O‘zbekiston | 11:47 / 15.09.2023
37896
5 daqiqa o‘qiladi

YHXB inspektori qo‘llagan jarima sudda bekor bo‘ldi. Savodi chala xodim fuqarolarni jazolamoqda

Toshkent shahrida taqiqlovchi yo‘l belgisida harakatlangan taksi haydovchisiga 3,3 mln so‘m jarima yozildi. Sud esa YHXB inspektorining qarorini bekor qilib, ishni qayta ko‘rishga yubordi. Jarimaning bekor bo‘lishiga taqiqlovchi belgi litsenziyali taksilar uchun amal qilmasligi inobatga olinmagani bo‘lgan. Yozma rasmiylashtirilgan bayonnomani o‘qib esa inspektorning “savodi” qanchalik ekaniga baho berish mumkin.

Foto: Kun.uz

2023 yil 4 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida haydovchi Akbarxo‘ja Xoliqovning arizasiga binoan unga nisbatan qo‘llangan jarima bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqildi. Sudda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2023 yilning 24 iyul kuni soat 14:06da tegishli litsenziya asosida taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Akbarxo‘ja Xoliqov mijozni manzilga yetkazib qo‘yish maqsadida Cobalt mashinasida Chilonzor tumani prokuraturasi qarshisida 3.2-harakatni taqiqlovchi yo‘l belgisi o‘rnatilgan ko‘chaga kirgan. Hududda xizmat olib borayotgan inspektor Murodullo Muhammedov haydovchiga qarama-qarshi yo‘lda harakatlanganini aytib, bayonnoma rasmiylashtirgan.

Shu tariqa, Toshkent shahar IIB YHXBning 2023 yil 23 avgustdagi qarori bilan taksi haydovchisi MJtKning 1285-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 3,3 mln so‘m jarima qo‘llangan.

MJtKning 1285-moddasi 2-qismida transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzar nazarda tutilgan.

Biroq haydovchi Akbarxo‘ja Xoliqov yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlanmaganligini, 3.2 taqiqlovchi belgisi o‘rnatilgan ko‘chaga kirganini va yo‘l harakati qoidalariga binoan taksi haydovchisi sifatida bunga haqli ekanini aytib, YHXB qarorini bekor qilishni so‘ragan holda ariza bilan sudga murojaat qilgan.

Amaldagi yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, 3.2 yo‘l belgisi taqiqlovchi yo‘l belgilari sirasiga kiradi. 3.2-3.8 belgilari ta’sir oralig‘ida joylashgan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalariga, shuningdek, ushbu belgilar ta’sir oralig‘ida yashovchi yoki ishlovchi fuqarolarga xizmat qiluvchi yoki ularga tegishli bo‘lgan transport vositalariga ta’sir qilmaydi. Bunday hollarda transport vositalari belgilangan joyga yaqin chorrahadan kirib yoki chiqib ketishlari kerak bo‘ladi. Shuningdek, ushbu taqiqlovchi yo‘l belgisi talablari jamoat transportlariga (avtobus, trolleybus, tramvay va yo‘nalishli taksilarga) hamda nogironlar boshqaradigan avtomobillarga ta’siri yo‘qligi qayd etilgan.

Ishni o‘rganib chiqqan sud surishtiruv organi tomonidan ish hujjatlariga yuzaki, bir tomonlama yondashilib, Akbarxo‘ja Xoliqovning vajlari e’tiborga olinmasdan holat to‘liq tekshirilmagan deb hisobladi. Sud qarori bilan Toshkent shahar IIB YHXBning Akbarxo‘ja Xoliqovga nisbatan jarima qo‘llash haqidagi qarori bekor qilindi hamda ish qayta ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar IIB YHXBga yuborildi.

Inspektorga kim hushtak chaladi?

Kun.uz'ning e’tiborini tortgan yana bir jihat YHXB inspektori Murodullo Muhammedov rasmiylashtirgan bayonnoma bo‘ldi. Inspektorning yo‘l belgilarini qo‘llash tartibini bilmasligi bir fojia bo‘lsa, uning savodi (savodsizligi desa ham bo‘ladi) bu fojia ko‘lamini yanada kattalashtiradi.

Bayonnomada 35 ta so‘z yozgan inspektor 15 ta grammatik va orfografik xatoga yo‘l qo‘ygan.

Surxondoryo– Surxondaryo

Surxandoryv – Surxondaryo

Shurchi – Sho‘rchi

Voktincha – Vaqtincha

Koblt – Kobalt (Cobalt)

Yyengil – yengil

Ok – Oq

Uzbek – o‘zbek

ugli– o‘g‘li

Abduroxmonova – Abdurahmonova

Xaydovchi – Haydovchi

pirakratura – prokuraturasi

kuchasi – ko’chasi

xarakotlonish – harakatlanish

yul – yo’l

Buzilmagan yo‘l qoidasi uchun hushtagini chalgan inspektorga buzilgan til qoidasi uchun hushtakni kim chaladi?

Ishni qayta ko‘rib chiqadigan Toshkent shahar IIB YHXB bayonnomaning qonuniyligidan tashqari inspektorning xat-savodi ustida ham bosh qotiradi, deb umid qilamiz.

Kun.uz Davlat mehnat huquq inspeksiyasi inspektorlari bir varaq qarorda 113ta xatoga yo‘l qo‘ygani haqida ham yozgan, maqoladan so‘ng o‘sha paytdagi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tanqid qilingan inspektorlardan nazorat diktanti olgandi.

Ruslan Saburov

Kun.uz

Mavzuga oid