Britaniya kompaniyasi taklif etgan Toshkent va Yangi Toshkentning umumiy loyihasi ma’qullandi (foto)
5 sentabr kuni Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi prezidentga taqdim etilgan edi. Taqdimotdan keyin qurilish vaziri o‘rinbosari, Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi rahbari Davronjon Odilov loyiha bo‘yicha ayrim ma’lumotlarni ochiqladi.
“Hurmatli prezidentimiz: “Tabiat bilan yaqindan muloqot qiladigan, urf-odatlarimizga tayangan holda, mahalla hamjamiyatini, jamoatchilikni bir-biriga yaqinlashtiradigan, ulfat qiladigan shahar qurishni xohlayapman”, deb topshiriq bergan edilar. Buning uchun eng qulay joyni tanlab bergan edilar. Tanlangan joy bo‘yicha barcha ekologlar va mutaxassislar ijobiy xulosa berdi.
Ikki daryo oralig‘ida quriladigan bu shahar bizning ham quruq yozimiz, ham qishimizda aholiga mayinlik beradigan, ya’ni shamol yo‘nalishlaridan tortib, quyosh chiqishi va botishigacha hisobga olingan, barcha tendensiyalar inobatga olingan holda loyihalashtirilgan”, – dedi Odilov “Menimcha” ko‘rsatuvida namoyish etilgan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi shaharni hozirgi Toshkent bilan muvaffaqiyatli birlashtirgani uchun Buyuk Britaniyaning Cross Works arxitektura kompaniyasi taklif etgan loyiha tanlab olingan. Taqdimot slaydlarida bu kompaniya Yangi Toshkent bosh rejasining ishlab chiquvchisi sifatida ko‘rsatilgan.
“Hozirgi mavjud Toshkent bilan integratsiyasi juda katta savol bo‘lib turgan edi. To‘g‘ri, biz uni Yangi Toshkent deb nomlayapmiz, lekin bu o‘zi bilan “eski” Toshkentni ham yangilab yuborishi kerak edi. Bitta jarayonda bular ikkalovi bitta qon, bitta arteriya bo‘lib ketishi ketishi kerak edi, ya’ni “eski” va yangi shaharlar tikilishi kerak edi. Prezidentimiz ularning alohida-alohida shaharlar bo‘lib qolishini maqsad qilmaganlar. Prezidentning maqsadlari – yangi shahardagi yangi g‘oya, yangi kuch, yangi g‘ayrat “eski” shaharni ham o‘zi bilan tortib olib ketishi kerak edi.
Hozirgi mavjud Toshkent bilan birlashgan loyiha Britaniyaning Cross Works degan kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan, prezidentning o‘zilari ham shu loyihani tanladilar. 20 dan ortiq xorijiy va bir nechta mahalliy tashkilotlarning xulosalari bilan shu loyihaga yuqori baho berilgan edi”.
Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, loyihani ishlab chiqishda yashillikka alohida e’tibor berilgan.
“Dunyo standartlariga ko‘ra, aholi jon boshiga yashillik 8-10 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Hozir biz yangi shaharda aholi jon boshiga 20-30 kvadrat metr yashillikni nazarda tutganmiz. Bu ko‘rsatkich yangi shaharni bog‘ shahar qilib yuboradi. Eski Toshkent bilan yagona balansda umumiy olganimizda, Toshkentda yashillik ko‘rsatkichi xalqaro normalardan ancha baland bo‘lib, umumiy aholiga 12-13 kvadrat metr yashil maydon to‘g‘ri keladigan bo‘ladi”.
Odilovning aytishicha, yangi Toshkentning iqlimi “tropik shaharning iqlimiga yaqinlashadi”.
“Ya’ni shaharning istalgan nuqtasidan 20-25 daqiqa yayov yurib, sohil bo‘yiga tushishingiz mumkin. Inson uchun zarur bo‘ladigan kundalik barcha xizmat turlari, sport maydonchalari, bolalar maydonchalari bilan ta’minlangan sohil bo‘yida bemalol ham madaniy hordiq chiqarishingiz, ham sog‘lig‘ingizni tiklashingiz mumkin”.
Yangi Toshkentni qurish direksiyasi rahbari qurilish ishlari qachon boshlanadi degan savolga berdi.
“Qurilish ishlarini ikkiga bo‘lishimiz mumkin: shaharning tagini va ustini qurish. Avvalo shaharning tagini qurishimiz kerak. Shuning uchun birinchi infratuzilma, logistika qurilishlarini hozir yo‘l qurishdan boshlaganmiz. Yo‘llar tagi infrastrukturasining ham loyihalash ishlarini oxiriga yetkazyapmiz, amaliy ishlarni faol ravishda oktyabr oyidan boshlaymiz. Undan keyin yer ustidagi qurilishlar haqida gapirsak bo‘ladi”.
Toshkentboshplan LITI direktori o‘rinbosari Saidazim Sharipovning aytishicha, Yangi Toshkentni loyihalashtirishda ijtimoiy obektlarning 15 daqiqalik piyoda yo‘l bosish masofasida joylashtirishga e’tibor berilyapti.
“Konsepsiyadagi asosiy g‘oyalarimizdan bittasi – insonlarning 15 daqiqa yayov yurish masofasi, ya’ni 1200 metrda ijtimoiy obektlarni joylashtirish. Ya’ni kundalik hayotda qondirish kerak bo‘lgan ehtiyojlar piyoda yurish masofasida bo‘lishi nazarda tutilgan”, – dedi Sharipov.
Shaharning yuqoridan ko‘rinishi eskizlari
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024