«Logistika, mahsuldorlikni oshirish va monitoringni yo‘lga qo‘yish Xalqaro konferensiya kun tartibidagi asosiy masalalar» - Aziz Voitov
Camarqandda ilk bor Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi konferensiyasi 7-8 sentabr kunlari o‘tkazilmoqda. Muhim anjumanga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad xususida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov jurnalistlar bilan brifing o‘tkazdi, so‘ngra Kun.uz muxbiri savollariga javob berdi.
— Tadbirdan ko‘zlangan maqsad nima? Umuman, bunday nufuzli anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilishi qanday boshlandi?
— Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad — dunyo hamjamiyati oldimizda turgan asosiy masalalarni birgalikda qayta ko‘rib chiqish va mavjud muammolarga birgalikda yechim topishdan iborat. Ya’ni davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ochlikni bartaraf etish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlari bilan tanishish, tajriba almashish va asosiy masalalarga yechim topishdan iborat.
Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyaning bu tarzda tashkil qilinishi prezidentimiz Sh.Mirziyeyovning roppa-rosa bir yil muqaddam mana shu shaharda o‘tgan ShHT sammitida ko‘rsatgan tashabbusi tufayli yuz bermoqda.
Prezidentimiz o‘tgan yili ilgari surgan tashabbus bugunga kelib nechog‘lik dolzarb bo‘lib turganini ko‘rib turibmiz. Geosiyosiy vaziyat, iqlim o‘zgarishlari, tabiiy resurslar yetishmovchiligi bilan bog‘liq global muammolar zamonida oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat bizning xalqimizni, butun dunyodagi insonlarning sog‘lom taomlanishi juda katta masala bo‘lib turganiga barchamiz guvohmiz.
Shuncha davlatlardan vazirlar, mutaxassislar, umuman, shu soha vakillarining yig‘ilishi — ushbu muammoning qanchalik dolzarbligi, shuningdek, O‘zbekistonda sohada olib borilayotgan islohotlarga qiziqish va ishonch borligidan dalolat beradi.
Ma’lumot o‘rnida: Qayd etib o‘tish kerak, mazkur nufuzli anjuman Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO’ning texnik ko‘magi bilan tashkillashtirilmoqda.
Anjumanda 30 dan ortiq davlatdan vazirlar va diplomatlar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki kabi va boshqa xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va ilmiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi
— Albatta, konferensiya xalqaro maqomga ega va butun dunyoga tahdid soluvchi oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini qamrab oladi. Lekin bu yerda kun tartibida tilga olinadigan barcha tahdidlar ham O‘zbekiston uchun xos emas. Masalan, ocharchilik. Bizning oziq-ovqat yetishtirish borasidagi asosiy xavf-xatarlarimiz nimada?
— Juda to‘g‘ri aytyapsiz, ertaga ochiladigan konferensiyadagi asosiy mavzulardan biri — «Nol ocharchilik» maqsadi bo‘ladi. Hozir butun dunyoda ocharchilikka duchor bo‘lgan, to‘yib ovqatlanmayotgan insonlarning soni ortib borayotgani barchamizning oldimizda turgan katta xavf-xatarlardan biri. Lekin O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar natijasida ko‘rishimiz mumkinki, ocharchilik O‘zbekistonga xavf soluvchi muammo emas. Chunki biz o‘zimiz iste’mol qiladigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zimiz yetishtiramiz.
Biroq shunday bo‘lsa ham oldimizda xavf-xatarlar bor. Iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan oqibatlar — yerlarning sho‘rlanishi, tuproq qatlamining degradatsiyaga uchrashi hamda suv resurslarining kamayib borishi kabilar. Oldimizda turgan asosiy va dolzarb masalalardan biri oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va sotib olishdagi logistika masalasidir.
Chunki mahsulotlarni sotish va olib kelish okeandan uzoq bo‘lgan bizning o‘lkada muhim ahamiyat kasb etadi.
— Qishloq xo‘jaligimizning katta qismi paxta — nooziq-ovqat ekini bilan band. Boz ustiga, suv ko‘p iste’mol qiladi. Umuman, paxtachilik ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligini qisqartirib, bog‘dorchilik, poliz mahsulotlari ko‘katlar yetishtirishni ommalashtirish masalasi borasida qanday rejalar bor?
— Konferensiya doirasida ham yerlar va tabiiy resurslardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni optimallashtirish kabi bunday masalalarga to‘xtalib o‘tiladi. Lekin qayd etib o‘tishimiz kerakki, O‘zbekiston sharoitida, islohotlarimizning yangi tarixida ham ko‘radigan bo‘lsak, paxta ekiladigan maydonlar qisqarib bormoqda. Yana bir narsani ta’kidlashimiz kerakki, paxta ekiladigan maydonlarni kamaytirib, hosildorlikni oshirishga ko‘proq e’tibor berilmoqda. Shuning hisobiga biz kerakli paxta xomashyosini yetishtirishda davom etmoqdamiz. Yildan yilga hosildorlik oshyapti.
Yana bir jihatga urg‘u berish kerakki, paxta nooziq-ovqat mahsulot bo‘lgani bilan, klasterlar tizimi paydo bo‘lgach, tekstil sanoati rivojlangach biz paxtani to‘liq qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydik.
Qayd etish kerak, so‘nggi ikki yil ichida paxta va g‘alla ekiladigan maydonlar qisqartirildi. Orttirilgan yer maydonlari boshqa mahsulotlar — sabzavot, bog‘dorchilik va poliz mahsulotlari yetishtiradigan dehqon xo‘jaliklariga berilmoqda. Boz ustiga, uch martagacha hosil olish tajribalari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu masala avvalambor kambag‘allikni qisqartirish, ya’ni yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlashda xizmat qilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, 5 mln tonnaga yaqin qo‘shimcha mahsulot mana shu orttirilgan 200 ming gektar yerning hisobidan yetishtirilmoqda. Ya’ni ta’kidingiz o‘rinli. Bu tajriba muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu yil prezidentimiz tashabbuslari bilan yana 70 ming gektar yer paxta va g‘alladan qisqartirilib, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish maqsadida dehqon xo‘jaliklariga taqsimlab berish uchun ajratiladi.
— Oziq-ovqat mahsulotlarining turli kasalliklarga chidamli, to‘yimli navlari haqida.
— Tan olish kerak, avvallari bu sohada mehnat qilayotgan olimlarimiz o‘zlari bilan o‘zlari qolib ketgani uchun bu borada biroz to‘xtash bo‘lgandi. Ya’ni olimlarimizda turli ishlanmalar bo‘lgan, lekin bu ishlanmalar ilmiy tadqiqot institutlari, laboratoriyalarda qolib ketavergan. Hozir olimlarimizga sharoit yaratish, ishlab chiqarish bilan ilm-fanni uyg‘unlashtirish, zanjir hosil qilish, yangi hosildor navlarni yetishtirish borasida qadamlar tashlanmoqda.
Eng asosiy masala — sho‘rlangan yerlarga chidamli navlarni yetishtirish, ishlab chiqish. Hozirgina Xitoy Xalq Respublikasi vakillari bilan shu narsani muhokama qildik. Ularning ilmiy institutlari bilan sholi va paxta yetishtirish bo‘yicha navlarning chidamliligini oshirish masalasini gaplashib oldik. Hali suvsizlikka va turli kasalliklarga chidamli bo‘lgan navlarni yetishtirish masalasi ham bor. Buning ustida ham olimlarimiz ishlamoqda. O‘tayotgan konferensiya ana shu yo‘nalishda ishlarni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish uchun katta maydoncha bo‘ladi. Chunki 200 dan ortiq jahon darajasidagi mutaxassislar, professorlar, rektorlar ham kelgan. Konferensiya doirasida bizning mahalliy olimlarimizni ham bir joyga jamlaganmiz, ikki kun mobaynida ular muhokamalar va munozaralarda qatnashib, shu yo‘nalishda kelgusida qanday ishlashni belgilab olishadi.
— O‘zbekistonning bu borada avvalo mintaqamiz, so‘ngra jahon afkor ommasiga aytadigan asosiy messejlari nimalar bo‘ladi?
— Asosiy masalalardan biri — oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun birinchi galda zarur bo‘lgan mahsulotlarni tashish. Ya’ni «yashil koridorlar», «ekspress koridorlar»ni tashkil qilish. Bu yo‘nalishda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasi kun tartibida turibdi.
Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO bilan birgalikda, ularning strategiyasidan kelib chiqib, oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish masalasi ko‘riladi. Ya’ni biz mahsulotlarning yetishtirilayotgani va ularning iste’molini oldindan ko‘rish, prognoz va tahlil qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishni yo‘lga qo‘yamiz.
O‘zbekiston tomonining tashabbuslardan yana biri — Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarimizning shu yo‘nalishdagi birgalikda umumiy hamkorligi. Kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish asosida birgalikda mahsulot yetishtirish, mahsulot ayirboshlash kabi masalalar.
Shuhrat Shokirjonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarining vagon qismini 30 foizga oshiradi
15:42 / 30.10.2024
Ma’lumotlar “kaft ustida” bo‘lsa, to‘g‘ri qaror chiqarish ehtimoli ortadi – Toshkentda ma’lumotlarni boshqarish mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi
12:29 / 03.10.2024
“Resurslar tugaydi, g‘oyalar esa yo‘q” – kreativ iqtisodiyot konferensiyasi davom etmoqda
13:44 / 23.09.2024