Jahon | 13:15 / 11.09.2023
11062
3 daqiqa o‘qiladi

Volodin: AQSh va YeI Rossiyada saylovlar o‘tmasligi uchun hamma narsani qildi

Ammo ularning rejalari barbod bo‘ldi, dedi Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi spikeri.

Foto: RIA Novosti

Vashington va Bryussel Rossiyada va asosan uning «yangi sub’yektlarida» saylovlar o‘tmasligi uchun hamma narsani qildi, biroq ularning rejalari barbod bo‘ldi. Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Rossiyada bo‘lib o‘tgan saylovlarni shunday izohladi.

Rossiyalik siyosatchi mamlakatda Rossiya Federatsiyasining 85 ta sub’yektida saylovlar yakunlanganini eslatdi. «21 tasida mintaqa rahbarlari saylandi. 4 ta okrugda - Davlat dumasi deputatlari. 20 tada - qonun chiqaruvchi majlislar deputatlari», — deb yozdi Volodin Telegram-kanalida. 

Uning ta’kidlashicha, birinchi marta Rossiya qonunchiligiga muvofiq saylovlar «yangi sub’yektlar»: Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson viloyatlarida o‘tkazildi. 

«Vashington va Bryussel bu saylovlar bo‘lmasligi uchun hamma narsani qildi: provokatsiyalar, qo‘rqitish va Kiyev rejimi tomonidan o‘qqa tutish. Ammo ularning rejalari barbod bo‘ldi. Saylovchilarning xavfsizligi ta’minlandi, ovoz berish ochiq, halol, raqobat sharoitida o‘tdi», - deya ta’kidlaydi siyosatchi. 

10 sentabr kuni Rossiyada yagona ovoz berish kuni bo‘lib o‘tdi. 2023 yilda aksariyat hududlarda uch kunlik saylovlar o‘tkazildi – 8-10 sentabrda, faqat beshta hududda ovoz berish bir kundan ikki kungacha davom etdi. Umuman olganda, Rossiya Federatsiyasining 85 ta sub’yektida turli darajadagi saylovlar o‘tdi. 21 ta hududda to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqori mansabdorlar saylovi, 20 ta sub’yektda esa qonun chiqaruvchi organlarga deputatlar saylovi o‘tkazildi. Xususan, Sergey Sobyanin 100 foiz protokollar qayta ishlangandan so‘ng, Moskva merligiga saylovda 76,39 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani ma’lum bo‘ldi. 

Shuningdek, ovoz berish birinchi marta Rossiya Federatsiyasining «to‘rtta yangi mintaqasi» - Xerson, Zaporijjya, Luhansk va Donetsk viloyatlarida kuzatildi. 2022 yil 24 fevralda Ukrainada harbiy mojaro boshlanganidan keyin hududlar Rossiya Federatsiyasi nazoratiga o‘tdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid