Iqtisodiyot | 07:53 / 13.09.2023
16766
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Xitoy yordamida O‘zbekistonga ko‘mir yetkazib berishni rejalashtirmoqda

Qirg‘izistonning ikkita konida yoqilg‘i qazib olishga Xitoy kompaniyalari jalb etiladi.

Foto: RIA Novosti

Qirg‘iziston Xitoy ko‘magida ko‘mir qazib olishni, jumladan, eksportga chiqarishni kengaytirmoqda. Bu haqda respublika energetika vaziri Taalaybek Ibrayevga tayanib «Akchabar» xabar berdi.

Bu haqda amaldor navbatdagi isitish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ko‘mir konlarini o‘zlashtirish Qirg‘iziston va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati forumining asosiy mavzusiga aylandi.

Tadbirda 15 ta ikki tomonlama shartnoma imzolandi. Ulardan 9 tasi ko‘mir sanoatiga, shu jumladan Qirg‘izistondagi ikkita uchastkada to‘g‘ridan to‘g‘ri qazib olishga tegishli.

«Rejada yiliga 1,8 ming tonna qazib olish ko‘zda tutilgan, – dedi Ibrayev. – Kelgusi yildan boshlab qo‘shnimiz O‘zbekistonga ko‘mir eksport qilishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz».

Iyun oyida «O‘zkimyosanoat» konserni uning shu’ba korxonasi «O‘zkimyoimpeks» Qirg‘izistondan mahalliy iste’molchilar uchun ko‘mir sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Buning uchun u «Qirg‘izko‘mir» davlat korxonasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzdi.

O‘zbekiston Qozog‘istondan ham ko‘mirni faol xarid qilmoqda – faqat dastlabki to‘rt oyning o‘zida u yerdan olib kelingan import hajmi 255 ming tonnani yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobar ko‘pni tashkil qildi. Qozog‘iston tomoni bu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish niyatida.

Mavzuga oid