Jahon | 09:17 / 18.09.2023
6788
2 daqiqa o‘qiladi

Sudan poytaxtida hokimiyat uchun kurashayotgan kuchlar o‘rtasida yana janglar boshlandi

Sudanda aprel oyidan beri hokimiyat uchun kurashayotgan mamlakat armiyasi va tezkor harakat kuchlari o‘rtasida yana janglar avj oldi.

Foto: Reuters

Sudan poytaxti Xartumda Sudan armiyasi va Tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasida shiddatli janglar qayta boshlandi, deb xabar berdi dpa axborot agentligi 17 sentabr, yakshanba kuni guvohlarga tayanib.

Xartum hamda qo‘shni Bahri va Omdurman shaharlarida og‘ir artilleriya va harbiy samolyotlar ishtirokidagi janglar shanba kuni ertalabdan beri davom etmoqda. Sudan armiyasi Xartum markazidagi armiya shtabiga RSF hujumini qaytarganini va RSF’ning o‘nlab jangchilarini o‘ldirganini bildirdi. RSF yo‘qotishlar haqida izoh bermadi.

Poytaxtdagi janglar natijasida bir qancha binolar, jumladan, neft kompaniyasining 18 qavatli minorasi yonib ketdi, deb yozadi dpa. Tinch aholi orasidagi yangi qurbonlar haqida hech narsa ma’lum emas. Xartum markazi asosan evakuatsiya qilingan, biroq uning atrofidagi turar joylarda janglar ketmoqda, deb yozadi dpa. 

Sudandagi janglar 

Davlat rahbari Abdulfattoh Al-Burxon boshchiligidagi Sudan armiyasi va harbiylashtirilgan Tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasidagi janglar 15 apreldan beri davom etmoqda. Hech bir tomon haligacha ustunlikka erishmadi va hokimiyatni to‘liq qo‘lga kirita olmadi. Vaqti-vaqti bilan tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olyapti. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 250 mingga yaqin odam mamlakatni tark etgan, 840 mingdan ortiq kishi esa ichki ko‘chirilganlar ro‘yxatida. Yuzlab tinch aholi vakillari qurolli to‘qnashuvlar qurboni bo‘ldi, minglab odamlar yaralandi. 

Mavzuga oid