O‘zbekiston | 21:15 / 09.09.2023
25064
11 daqiqa o‘qiladi

Ikki yoshli qurbon oxirgisi emas: shahar ko‘chalaridagi quduqlar qopqoqlari nega yo‘qoladi?

Respublikamizning turli shahar ko‘chalarida og‘zi ochiq qolgan quduqlarni ko‘plab uchratish mumkin. Buning oqibatida yuz bergan ko‘ngilsizliklar ham oz emas. Hatto o‘lim holatlari uchrab turibdi. Xo‘sh, quduqlar usti nega ochiq qoladi, ularning qopqog‘i kimga kerak? Kun.uz muxbiri shu savollarga javob izladi.

Zangiota tumanida 2023 yil 29 avgust kuni yo‘qolgan 2 yoshli bola kechga yaqin qopqog‘i yo‘q quduqdan o‘lik holda topildi. Ma’lum bo‘lishicha bola o‘ynab ko‘chaga chiqqan va quduqqa tushib ketgan. Umuman, O‘zbekistondagi turli shaharlarda yurganda, tez-tez ko‘chalarda usti ochiq quduqlarga ko‘z tushadi. Quduqlar qurilayotganda barchasining usti qopqoq bilan yopiladi. Xo‘sh, keyin nega ularning usti ochilib qoladi? Olib yurish qiyin bo‘lgan qopqoqlar nega va qayerga yo‘qoladi?

Bu savolga javob topish qiyinmas, quduqlarning qopqoqlarini o‘g‘irlab ketishadi. Masalan, Guliston shahar IIBning xabar berishicha, yaqinda ushbu shahar hududida ichimlik va oqova suvlari kuzatuv quduqlariga o‘rnatilgan qopqoqlarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olingan.

Boyovut tumanida yashovchi uch nafar shaxs 2023 yil iyun-avgust oylarida Guliston shahridagi to‘rtta mahalladan “Sirdaryo suv ta’minoti” MChJga qarashli ichimlik va oqova suvlari kuzatuv quduqlariga o‘rnatilgan 86 dona qopqoqni o‘g‘irlagan.

So‘ng qopqoqlarning har birini 480 ming so‘mdan, jami 41 mln 280 ming so‘mga sotib yuborgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatgan. 

Ushbu shaxslar Gulistondan o‘g‘irlangan 60 dona temir qopqoqni Mirzaobod tumani Toshkent mahallasi hududida joylashgan temir bozoriga olib borib, fuqaro O.N.ga sotgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qarshi shahar hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2022 yilda shahar hududidan jami 200 ga yaqin qopqoq yo‘qolgan.

Jumladan, “Qashqadaryo suv ta’minot” MChJ Qarshi shahri bo‘limi tomonidan xatlov qilinganda shahardagi 107 ta ichimlik va oqova suv kuzatuv quduqlarining qopqoqlari yo‘qolgani (noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani) aniqlangan.

Shuningdek, “Qarshishahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi va “O‘ztelekom” Qarshi shahri filialiga tegishli bo‘lgan 80 ga yaqin quduqlarning qopqoqlari yo‘qolgan.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra esa 2022 yilda shaharda turli tashkilotlarga tegishli bo‘lgan 200 ga yaqin qopqoq yo‘qolgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilar hatto kuzatuv kameralari bor joylardagi quduqlarning qopqoqlarini o‘g‘irlamoqda. Bunda ular davlat raqami yechib olingan mashinalardan foydalanadi va qopqoqni olayotganda yuzlariga niqob taqib oladi.

Nega qopqoqlar tez-tez yo‘qoladi?

Bunga asosan mas’ul tashkilotlarning holatga panja orasidan qarashlari sabab bo‘lmoqda. Ya’ni ular uchun qopqoq o‘g‘irlash jiddiy jinoyat hisoblanmaydi va bu uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atib, ommaning e’tiborini tortish shart emas deb hisoblashadi.

Shu sababli ham aksariyat hollarda qopqoq o‘g‘rilari topilmaydi yoki yuqorida yozilgan sabablarga ko‘ra qopqoqqa egalik qiluvchi tashkilotlar ularni topish uchun IIBga murojaat ham qilmaydi.

Buni ism-sharifi sir qolishini so‘ragan mutasaddi ham tasdiqladi. Uning aytishicha, qopqoqlarni olib ketgan odamlar topilganda ham ish jinoyat ishi qo‘zg‘atilishgacha olib borilmaydi. 

O‘g‘ri qopqoqni qaytaradi, yoki kimga olib borib sotganini aytadi va qopqoqning egasi bo‘lgan tashkilot da’vosidan voz kechadi. Oqibatda, yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qoladi. Jazolanmagan o‘g‘ri esa katta ehtimol bilan ertasi kuni boshqa qopqoqni o‘g‘irlashda davom etadi.

Qopqoq o‘g‘rilarini topish va ularga qonuniy jazo berilmasligi mutasaddi tashkilotlarning panja orasidan qarashlariga yana bir misol.

Yaqinda hamkasblarimdan biri Samarqand shahridagi metall mahsulotlari sotiladigan temir bozorga borgan. Bozor oralab yurganida unga noma’lum shaxs «Aka, sotiladigan qopqoq bormi?» deb so‘ragan.

Hamkasbimning taxminicha undan sotiladigan qopqoq so‘ragan shaxs temir bozorda savdo qiladigan tadbirkorlardan biri bo‘lgan. Hamkasbimga ko‘ra, bozorda sotiladigan qopqoqlar ko‘rinmaydi, ya’ni ochiq sotilmaydi.

U bozorni aylanib bo‘lgach chiqib ketishdan avval, sotuvchilardan biriga «Kolodets qopqog‘i kerak edi, qidirib yuribman», debdi. Shunda sotuvchi, «Unday narsalarni bozorga ochiq qo‘yib sotib bo‘lmaydi, o‘zingiz tushunasiz-ku. Sizga nechta kerak, yuring ko‘rsataman» deb do‘koniga boshlabdi.

Hamkasbim uning ortidan bormay, qopqoqlarning narxini so‘raganday bo‘libdi va qimmat ekan deb u yerdan uzoqlashibdi. Ko‘rinadiki, o‘g‘irlangan qopqoqlar temir bozorlarda yashirincha sotiladi.

Buni yuqorida keltirganim, Gulistondan o‘g‘irlangan qopqoqlarning asosiy qismini Mirzaobod tumanida joylashgan temir bozoriga olib borib sotishgani ham isbotlab turibdi.

Qolaversa, Samarqanddagi temir bozorida qopqoqlar yashirincha sotilyaptimi, demak «bir balosi» bor.

Demak, hamma gap qopqoqni yo‘qotayotgan va uni qidirib topishi lozim bo‘lgan tashkilotlarda. Agar qopqoq yo‘qolganda uning egasi bo‘lgan tashkilot darhol IIBga xabar bersa va ular yashirincha qopqoq sotib oluvchilar hamda sotuvchilarga chora ko‘rishsa, ularni o‘g‘irlashga hech kim jur’at qila olmasdi deb o‘ylayman.

Ochiq qolgan quduq tufayli sodir bo‘lgan fojia

Maqola yozilayotganda ijtimoiy tarmoqlarda usti ochiq qolgan quduq tufayli sodir bo‘lgan fojia – 2021 yilda tug‘ilgan bolakayning o‘limi haqidagi xabarlar tarqaldi.

2023 yil 29 avgust kuni Zangiota tumani «Qahramon» MFYda qariyb ikki yoshga yetgan o‘g‘il bola yo‘qoldi. Tez orada bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar berildi.

Hamma bolani qidirishga tushdi, biroq u hech qayerda yo‘q edi. Kechga yaqin bolaning jasadi qopqog‘i yo‘q quduqdan topiladi. Ma’lum bo‘lishicha, bola o‘ynab ko‘chaga chiqqan va usti ochiq qolgan quduqqa tushib ketgan.

Afsuski, Zangiotada sodir bo‘lgan hodisa quduqlarning usti ochiq qolayotgani ortidan kelib chiqqan birinchi fojia emas. Mamlakatning boshqa burchaklarida ochiq quduqlarning qopqog‘i yo‘qligi uchun boshqa ko‘ngilsizliklar va fojialar yuz berayotgan bo‘lishi mumkin.

Shaxsan o‘zim ham qorong‘ida usti ochiq qolgan quduqqa tushib ketib, oqibatda, qo‘l-oyog‘ini sindirib olgan yoki nogiron bo‘lib qolgan odamlar haqida eshitganman.

Yoki ochiq qolgan quduqqa mashinalarning balloni tushib ketib, oqibatda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani, mashina shikastlanib, odamlar jarohatlangani guvohi bo‘lganman.

Shundan kelib chiqilsa, qopqoq o‘g‘irlash bilan shug‘ullanadigan shaxslarga qarshi jiddiy kurashish kerak. Biroq yuqorida yozganimdek, ayrim holatlarni aytmaganda bizda yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolib ketyapti.

Nima qilmoq kerak?

Hozir vaziyat shundayki, qaysidir shaharda ovloq ko‘chadagi qopqoq o‘g‘irlanadi va bozordagi temirfurushga sotiladi. Uni yo‘qotgan tashkilot birgina qopqoq uchun IIBga murojaat qilib yurmaydi va aynan o‘sha temirfurushdan o‘zi yo‘qotgan qopqoqni sotib olib, joyiga qo‘yadi.

«Mazaxo‘rak» bo‘lgan o‘g‘ri ertasi kuni o‘sha qopqoqni yana o‘g‘irlaydi va olib borib temir bozorda sotadi. Yo‘qotgan tashkilot uni yana sotib olib o‘rniga qo‘yadi va bu jarayon keti uzilmaydigan zanjirday davom etaveradi.

Qopqoq o‘g‘rilarining qidirilmasligi, ularni topib, qonuniy chora ko‘rilmasligida IIB xodimlarini ham ayblab bo‘lmaydi. Chunki aksariyat hollarda quduqlarga egalik qilayotgan tashkilotlar “arzimagan bitta qopqoq” uchun IIBga murojaat qilib yurmaydi.

Biroq ana shu «arzimagan bitta qopqoq» yo‘qolgani tufayli odam o‘lib ketishi mumkin.

Yoki YTH yuz berib mashinalar shikastlanishi, odamlar jarohatlanishi ham mumkin. Qolaversa, yo‘qolgan qopqoq topilmasa, uning o‘rniga budjet mablag‘i sarflanib, yangisi sotib olinadi.

Turli shaharlardagi quduqlarga kimlar egalik qiladi, shu savolga javob bersak. Quduqlarning ba’zilariga hududlardagi suv ta’minoti korxonalari, «Suvoqova» tashkiloti, boshqalariga «O‘ztelekom»ning joylardagi filiallari egalik qiladi.

Birinchi navbatda quduq qopqog‘i yo‘qolganida darhol IIBga murojaat qilinishi kerak. Keyin esa hududlardagi IIB temir bozorlarda reyd o‘tkazishi va yashirincha sotilayotgan qopqoqlarni topib, ularni kim olib kelayotgani bilan shug‘ullanishi va aybdorlarga qonuniy chora ko‘rishi shart.

Shuningdek, temir bozorlardagi barcha sotuvchilar jiddiy ogohlantirilishi, agar yashirincha o‘g‘irlangan qopqoqni sotib olsa jiddiy jazolanishi kerak.

Bundan tashqari, mahallalarda metallolom yig‘ib sotish bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkor shaxslar (hozir bunaqalar ham juda ko‘paygan) jiddiy nazorat qilinishi lozim.

Qopqoq o‘g‘irlaydigan shaxslar ularni hech kimga sotolmasa, shu ishni yig‘ishtiradi. Aks holda Zangiotadagiga o‘xshab, ochiq qolgan quduqlar tufayli fojialar sodir bo‘lishda davom etaveradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri

Ғайрат Йўлдошев
Muallif Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid