Jahon | 13:03 / 07.09.2023
22319
6 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Ukrainaga kuchsizlantirilgan uranli snaryadlar yetkazib beradi. Ular qanchalik xavfli?

AQSh mudofaa vazirligi Ukrainaga navbatdagi yordam paketi taqdim etilishini e’lon qildi. Boshqa narsalar qatorida, bu paketga Amerikaning Abrams tanklari uchun mo‘ljallangan kuchsizlantirilgan uranli snaryadlar ham kiradi.

Foto: AFP

Bu bilan bir vaqtda, 6 sentabr kuni Kiyevga kelgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaga umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi yordam paketini e’lon qildi. Ushbu yordam Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga oladi.

Blinkenning aytishicha, AQSh ko‘magi Ukrainaning qarshi hujumiga yordam berishi lozim.

«So‘nggi bir necha hafta davomida Ukraina qurolli kuchlarining davom etayotgan qarshi hujumidagi oldinga siljish tezlashdi. Ushbu yangi paket uning sur’atini saqlab qolishga yordam beradi va uni yanada ko‘proq dastaklaydi», degan AQSh Davlat kotibi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.

Ukrainaga Amerikaning kuchsizlantirilgan uranli snaryadlari yetkazib berish haqidagi ma’lumot Pentagon rasmiy saytidagi press-relizda tasdiqlangan. Ushbu snaryadlar AQSh harbiy yordamining 175 million dollar miqdoridagi navbatdagi transhi doirasida yuboriladi.

Yordam, jumladan, HIMARS raketa tizimlari uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun jihozlar, Javelin va tankga qarshi AT-4 tizimlari, shuningdek, Abrams tanklari uchun kuchsizlantirilgan uranli 120 millimetrlik tank snaryadlarini o‘z ichiga oladi.

2023 yil mart oyida Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Ukrainaga Britaniyaning Challenger 2 tanklari uchun tarkibida kuchsizlantirilgan uran bo‘lgan o‘q-dorilar yuborishini tasdiqlagan edi.

Bu bayonot Rossiya rasmiylari, jumladan, prezident Vladimir Putinning o‘ta keskin reaksiyasiga sabab bo‘lgandi. Putin Buyuk Britaniyaning Ukrainaga kuchsizlantirilgan uranli snaryadlar yetkazib berish qarorini Rossiyaning Belarusga taktik yadro qurolini joylashtirishiga sabab deb atadi.

Shu bilan birga, BBC nashri avvalroq ukrainalik va rossiyalik qurol-yarog‘ bo‘yicha ekspertlarga tayanib, boyitilgan uranli o‘q-dorilar Rossiyada anchadan beri ishlab chiqarilishini yozgandi.

Kuchsizlantirilgan uran nima?

Kuchsizlantirilgan uran — boyitilgan uran ishlab chiqarishda paydo bo‘luvchi ikkilamchi mahsulotdir.

U o‘zining yuqori zichligi va mustahkamligi bilan ajralib turadi va shu fazilatlari tufayli harbiy texnika uchun zirh ishlab chiqarishda ham, o‘q-dorilar ishlab chiqarishda ham foydalaniladi. Zirh teshuvchi snaryadlar yadrosi asosan kuchsizlantirilgan urandan tashkil topadi.

Kuchsizlantirilgan uran, garchi zaharli va kanserogen (kasallik qo‘zg‘ovchi) hisoblansa-da, yuqori radioaktivlikka ega bo‘lmaydi.

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik kuchsizlantirilgan uran tabiiy uranga qaraganda ancha kam radioaktiv ekanini tasdiqlagan.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, kuchsizlantirilgan uran zarbasi ta’siriga tushgan harbiy xizmatchilarning sog‘lig‘ini o‘rganish shuni tasdiqlaydiki, uning ta’siri xodimlarning o‘lim darajasi statistik jihatdan sezilarli o‘sishiga olib kelmaydi.

Tahlil: nega kuchsizlantirilgan uranli snaryadlar urushdagi eng katta ekologik xavf emas?

BBC nashrining harbiy muxbiri Pavel Aksenov:

2023 yil mart oyida kuchsizlantirilgan uranli snaryadlar yetkazib berish haqidagi va’daning o‘zi Rossiyaga taktik yadro qurollarni Belarusga olib o‘tish uchun bahona bo‘ldi. O‘shanda Vladimir Putin bu snaryadlar, ular nishonga tegishi natijasida hosil qiluvchi «radiatsion chang» tufayli xavfli ekanini aytgandi.

Biroq, bu reaksiya yaqqol ortiqcha edi: yadroviy qurol, cheklangan quvvatga ega bo‘lsa ham, tank snaryadlarining uranli yadrolaridan farqli ravishda, baribir haqiqiy yadroviy quroldir.

Foto: Getty Images

Kuchsizlantirilgan uran haqiqatan ham radioaktiv modda, ammo undan foydalanish xalqaro miqyosda taqiqlanadigan darajada xavfli emas. Kuchsizlantirilgan uranli yadroga ega subkalibrli raketalar hech qanday konvensiya bilan taqiqlanmagan.

BMT Atrof-muhit dasturining 2022 yildagi hisobotida turli kasalliklarning rivojlanish xavfi tufayli Ukrainada kuchsizlantirilgan uranli o‘q-dorilaridan foydalanish ehtimolidan xavotir bildirilgan. Ammo xuddi shu hisobotda aytilishicha, modda aslida radiologik emas, balki kimyoviy faollik tufayli xavfliroqdir.

Kuchsizlantirilgan uran, kimyoviy agressivligi darajasida radioaktiv emasligi fakti, uni jangovar harakatlarda qo‘llash uchun juda zaif dalildir.

Ammo urush — nafaqat majoziy ma’noda, balki tom ma’noda ham iflos ish. Va kuchsizlantirilgan urandan yasalgan snaryad yadrolari urushdagi yagona va ehtimol, eng katta ekologik xavf emas.

Masalan, Rossiya Ukrainaga qarshi qo‘llayotgan, havodan uchiriluvchi X-22 qanotli raketasi juda zaharli AK-27I oksidlovchisi bilan to‘ldiriladi. U hatto ushbu raketalarga xizmat ko‘rsatuvchi Rossiya havo bazalari xodimlari uchun ham halokatli xavf tug‘diradi.

Ammo Rossiya armiyasi past aniqligi va ikki komponentli yonilg‘ining o‘ta zaharligiga qaramay, ushbu raketani ishlatishdan voz kechmayapti.

Hamma gap samaradorlikda. Ushbu raketani urib tushirish juda qiyin va uning jangovar kallagi katta quvvatga ega.

Xuddi shunday, kuchsizlantirilgan uranli subkalibrli snaryadlar shu qadar yuqori zirh teshuvchilik qobiliyatiga egaki, harbiylar ulardan foydalanishdan voz kechishi dargumon, ayniqsa ularning zarari yaxshi o‘rganilmagan bo‘lsa.

Муҳаммадқодир Собиров
Tayyorlagan Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid