O‘zbekiston | 19:27 / 07.09.2023
6322
4 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 7 yilda qariyb 5,3 ming kishi oqlandi. Bu kammi yoki ko‘p?

O‘zbekiston sudlari tomonidan 2016 yildan 2023 yilning iyul oyigacha bo‘lgan davrda 5 304 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. 2007-2015 yillar oralig‘ida esa oqlanganlar 110 kishini tashkil etgan.

Foto: Kun.uz

2011 yil dekabr oyida ishxonasidan jinoyatchilardek olib ketilib, o‘ylab topilgan ayblovlar bilan 12 yilga qamalgan hamda 2022 yilning 22 sentabr kuni Oliy sudda oqlangan Xazorasp tumani ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimi Dilshod Masharipov yoki birgina “i” harfi uchun sudga berilib, sarsongarchiliklardan so‘ng oqlangan Toshkent viloyatida yashovchi Abror Shamarovniki kabi taqdirlar ko‘p. Sud tizimi erkin bo‘lmagan jamiyatda bu kabi sinovli lahzalar og‘ir qismatga aylanishi, aybsiz fuqarolar peshonasiga sudlangan degan tamg‘a osongina yopishtirib qo‘yilishi hech gap emas.    

Raqamlarga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, O‘zbekistonda 2007-2015 yillarda sudlar tomonidan 688 354 nafar shaxsga nisbatan 498 730 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, atigi 110 nafar shaxs oqlangan. 2016-2022 yillar va 2023 yilning birinchi yarim yilligida esa 457 823 nafar shaxsga nisbatan 352 842 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan hamda 5 304 nafar shaxsga oqlov hukmi chiqarilgan. 

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, oqlov hukmlarining ortishi sud tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasi bilan bog‘liq.

Mamlakatda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish maqsadida qonunchilik bazasi xalqaro andozalarga uyg‘un tarzda takomillashtirib borilmoqda. Bu jarayonda rivojlangan davlatlar tajribasida muvaffaqiyatli tatbiq etilgan institut va tamoyillarni milliy amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilyapti. 

Jumladan, sud jarayonida ishlarning oshkora ko‘rilishi, tortishuv tamoyilini to‘liq ta’minlash maqsadida jinoiy-protsessual qonunchilikka 2021 yil fevraldan dastlabki eshituv instituti joriy etilgan. Mazkur institut orqali sud majlisida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan protsessual qonunbuzilishlarining oldini olishga, surishtiruv va tergov organlari faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishga imkoniyat yaratilgan.

Fuqarolik va iqtisodiy sudlarda esa sudgacha majlis instituti joriy etilgan. Bu ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga hamda taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlashga zamin yaratgan.

So‘nggi yillarda mamlakatda jinoiy jazolarni liberallashtirish, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, jinoyat ishini qo‘shimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilindi, qamoq tarzidagi jinoiy jazo turi tugatilib, uning o‘rniga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoning muqobil turlarini qo‘llash imkoniyati kengaytirildi. Bu ish bo‘yicha barcha holatlar sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishiga, natijada oqlov hukmlari ko‘payishiga asos yaratgan.

So‘nggi yillarda sudlar tomonidan qabul qilingan oqlov hukmlari sonining ortib borayotgani – sud tizimi faoliyatidagi real ijobiy tendensiyadir. Umuman aytganda, sudlarning faoliyati jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat tamoyilini ta’minlashdan iborat. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda qaror qabul qilish chog‘ida asosiy e’tibor oqlov yoki ayblov hukmi chiqarishga emas, balki har jihatdan qonuniy, asosli va adolatli hukm chiqarishga qaratilishi g‘oyatda muhim.

Sudlar tomonidan qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilinishi zamirida jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirish, fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, fuqarolarning sudlarga ishonchini oshirish kabi ko‘plab maqsadlar mujassamdir”, deydi Aziz Obidov .

Mavzuga oid