Jahon | 22:02 / 14.09.2023
12737
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston prezidenti Markaziy Osiyodagi suv inqirozi masalasiga to‘xtaldi

Sadir Japarov Dushanbeda mintaqa davlatlari prezidentlari bilan uchrashuvda suv tanqisligi muammosini ko‘tardi.

Foto: president.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish uchun keskin, aniq va samarali choralar ko‘rish zarur, deb hisoblaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa davlatlari suv-energetika resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi 1998 yilgi bitimni tiklashi lozim.

«Men Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida 1998 yilda Norin-Sirdaryoning suv-energetika resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi bitim doirasida hamkorlikni qayta tiklash va takomillashtirish bo‘yicha ishlarni boshlashni taklif qilaman, bunda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida suv-energetika resurslari muvozanatli almashinuvi nazarda tutiladi», dedi prezident.

Japarov Qirg‘iziston tomoni ochiq va suv-energetika masalalari bo‘yicha konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidladi.

«Shuningdek, Bishkekda Markaziy Osiyo mintaqasida energiya tejamkor va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etishni taklif etaman, bu esa butun mintaqamizda suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlaydi», dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Sadir Japarov, shuningdek, muzliklarsiz suv ham, suvsiz esa hayot bo‘lmasligini alohida ta’kidladi.

«Qayd etish joizki, bir davlatdagi suv-energetika muammolari hal etilmagani Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarini suv bilan ta’minlash masalasida ham o‘z aksini topishi mumkin. Shu sababli, biz manfaatdor davlatlarni mintaqa suv resurslarining deyarli yarmini tashkil etuvchi mamlakat sifatida Qirg‘iziston suv xo‘jaligiga sarmoya jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kuchlarini birlashtirishni taklif qilamiz. Ishonchim komil, bu nafaqat suv-energetika resurslaridan samarali foydalanish imkonini beradi, balki turli tabiiy ta’sirlarga chidamlilikni oshiradi», dedi Japarov.

Mavzuga oid