Jahon | 10:04 / 06.09.2023
3634
3 daqiqa o‘qiladi

«SBU» oligarx Mixail Fridmanni urushni moliyalashtirishda aybladi

Kiyev oligarx Mixail Fridman keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Rossiya harbiy zavodlariga 2 milliard rublga yaqin sarmoya kiritgan, degan xulosaga keldi. Urushni moliyalashtirish moddasiga ko‘ra, u 8 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Mixail Fridman Foto: Oleg Yakovlev / RBK

Ukraina xavfsizlik xizmati («SBU») rossiyalik tadbirkor, «Alfa-Grupp» moliya-investitsiyaviy konsorsiumi egasi Mixail Fridmanga Ukrainadagi urushni moliyalashda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Bu haqda 5 sentabr, seshanba kuni Ukraina maxsus xizmati, shuningdek, Ukraina Bosh prokuraturasi xabar berdi

Ularga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan beri Fridman Rossiyaning bir qancha harbiy zavodlariga 2 milliard rublga yaqin sarmoya kiritgan. Boshqa narsalar qatorida, gap «Tula patron zavodi», shuningdek, Rossiya jangovar samolyotlari va vertolyotlari uchun yuqori texnologiyali uskunalar ishlab chiqaradigan «Yalamov nomidagi Ural optik-mexanika zavodi» haqida bormoqda. 

Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun tadbirkor o‘zi nazorat qiladigan «Alfa-Grupp» Rossiya konsorsiumi aktivlaridan foydalanyapti, deyiladi «SBU» matbuot-relizida. 

Bundan tashqari, idora ma’lumotlariga ko‘ra, Mixail Fridman o‘z biznes resurslaridan oziq-ovqat, kiyim-kechak va «Armiya Rossii» savdo belgisi ostidagi boshqa mahsulotlarni frontda jang qilayotgan rossiyalik harbiylar o‘rtasida ommaviy ravishda tarqatishda foydalangan. Tadbirkorning sug‘urta kompaniyalari harbiy texnika, shuningdek, Rossiya harbiylarining hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalashni o‘z zimmasiga oldi, deyiladi Ukraina Xavfsizlik xizmati bayonotida.

Fridman mol-mulki musodara qilinib, 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Oligarx konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan ag‘darish, hokimiyatni egallab olish va Ukraina davlat chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha harakatlarni moliyalashtirish moddasi bo‘yicha gumonlangan. «Hozir gumonlanuvchi xorijda yashirinmoqda. Uni javobgarlikka tortish bo‘yicha keng qamrovli choralar ko‘rilmoqda. U mol-mulki musodara qilinib, 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin», - deya qayd etadi «SBU». 

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay, Mixail Fridman boshqa rossiyalik ishbilarmonlar bilan birga Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi, keyinroq esa boshqa davlatlar, xususan, AQSh va Kanada sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi.

Mavzuga oid