Jamiyat | 13:52 / 12.09.2023
20999
9 daqiqa o‘qiladi

«Sag‘ri teri tilsimi» – tilaklariga umrini alishgan yigit fojiasi

Fransuz adibi Onore de Balzak «Sag‘ri teri tilsimi» romani orqali kitobxonlarga pul-boylik, mansab, obro‘, o‘tkinchi hissiyotlar, umuman, hech narsa umrning qiymatiga teng kelmasligini anglatishga harakat qiladi. Bundan tashqari, insonning xohishlari hech qachon tugamasligi, odam istaklarini butunlay jilovlay olishga qodir bo‘lolmasligini ko‘rsatib beradi.

Syujyet:

Rafaelni otasi qattiqqo‘llik bilan tarbiyalaydi. Yoshlikdan bilim olishga yo‘naltirilgan, tartibli turmush tarzi bilan ulg‘aygan bola tengqurlariga nisbatan odob-axloqli, risoladagidek farzand bo‘lib yetishadi. Uning otasi o‘ziga to‘q, biznesmen odam edi. Ammo omadsizlik yuz berib, kasodga uchraydi va vafot etadi. Yigit yolg‘izlik, kambag‘allik domida qoladi.

Uyini arzimas pulga sotadi-da (majbur bo‘ladi), o‘zi Goden ismli xonimning kulbasida ijaraga yashay boshlaydi. Bu xonimning eri harbiy bo‘lib, bedarak ketgan, xonim uning kelishini intizorlik bilan kutardi. Qizi Polina Rafaeldan musiqa va turli fanlarni o‘rgana boshlaydi. Yigit bu qizni sevib qolmaslikka qattiq tirishadi. Sababi unga boy, chiroyli kiyingan, aslzoda ayollar yoqardi. Va tinmay aristokratlar orasiga kirishga urinardi.

Bir kuni do‘sti orqali shunday aslzoda jamiyatning aslzoda ayoli bilan tanishadi ham. Uning ismi Feadora edi. 21-22 yoshli bu go‘zal xonim atrofidagilarni shunday maftun qilgan ediki, oshiqlari ko‘payib ketgandi. Ammo u hech kimga mayl bildirmas, turmushga chiqish haqida o‘ylab ham ko‘rmas, sevgi izhor etgan yigitlarni o‘zidan uzoqlashtirib, qiynoqqa solib rohatlanardi. 

Rafael ham tabiiyki, Feadoraning mana shu makr to‘la to‘riga ilinadi. Ayol yigitning idealidagidek edi. Bir muddat bordi-keldilardan so‘ng Feadora yigit bilan jiddiy gaplashib olmoqchiligini aytadi va uchrashgach o‘zini sevib qolgudek bo‘lsa, quvib solajagini ma’lum qiladi. O‘ylab yurgan izhor-u rejalari chippakka chiqqan yigit biroz sarosimaga tushadi-yu, ammo aloqalari do‘stlik chegarasidan chiqmasligiga va’da berishga o‘zida kuch topadi.

Yigitning borgan sari Feadoraga ishqibozligi va qiziqishi ortib boradi. Bu ayol Rafaelga juda sirli ko‘rinardi. Uning o‘tmishi, ilgari turmushga chiqqani yoki chiqmagani, bundan keyin turmush qurish rejasida bor-yo‘qligini hech kim bilmasdi, bilolmasdi ham. Ayolning sirlarini bilish maqsadida Rafael hattoki bir kecha bazm vaqtida suyuklisining yotog‘iga yashirinib oladi va tonggacha Feadoraning nimalar bilan shug‘ullanishini yashirincha kuzatadi. Ayolning yolg‘iz qolganida hamma dardlari qalqib chiqishiga, to‘shakka kirgach «Ey Xudoyim-ey» deya, hasrat bilan uyquga ketishiga guvoh bo‘ladi. 

Yigit kambag‘alligi sabab Feadora bilan uchrashuvlarida qiyin holatlarga tushib qolardi. Bu narsa uni azobga solardi. Ba’zan Polinadan qarz olib turishga majbur bo‘lardi. Polina yigitga jon dili bilan yordam berishga oshiqardi. Uning har bir harakatida yigitga bo‘lgan kuchli muhabbat aks etib turardi. Bir kun yigit Feadora bilan qattiq tortishib qoldi va ayol Rafaelning nafsoniyatiga tegdi. Bundan qattiq ranjigan yigit hissiz sevgilisini butunlay tark etadi. Ketayotib boy bo‘lib ketishga ahd qiladi. 

Ammo tez orada yigit qattiq tushkunlikka tushib qoladi. Ijara uyini ham tark etib, o‘zini o‘ldirishga qaror qiladi. Joniga qasd qilgani ketayotib, eski va tarixiy buyumlar do‘koniga kirib qolgan yigit bir chol bilan uchrashib qoladi. Chol unga g‘ayritabiiy tilsimni ko‘rsatadi. Bu tilsim sag‘ri teri bo‘lib, unga xo‘jayinlik qiluvchi zotning barcha istaklarini amalga oshirishga qodir edi. Ammo bitta shart: istak bajarilgach teri qisqarardi. U bilan birgalikda istak egasining ham hayoti kamayib borardi. Ya’ni har bir istak umr evaziga bajo bo‘lardi.

Hayotdan to‘yib turgan Rafael o‘ylab o‘tirmay bunga rozi bo‘ladi. Tilsim ishga tushgach yigitning birinchi istagi boy bo‘lib ketish bo‘ldi. U shaharning eng boy odamiga aylandi. Ammo uning beixtiyor ko‘nglidan o‘tkazgan tilaklari ham amalga oshib, teri qisqarib boravergach yigit sarosimaga tusha boshlaydi. Hayoti ko‘ziga ko‘rinib ketgach, uydan chiqmay ham qo‘yadi.

Bir kun teatrga borgan yigit u yerda Feadorani ko‘radi, ammo hech narsa his qilmaganiga hayron bo‘ladi. Shu payt yigitning lojasiga sohibjamol notanish qiz kirib o‘tiradi. Hammaning ko‘zi shu parivashdaligini ko‘rgan yigit o‘girilib qarasa, yonida Polina o‘tirganini ko‘radi. Quvonch va hayajondan ikkisi ham o‘zida yo‘q shod bo‘lishadi. Polinaning dadasi juda katta boylik bilan qaytgan, endi qizning oilasi aslzodalardek hayot kechirardi. 

Tez orada yigit ham, qiz ham bir-birini qanchalar qattiq sevishini anglab yetadi va oila qurishadi. Turmushlari juda totli kecha boshlaydi. Ammo yigitning umri tobora tugab bormoqda edi. Bundan esa borgan sari sarosimaga tushib borishardi. Yigit umrini uzaytirish uchun har turli yo‘llarni qo‘llab ko‘rdi. Afsuski, ilm-fan ham, texnika ham sag‘riga bas kelolmadi. Oxir borib yigitning umri bitdi...

Tahlil:

Insoniyatning odati shuki, ko‘pincha uzoqlarni ko‘zlaydi-da oyog‘i ostidagi baxtini ko‘rmaydi. Boyliklarga bo‘ylaydi-da, samimiy hislarni nazarga ilmaydi. Dunyo tomon chopadi-yu, umrning, vaqtning qiymatini his qilmaydi. Qahramonimiz Rafael ham ayni shunday holatni boshdan kechirdi va eng qimmatli sanalmish hayotini boy berdi. 

Aslida u kiborlar jamiyatidan izlagan baxt Polinaning ko‘rimsizgina kulbasida ortig‘i bilan topilardi. Yigit istagan chiroy Polinada qalb go‘zalligi bilan birga mujassam, kerak bo‘lsa ortiqroq ham edi. Yigitning bir lahzagina umri har qanday dunyoviy narsalardan qadrliroq edi. Ammo bularni Rafael o‘z vaqtida tushunib yetolmadi.

O‘tkinchi bir satang sabab dunyo ko‘ziga qorong‘i va jirkanch ko‘rindi. Aslida hayot emas, u intilayotgan jamiyat jirkanch ekanini sezolmadi. Feadora asarda jamiyat timsoli bo‘lib kelgan. Jamiyat kabi kibor, jamiyat kabi xudbin, jamiyat kabi manman, jamiyat kabi soxta...

O‘sha chirkin jamiyat o‘ziga odamni qanday jalb qilib, botqog‘iga botirsa, Feadora ham erkaklarni shunday to‘riga ilintirib, o‘ziga maftun qiladi-da, keyin tuflab otadi. U shundan zavqlanadi. Unga kishilarni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘yish rohat bag‘ishlaydi, kuch beradi.

Rafael hayotdan, Feadoradan alamzada bo‘lib turgan chog‘da tiriklik uning uchun sariq-chaqaga arzimasdek tuyulib turgandi. Shu sababdan ham sag‘ri teri tilsimining shartlariga o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘ldi. Boylig-u martabagayam erishdi. Ammo tobora sag‘rining qisqara borishini ko‘rib, azoblana boshladi. Tushundiki, hayotining bir lahzasiga ham bu o‘tkinchi va jonsiz narsalar arzimas ekan. Insonning baxtli bo‘lishiga ko‘p narsa emas, shunchaki sog‘liq, sevgan insoning yoningda bo‘lishi va atrofdagilarning samimiy munosabati bo‘lsa bas ekan.

Asar odamzotning istaklari hech qachon tugamasligi, nafsi to‘ymasligini ko‘rsatib bergan. Rafael bir muddat odamlardan yashirinib ham yurdi. Xonaga qamalib o‘tirdi. Chunki tashqarida xohish-istaklar og‘zini katta ochib yigitni yutishga, umr ipini batamom uzishga tayyor turardi. Istaklarini boshqarishga esa ojiz edi. Boisi nafsga kuchi yetmaydi.

Istaklar qanchalik bo‘y cho‘zmasin, ularga erishish uchun umrni hadya qilish emas, osonlik bilan kelgan baxtga umrni tikkandan ko‘ra halol mehnat bilan baxtga erishish lozim.

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid