Surovikin Prigojinning isyonidan keyin ilk bor ko‘rinish berdi
Armiya generali Sergey Surovikin - rossiyalik harbiy qo‘mondon, Rossiya mudofaa vazirligida jiddiy ko‘tarilishga erishgan. U RF Havo-kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimini egallagan va Suriyadagi Rossiya qo‘shinlari guruhini boshqargan. Ukrainadagi urush Surovikinning yanada yuksalishiga hissa qo‘shdi - u 2022 yil kuzida Rossiya bosqiniga rahbarlik qildi. Ammo «Vagner» XHK isyonidan keyin Rossiya propagandasi General Armageddon deb atagan qo‘mondon g‘azabga yo‘liqdi.
Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari guruhi sobiq qo‘mondoni, Yevgeniy Prigojinning isyonidan keyin g‘oyib bo‘lib qolgan general Sergey Surovikin yana jamoatchilikka ko‘rinish berdi. Bu haqda rossiyalik jurnalist Kseniya Sobchak ortidan Amerikaning The New York Times nashri ham yozdi. Generalni oxirgi bor «Vagner» XHKning iyun oyi oxiridagi isyoni vaqtida ko‘rishgandi, o‘shanda u Prigojinni to‘xtashga chaqirib, videomurojaat qilgandi (ammo yakunda u isyonchilarni qo‘llashda gumonlanib, tergov qilindi).
Dushanba kuni Surovikinning iyun oyidagi isyondan beri ilk fotosurati paydo bo‘ldi, uni Sobchak o‘z telegram-kanalida e’lon qilgan. Suratda general oddiy fuqaro kiyimida, qora ko‘zoynak, shlyapa va ko‘ylakda, pechakgul bilan qoplangan devor yonidan rafiqasi bilan qo‘ltiqlashib ketayotgan holatda aks etgan, bu suratda Surovikin aynan qayerda bo‘lganini aniqlashning imkoni yo‘q.
«General Sergey Surovikin chiqdi. Sog‘-omon, uyida oilasi bilan. Moskvada. Bugungi surat», — deya fotoga izoh bergan Sobchak.
Surovikin «uyda oilasi bilan»ligi haqida shu kuni kechqurun «Exo Moskvi» radiosi sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov ham yozdi. «Ta’tilda va Mudofaa vazirligi ixtiyorida», — degan Venediktov o‘z telegram-kanalida.
Sobchakni bu fotoni jurnalistlar mudofaa vaziri Sergey Shoygudan «Surovikinga nima bo‘ldi va u tergov qilinyaptimi?» deb so‘rashi ortidan e’lon qildi. Shoygu bu savolga javob berishdan bosh tortgandi. U «Barcha savollar shumi?» degan va shundan so‘ng ketib qolgan.
Shoygu ortidan Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov ham jurnalistlarning general haqidagi savolini ochiq qoldirgandi.
The New York Times ikki amerikalik mulozim va Rossiya mudofaa vazirligi bilan aloqador manbasiga tayanib, general ozodlikda ekani haqida xabar bergan.
NYT Amerika rasmiy shaxslari general isyonga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida oldindan xabardor bo‘lganini taxmin qilishini eslab o‘tgan. Endi rasmiylar general Surovikin ozod etilgani haqida aytishgan, lekin hozircha uning harakatlanishi bo‘yicha qandaydir cheklovlar saqlanib qolishi va boshqa sanksiyalar haqida aniq gap yo‘q. Yozda OAV generalga qo‘llangan choralarning turli variantlarini ko‘rib chiqqandi — tergov izolyatoriga joylashtirishdan tortib, hibsga olmasdan izolyatsiya qilishgacha.
Nashrning Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin manbasiga ko‘ra, Surovikin Prigojin 23 avgust kungi aviahalokatda vafot etganidan bir necha kun o‘tib ozodlikka chiqarilgan. Shu manba ma’lumotiga ko‘ra, general hozircha o‘z generallik unvonini saqlab qolgan, ammo u endi harbiy xizmatda istiqbolga ega emas.
Surovikin Rossiya havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni lavozimidan ham chetlatilgan.
Surovikinning Ukraina urushidagi ishtiroki xronologiyasi
2022 YIL 24 IYuN
↓
RF mudofaa vazirligi ilk bor Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari guruhlari qo‘mondonlari haqida ma’lumot beradi. Vazirlikning har kungi harbiy harakatlarning borishiga bag‘ishlangan navbatdagi brifingi vaqtida Sergey Surovikin qo‘shinlarning Janubiy guruhiga qo‘mondonlik qilayotgani oshkor bo‘ladi.
O‘sha vaqtda «Janub» va «Markaz» guruhlari Luhansk oblastini egallash uchun janglarda qatnashayotgandi. Britaniya razvedkasi katta ehtimol bilan RF mudofaa vazirligi Donbassdagi o‘z guruhlari o‘rtasida «nisbatan samarali» muvofiqlikka erishgani haqida xabar qilgandi.
2022 YIL 8 OKTYaBR
↓
Sergey Surovikin Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlarining Birlashgan guruhi rahbari etib tayinlanadi. RF mudofaa vazirligi ilk bor bosqinga rahbarlik qiluvchi qo‘mondon nomini e’lon qiladi. Rossiyadagi hukumatparast nashrlar Surovikinni General Armageddon deb atashadi; unga armiyada bunday laqabni «nostandart va qat’iy harakat qilish qobiliyati» tufayli berishgan.
Ikki kun o‘tib Rossiya Ukrainadagi energetika va fuqarolik infratuzilmalariga yoppasiga raketa zarbalari berishni boshlaydi, bundan maqsad mamlakat qishda toksiz qolishiga erishish edi. «Meduza» manbalari bunday harbiy taktika tashabbuskori aynan Surovikin bo‘lganini aytishgan. Davomli raketa zarbalari oqibatida o‘nlab tinch aholi vakillari halok bo‘ladi. Suriyada ham Surovikin qo‘mondonligidagi rus qo‘shini fuqarolik obektlarini o‘qqa tutish vositasida urush olib borgandi.
2022 YIL 18 OKTYaBR
↓
Surovikin Rossiya propaganda nashrlariga intervyu berib, ilk bor jamoatchilikka ko‘rinish beradi. Armiya generali «maxsus harbiy amaliyot» hududidagi vaziyatni keskin deb baholaydi va «oddiy bo‘lmagan qarorlar qabul qilinishi»ni anons qiladi.
2022 YIL 9 NOYaBR
↓
Surovikin Rossiya televideniyesi efirida RF mudofaa vaziri Sergey Shoyguga hisobot berib, Xersonni tashlab chiqish hamda Rossiya qo‘shinlarini Dnipro daryosining so‘l sohiliga olib o‘tishni taklif etadi. Shoygu bu taklifga ko‘nadi. Keyingi kuni rossiyalik harbiylar Xersonni tark etishadi — bu Rossiya armiyasi Ukrainada 24 fevral kungi bosqindan keyin egallab olishga muvaffaq bo‘lgan yagona oblast markazi hisoblanardi.
Shundan keyin Surovikin Xerson va Zaporijjya oblastlarida mudofaa strategiyasi bilan shug‘ullanadi, jumladan «Surovikin chizig‘i»ni barpo etadi, ayni vaqtda ukrainlar ushbu mudofaa chizig‘idan o‘tishga harakat qilmoqda.
2023 YIL 11 YaNVAR
↓
RF qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov Ukrainadagi qo‘shinlarning yangi bosh qo‘mondoni etib tayinlanadi. Surovikin uning o‘rinbosari lavozimiga tushiriladi.
2023 YIL 24 IYuN
↓
«Vagner» XHK isyoni avjiga chiqqan mahalda general Surovikin Yevgeniy Prigojinning yollanma jangchilariga murojaat qilib, ularni «to‘xtash»ga, «masalani tinch yo‘l bilan hal etish» va «doimiy dislokatsiya punktlariga qaytish»ga chaqiradi.
Shu kuni kechqurun Prigojin Moskva tomon «marsh» to‘xtatilganini e’lon qiladi — Kreml bilan kelishuvga ko‘ra XHK rahbari o‘z yollanma jangchilari bilan Belarusga «ketishi» taklif etilgandi. Shundan keyin Surovikin jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘yadi.
Prigojin bu general bilan oldindan yaxshi tanish bo‘lgan, chunki «Vagner» XHK jangchilari Suriyada jang qilganida, general u yerda bosh qo‘mondon hisoblanardi.
Xususiy harbiy kompaniya asoschisi o‘z chiqishlarida muntazam ravishda Surovikinni maqtab keladi, Gerasimovni esa qattiq tanqid qiladi va bu tanqidlar yakunda isyonga olib keladi.
2023 YIL 28 IYuN
↓
OAVda Surovikin vagnerchilar isyoni ortidan hibsga olingan bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi. Amerika maxsus xizmatlari general go‘yoki Prigojinning isyoni haqida oldindan xabardor bo‘lgani va uning rejasini qo‘llagani haqidagi versiyani ilgari surdi.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, shundan keyin RF mudofaa vazirligi saflarida tozalash ishlari boshlangan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Surovikin bilan birga Rossiya armiyasining kamida 12 nafar katta zobiti qo‘lga olingan, 15 nafarga yaqin zobit chetlatilgan yoki xizmatdan bo‘shatilgan.
2023 YIL 22 AVGUST
↓
«Exo Moskvi»ning sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov general Surovikin RF prezidenti farmoni bilan Rossiya havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni lavozimidan ham chetlatilgani haqida xabar berdi (bunday farmon ochiq manbada e’lon qilinmagan).
RBK manbasi ham bu ma’lumotni tasdiqladi va sobiq qo‘mondon RF mudofaa vazirligi tuzilmasidagi boshqa lavozimga o‘tkazilgani va ayni vaqtda ta’tilda ekanini qo‘shimcha qildi.
Kseniya Sobchak esa Surovikinni Vladimir Putinning 18 avgust kuni imzolangan yopiq farmoni bilan ishdan olishganini aytdi.
RIA Novosti manbasi o‘rniga HKK bosh shtabi boshlig‘i, general-polkovnik Viktor Afzalov havo-kosmik kuchlarining vaqtincha qo‘mondoni etib tayinlangani haqida ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43 / 21.11.2024