Jahon | 13:40 / 09.09.2023
9253
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa kengashi rahbari Rossiyani Ukraina portlari blokadasini olib tashlashga chaqirdi

Rossiya nafaqat Ukrainada, balki butun dunyoda o‘ta muhtojlarni, jumladan, Janubiy Osiyoda ham oziq-ovqatdan mahrum etmoqda, dedi Sharl Mishel Hindistondagi G20 sammiti oldidan.

Foto: Reuters

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Rossiyani Ukrainaning Qora dengiz portlariga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi. «G‘alla bitimi»dan chiqqandan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi Ukraina portlarini to‘sib qo‘ydi va ularga hujum qilmoqda, buni qabul qilib bo‘lmaydi, dedi u 8 sentabr, juma kuni Nyu-Dehlida, G20 rahbarlarining uchrashuvi arafasida. «Buni to‘xtatish kerak», dedi Mishel

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga hujum qilishda, uning shaharlarini vayron qilishda davom etmoqda, ammo urush «Ukraina chegaralaridan uzoqda, shu jumladan Janubiy Osiyoda ham odamlarni ochlikka duchor qilmoqda». «Dunyo bo‘ylab 250 milliondan ortiq odam o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda. Ukraina portlariga hujumlar ularni juda zarur bo‘lgan oziq-ovqatdan mahrum etmoqda», - dedi Yevropa kengashi rahbari. 

Sharl Mishel g‘alla tashuvchi kemalar Qora dengizga xavfsiz kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning eslatishicha, 2022 yil yozida kelishilgan «g‘alla yo‘lagi»ga ko‘ra, jahon bozoriga 30 milliondan 32 million tonnagacha Ukraina g‘allasi eksport qilingan va u «birinchi navbatda rivojlanayotgan mamlakatlarga» jo‘natilgan. «Shuning uchun Afrikaga bir million tonna g‘alla yetkazib berish haqidagi taklif mutlaqo bema’ni», - deya qo‘shimcha qildi Mishel. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarining Yevropa «birdamlik kanallari» orqali muqobil eksporti yo‘llarini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda, bu orqali «hozirgacha 41 tonna g‘alla yetkazib berilgan». 

Nyu-Dehlida G20 sammiti 

G20 sammiti 9-10 sentabr kunlari Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tadi, uning asosiy mavzularidan biri Ukraina urushi bo‘yicha umumiy pozitsiya bo‘ladi. Xususan, sammitda AQSh prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Olaf Shols ishtirok etadi. Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak allaqachon Hindistonga yetib borgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammitda qatnashmaydi, Rossiya tomonidan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etadi. Xitoy rahbari Si Jinping ham bo‘lmaydi. 

G20 19 ta eng muhim sanoatlashgan va rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan, shuningdek, Yevropa Ittifoqidan iborat. Ular dunyo aholisining uchdan ikki qismini, shuningdek, jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 85 foizini tashkil qiladi. 

2023 yil iyul oyida Rossiya urushga qaramay, Qora dengiz orqali Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish imkonini beradigan «g‘alla bitimi»ni uzaytirishdan bosh tortdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid