Challenger tanki tarixda ilk bor dushman o‘qi bilan yo‘q qilindi. Bu Ukraina janubida ro‘y bergan
Internetda Britaniyaning Challenger 2 asosiy jangovar tanki yonayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Bu tanklar avgust oyi oxiridan boshlab Zaporijjya oblastidagi qarshi hujum amaliyotlarida qatnashayotgan Ukraina qurolli kuchlari 82-alohida desant-shturmchi brigadasi safida xizmat qilayotgandi.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps Sky News telekanali efirida Ukrainada yo‘q qilingan Challenger 2 tanki haqida bir kun avval paydo bo‘lgan ma’lumotni tasdiqladi.
«Bu, ehtimol, biz bilgan birinchi yo‘qotish», degan Shepps. Uning so‘zlariga ko‘ra, tank Rossiya artilleriyasi zarbasiga uchragan. «Challenger 2 ekipajining barcha olti a’zosi tirik qoldi», deya qo‘shimcha qilgan u.
Zaporijjya oblastining Rabotine qishlog‘i hududida Challenger 2 yonayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda 5 sentabr kuni tarqalgandi.
Destroyed Ukrainian Challenger 2 outside of Robotyne, most likely from the 82nd Air Assault Brigade. pic.twitter.com/KInjnmfs4F
— OSINTtechnical (@Osinttechnical) September 5, 2023
The Guardian nashri G‘arb razvedka idoralari ma’lumotlariga tayanib, tank avvaliga minaga tushib qolgan va uning orqa yonilg‘i baki yonib ketgan, ekipaj tankni tark etgani, keyin esa Rossiya droni bo‘sh Challenger 2’ga zarba bergani haqida yozdi.
Zirhli texnikalar sohasidagi ukrainalik ekspert Andrey Tarasenko BBC uchun bergan intervyusida aytishicha esa, internetda tarqalgan videoni olgan operator ichida bo‘lgan avtomobil harakatlangan yo‘l s’yomka vaqtida o‘qlar yomg‘iri ostida bo‘lgan va mashina boshqa harakatsiz T-64BV (Rossiya va Ukraina armiyalari tomonidan ishlatiladigan, sovetlar ittifoqi davrida ishlab chiqarilgan tank) yonidan ham o‘tgan. Demak, bu tanklar guruhi, katta ehtimol bilan Rossiya artilleriyasi o‘qlari ostiga tushib qolgan.
«U yerga, masalan, mashinalarni yuqoridan yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan infraqizil nurli va sub o‘q-dorili snaryadlar uchib kelgan bo‘lishi mumkin», deb qo‘shimcha qilgan ekspert.
Sub o‘q-dorilar — kassetali o‘q-dorilarning tarkibiy qismi bo‘lib, portlash paytida ular sochilib, yo‘q qilish maydonini kengaytiradi. Kassetali bomba turlaridan biri zirhli transport vositalarini yo‘q qiluvchi, tankka qarshi o‘q-dorilar bilan jihozlangan.
Mutaxassis, shuningdek, videoda ko‘ringan bunday yong‘indan so‘ng, tankni safga qaytarish imkonsizligini ham ta’kidlagan, chunki metall yuqori harorat sabab o‘z xususiyatlarini o‘zgartiradi.
Tank ekipaji omon qolgani bu tank juda yaxshi himoyalangani bilan izohlanadi. Videoda ham tank yonayotgani aks etgan bo‘lsa-da, u to‘liq yakson bo‘lmagan va ichkarida portlash ro‘y bergani alomatlari yo‘q.
Zamonaviy tank
Challenger 2 — dunyodagi eng zamonaviy tanklardan biridir. U 1994 yildan beri Britaniya armiyasida xizmat qilmoqda. Chorak asr davomida u «zarar yetkazib bo‘lmas» tank sifatida dovrug‘ qozongandi.
Shu paytga qadar birorta ham Challenger tanki jangda dushman o‘qi natijasida yo‘q qilinmagan. Yagona yo‘q qilingan Challenger tanki 2003 yilda Iroqda «o‘zinikilar otishi» qurboni bo‘lgan.
Ammo, bunday reputatsiya jangovar transport vositasining ba’zi ajoyib xususiyatlari natijasi emas. Gap shundaki, ular bor-yo‘g‘i 450 taga yaqin miqdorda ishlab chiqarilgan. Challenger 2 tanklari Yugoslaviya va Iroqdagi harbiy harakatlarga jalb etilgan bo‘lsa-da, sof statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ular kamdan kam hollarda janglarda qatnashgan.
Tankning asosiy afzalliklaridan biri sifatida uning keramik plitalardan foydalaniladigan Chobham tipidagi ko‘p qatlamli zirhi aytiladi.
Bunday zirhlar kamulyativ o‘q-dorilarga qarshi ham (kamulyativ snaryadlar — portlash mahsulotlari va eritilgan metalldan tashkil topgan, zirhni juda kichik yo‘nalishda teshadigan tankka qarshi raketalar yoki granata otish moslamalari), subkalibrli o‘qlarga qarshi ham ancha samarali.
Tank old tomondan juda yaxshi himoyalangan, yon va orqa tomonlar esa kamroq himoyaga ega.
Zamonaviy yoki eskirgan?
Andrey Tarasenkoning qayd etishicha, Challenger 2 butkul zamonaviy tank bo‘lishiga qaramay, uning nafaqat afzalliklari, balki kamchiliklari ham bor. Tarasenko bu kamchiliklarni britaniyaliklar ushbu tankni ishlab chiqishda jang maydonidagi yangi tahdidlarni hisobga olmagan holda, o‘tgan urushlar, shu jumladan Ikkinchi jahon urushi tajribalariga asoslangan konservativ yondashuvni qo‘llagani bilan izohlaydi.
«Challenger oldingi minoraning juda kuchli himoyasi kabi o‘zining ijobiy fazilatlariga ega. Ammo u hali ham XX asrning 60-yillarida amalda bo‘lgan konsepsiya va qarashlarni aks ettiradi va undan qandaydir mo‘jiza kutmaslik kerak. Artilleriya unga hatto T-64’ga qaraganda ko‘proq zarar yetkazadi», deydi ekspert.
Old tomonning kuchaytirilgan himoyasi — tanklar taran vazifasini bajarib, dushman pozitsiyalariga hujum qilgan va ko‘pincha old tomondan o‘qqa tutilish xavfi ostida bo‘lgan urushlar tajribasining natijasidir.
1980 va 1990-yillarda Challenger va Challenger 2 tanklari haqiqatan ham old tomondan eng qattiq himoyalangan tanklar edi. Ammo ushbu «old taraf zirh o‘lchovlari», biz hozir ko‘rib turganimizdek, zamonaviy voqelikda o‘z ahamiyatini qisman yo‘qotdi. Hozir Ikkinchi jahon urushi va Arab-Isroil urushlari bo‘yicha tadqiqotlar natijalari asosida yaratilgan o‘tgan asr konsepsiyalariga o‘rin yo‘q», deydi ekspert.
Soyli to‘p
Challenger 2’ning yana bir alohida xususiyati L30A1 nomli 120 millimetrlik soyli (narezkali) to‘pdir.
Burama qurollarda snaryad (yoki o‘q) maxsus vintli burama tufayli stvolda girdob shaklida aylanadi, shundan so‘ng snaryad nisbatan barqaror uchadi.
Bu aniqlikni oshiradi, bu esa afzallikdir. Darhaqiqat, Challenger dunyodagi eng aniq tanklardan biri hisoblanadi.
Biroq, silliq stvolli qurollar ham zamonaviy tanklarda yuqori qadrlanuvchi o‘z afzalliklariga ega.
Stvoldagi gaz bosimi yuqori bo‘lgani sababli, silliq stvolli qurol snaryadni soyli stvolli quroldan yuqoriroq tezlikda otadi. Bunday to‘pdan otilgan snaryadlar ancha qalin zirhlarni teshib o‘tishi mumkin.
Shu sababli, Challenger 2 to‘pi aksariyat Rossiya va G‘arbdagi boshqa tanklarning silliq stvolli qurollari fonida o‘tmish yodgorligiga o‘xshaydi. U haqiqatan ham juda aniq, ammo bu xislat uchun boshqa muhim xususiyatlardan voz kechish darajasida aniq emas.
Britaniya tankining barcha afzalliklari va kamchiliklari Ukrainadagi urush boshlanishidan oldin ham ma’lum edi. 2020 yil boshlarida Britaniya Germaniya bilan birgalikda yangi tankni ishlab chiqishni boshladi. U Challenger 3 deb nomlanadi va ehtimol Challenger 2 xatolarini tuzatadi.
O‘zgartirishlar orasida Germaniyaning Rheinmetall L55A1 silliq stvolli quroli ham bor. Bunday to‘plardan Leopard 2 va M1 Abrams tanklari foydalanadi.
Ukrainaga yetkazib berish
Britaniya 2023 yil yanvar oyida, Ukrainaga asosiy jangovar tanklar yetkazib berish rejasini e’lon qilgan birinchi davlat bo‘lgandi. Umumiy hisobda, Ukrainaga 14 ta Challenger 2 tanki yetkazib berish va’da qilingandi.
O‘sha paytda Germaniya Ukraina qurolli kuchlariga o‘z Leopard’larini yetkazib berishga yoki bu tanklar qurolli kuchlarida mavjud bo‘lgan mamlakatlarga ularni ukrainaliklarga topshirishga ruxsat berishga jur’at eta olmay, hali ham ikkilanayotgandi.
Challenger’lar bu devorni buzdi — Londondan so‘ng dastlab Vashington o‘zining Abrams tanklarini Ukrainaga yuborishini e’lon qildi, keyinroq Berlin ham Leopard’larni Kiyevga topshirishga rozi bo‘ldi.
Biroq, agar nemis va ingliz tanklari allaqachon janglarda qatnashayotgan va yo‘qotishlarga uchrayotgan bo‘lsa, Amerika tanklari hali frontga yetib kelmagan.
AQShning Politico nashri xabariga ko‘ra, 200 nafar ukrainalik harbiy xizmatchi Germaniyada Abrams tanklari bo‘yicha mashg‘ulotlarni allaqachon yakunlagan va bu mashinalar Ukrainaga sentabr oyi o‘rtalarida yetkazib beriladi. Hammasi bo‘lib, AQSh Ukraina qurolli kuchlariga 31 ta tank topshiradi.
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024