‘ladi. Demokratik jamiyatlarda odamlar siyosiy mafkuralarga ko‘ra bo‘linadi, o‘nglar yoki so‘llarga moyilligini doim anglaydi. O‘zbekistonda-chi? 2016 yilga qadar o‘ta yopiq bo‘lgan bizning mamlakatimizda, siyosiy jarayonlar va ong mutlaq muzlatilgan edi.

O‘zbekiston tarixida, davlat, ya’ni hokimiyat – juda uzoq muddat xalqdan alohida korporatsiya sifatida ko‘rildi. Ayniqsa, 2016 yilga qadar, hokimiyat jamiyat tafakkurini qo‘rquv bilan boyitish qobiliyatini o‘zining eng ustuvor vazifasi deb bildi. Barqarorlik shu usulda ta’minlandi. Natijada, ijtimoiy fikrda “xalq-hokimiyat” dixotomiyasi shakllandi va kristallashdi.

Shakllanib bo‘lgan demokratik jamiyatlarda, insonlar siyosatchilarni ularning siyosiy qarashlari, siyosiy moyilliklari bilan o‘lchasa, O‘zbekiston jamiyatida esa asosan “bu hokimiyat vakili” va “bu hokimiyatga qarshi, muxolifat” deb soddalashtirish saqlanib qolyapti. Aslida, davlat boshqaruvidagi shaxslar, siyosatchilar hech qachon bir xil qarashda bo‘lmaydi. Ularning siyosiy qarashlari, vaziyatdan kelib chiqib, siyosiy motivlari har doim turfa xil bo‘ladi.

Islohotlar – shakllangan tartibni o‘zgartirish degani. Shuning uchun, islohotlar borasida, hokimiyat koridorlarida, de-fakto har xil qarash va kayfiyatlar bo‘lishi tabiiy.

Nazarimda, O‘zbekiston hokimiyati atrofidagi shaxslarda ham, islohotlar borasida, uchta yo‘nalish yoki qarash mavjud. Liberallar – islohotlar tarafdori bo‘lib, ular islohotlar orqali hayotiy barqaror siyosiy tizim shakllanishini istashadi, siyosiy tizim legitimlikka asoslanishi kerak deb bilishadi.

Konservatorlar esa, aksincha, o‘zgarishlar kamroq bo‘lishini, yoki qattiq nazorat ostida kechishini istashadi. Qattiq nazorat esa, o‘zgarishlarni mohiyatan va shaklan nobud qiladi. O‘zbekistondagi siyosiy konservatorlar – bu 2016 yilga qadar davrga oriyentir oladigan shaxslar, guruhlar va kuchlar hisoblanishadi. Chunki ularning siyosiy qarashlari, zehniyati o‘sha davrda shakllanib, mustahkamlandi. Ayniqsa, xavfsizlik va barqarorlikni o‘zlarining eng muhim qadriyatlari deb biladigan shaxslar va soha vakillari eng yopiq konservatorlar hisoblanishadi.

O‘rtadagi qatlam esa – komformistlar, konyunkturachilar. Ular qaysi tomonning qo‘li baland kelsa, o‘zlarini shu tomon qilib ko‘rsatishadi.

Har qanday hokimiyat ichida manfaatlar kurashi bo‘lishi tabiiy. Manfaatlar esa, dunyoqarash bilan talqin qilinadi. Huddi shunday, bugungi O‘zbekiston hokimiyati ichida ham, liberallar, konservatorlar va komformistlar o‘rtasidagi ziddiyatlar, kurashlar bo‘lishi tabiiy.

Shu kunlarda O‘zbekiston boshqaruv institutlarida ma’lum o‘zgarishlar, islohotlar ketmoqda. Prezident administratsiyasida strukturali o‘zgarishlar bo‘ldi. Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident – davlat rahbari, mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi va yo‘naltiruvchi asosiy davlat instituti hisoblanadi. Shuning uchun ham, prezidentning administratsiyasidagi o‘zgarishlar davlat rahbarining samarador faoliyatiga ta’sir qiluvchi omil hisoblanadi.

Jumladan, Saida Mirziyoyeva prezidentning yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Buni jamoatchilik har xil qabul qildi. Yaqin o‘tmishdagi xato va nuqsonlar orqali vaziyatni talqin qilish – tabiiy holat. Qolaversa, yuqorida aytilganidek, davlatni yaxlit va xalqdan ajragan korporatsiya sifatida ko‘rish zehniyati juda yuqori. Lekin siyosiy vaziyat har doim ancha murakkabroq bo‘ladi.

Aytish kerakki, har bir siyosatchi yoki davlat mulozimida bir qancha motivlar ketma-ketligi bo‘ladi. Boshqa davlat mulozimlardan farqli o‘laroq, Saida Mirziyoyevada bitta o‘ta muhim motiv bo‘lishi aniq. Bu ham bo‘lsa, joriy prezidentning tarixiy reputatsiyasi, xalqning ikkinchi ma’muriyatga nisbatan tarixiy ishonchini mustahkamlash motivi. Boshqa mulozimlar lavozimidan ketsa, ularning ushbu ma’muriyat bilan bog‘liq manfaatlari tugaydi yoki pasayadi. Lekin prezident yaqinlarining mas’uliyati va manfaatlari vaqt o‘tgan sayin, aksincha, oshadi.

Prezidentga doimiy ravishda mustaqil va muqobil ma’lumotlarning kirishi – boshqaruvning samaradorligini oshiradi. Bu ma’noda, boshqaruvda turfa ma’lumotlar va qarashlarni ko‘pligini, turfa xilligini ta’minlash – uning yordamchilariga bog‘liq.

Yaqinda AQSh prezidenti Jo Bayden O‘zbekiston prezidentiga xat yo‘lladi. Xatda Saida Mirziyoyevaning O‘zbekistonda ayollar haq-huquqlarini himoya qilish, gender tenglik borasidagi faoliyati juda ijobiy urg‘ulangan. Va Saida Mirziyoyevaning prezident yordamchisi etib tayinlanishi, qaysidir ma’noda AQSh prezidenti xatida urg‘ulangan yo‘nalish, vektor yanada yuqoriroq davlat siyosatiga aylanayotgani ifodasi sifatida ham talqin qilish mumkin.

O‘zbekistonda axborot erkinligi, siyosiy bilimlarni parvarishlash bo‘yicha hali juda ko‘p ishlar qilinishi kerak. Jamiyat vaziyatni o‘ta sodda qoliplar orqali emas, o‘zining manfaatlaridan kelib chiqib, O‘zbekistonni huquqiy, haqiqatda demokratik davlatga aylantirish borasidagi qadamlar bilan o‘lchash malakasini oshirib borishi zarur.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid