O‘zbekiston | 14:13 / 16.09.2023
30991
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi 

Zufar Qurbonov ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. U bu lavozimda Najmiddin To‘raxo‘jayev o‘rnini egalladi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

O‘zbekistonda ichki ishlar vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda “Davlat boshqaruvi” kanali xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Zufar Qurbonov ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ish boshladi.

Tayinlovga qadar Z.Qurbonov “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan.

IIVda vazirning axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi hozirga qadar vakant edi. Unga quyidagi xizmatlar bevosita bo‘ysunadi: Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash boshqarmasi; Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi; Huquqiy statistika va tezkor-hisob ma’lumotlar markazi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yanvaridan ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Najmiddin To‘raxo‘jayev 2023 yil iyul oyi oxirida prezident raisligidagi videoselektorda ishdan olingandi.

Ma’lumot uchun, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning hozirda 6 nafar o‘rinbosari va 3 nafar maslahatchisi bor. Ular:

  • vazirning birinchi o‘rinbosari - polkovnik Shavkat Rahmonov;
  • vazir o‘rinbosari - general-mayor Bekmurod Abdullayev;
  • vazir o‘rinbosari - general-mayor Davron Nazarmuhammedov;
  • vazir o‘rinbosari - polkovnik Yahyo Abdulhaqov;
  • vazir o‘rinbosari - polkovnik Saidkarim Nishonboyev;
  • vazir o‘rinbosari - general-mayor Bahodir Mirzarahimov;
  • vazir maslahatchisi - general-polkovnik Zokir Almatov;
  • vazir maslahatchisi - polkovnik Shohrux G‘iyosov;
  • vazir maslahatchisi - podpolkovnik Xurshid Ro‘ziyev.

Mavzuga oid