Jahon | 12:05 / 15.09.2023
13483
5 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In Komsomolsk-Amurdagi aviatsiya zavodiga tashrif buyurdi

«Vostochniy» kosmodromida Putin bilan muzokaralardan so‘ng KXDR rahbari Komsomolsk-Amurga tashrif buyurdi. Bu yerda Kim Chen In fuqarolik va harbiy samolyotlar ishlab chiqariladigan zavodni ko‘zdan kechirdi.

Foto: AP

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 15 sentabr, juma kuni Rossiyaga ko‘p kunlik safari doirasida Komsomolsk-Amurdagi aviatsiya zavodiga tashrif buyurdi. Kim Chen In poyezdda Komsomolsk-Amur vokzaliga yetib keldi, u yerdan samolyotsozlik zavodiga yo‘l oldi, deb xabar bermoqda Rossiya OAV. Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Komsomolsk-Amurda Kim fuqarolik va harbiy samolyotlar ishlab chiqariladigan zavodlarga tashrif buyurishini aytgan edi. Bu shaharda Yu.Gagarin nomidagi aviatsiya zavodi bo‘lib, u yerda «Su» markali samolyotlar ishlab chiqariladi.

RIA «Novosti» agentligi Kim Chen Inning Komsomolsk-Amur temiryo‘l vokzaliga yetib kelgani aks etgan kadrlarni e’lon qildi, u yerda Shimoliy Koreya rahbarini Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Mixail Degtyarev, shahar meri Aleksandr Jornik, Muhandislik maktabi o‘quvchilari va «Drujba» raqs guruhi kutib olgan. Kim Chen In qizil gilam bo‘ylab o‘tgan, u musiqa jo‘rligida non va gullar bilan kutib olingan.

Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik 

13 sentabr kuni «Vostochniy» kosmodromida Kim Chen In va Vladimir Putin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘zlariga ko‘ra, yetakchilar sovg‘a sifatida karabinlarni almashgan. Peskov Kimning Rossiyada yana bir necha kun qolishini aytdi, biroq qo‘shimcha hech qanday ma’lumot bermadi. 

Rossiya Shimoliy Koreya bilan unga sun’iy yo‘ldoshlar yaratishda yordam berish hamda harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. O‘z navbatida, Kim Chen In Rossiyani g‘arb bilan qarama-qarshilikda qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. Ikkala davlat ham «imperializm»ga qarshi birgalikdagi kuchlar bilan kurashish niyatida ekanini bildirdi. Rossiya va KXDR rahbarlarining bu bayonotlari Ukraina urushi fonida yangradi. Bu urush davomida, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 9,6 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan va 17,5 mingdan ortiq odam yaralangan.

Kimning Uzoq Sharqqa tashrifidan keyin Shimoliy Koreya va Rossiya KXDRda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish niyatida. Putin Kimning Shimoliy Koreyaga tashrif buyurish taklifini qabul qildi. 

AQSh va Janubiy Koreya yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi 

Ayni paytda, AQSh prezident Bayden ma’muriyati Rossiya va Shimoliy Koreya qurol-yarog‘ bo‘yicha yangi kelishuvlarga kirishsa, ularga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llashdan tortinmasligi haqida ogohlantirdi. «Biz Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasida qurol-yarog‘ savdosida vositachi bo‘lgan sub’yektlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha bir qator choralarni ko‘rdik va agar kerak bo‘lsa, qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llashdan tortinmaymiz», — dedi 14 sentabr kuni AQSh Davlat departamenti vakili Metyu Miller.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya hamkorlikni kengaytirish masalasini muhokama qilayotgani xavotirli, bu BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining buzilishini anglatishi mumkin. «Hamkorlik va harbiy ta’minot kengayib borayotgani ko‘rilsa, bu chuqur tashvishga soladi va potensial BMT Xavfsizlik kengashining ko‘plab rezolyutsiyalarini buzadi», dedi Miller. 

Janubiy Koreya, shuningdek, Rossiya va KXDR o‘rtasida qurol-yarog‘ bo‘yicha bitimlar tuzilgan taqdirda Rossiyaga qarshi turli choralar, jumladan, sanksiyalar qo‘llashini istisno etmaydi, deya ma’lum qildi Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pak Chin 15 sentabr kuni. «Shimoliy Koreya yetakchilar sammiti natijasida Rossiya bilan qurol savdosi bo‘yicha har qanday kelishuvga erishishi Koreya yarimorolida xavfsizlik va tinchlikka o‘ta jiddiy tahdid bo‘ladi», - deya ta’kidladi diplomat. 

Mavzuga oid