Rossiyaning O‘zbekistonda maktab qurish taklifi noto‘g‘ri talqin qilinmasligi kerak - bosh vazir matbuot kotibi
Bekzod Hidoyatov so‘zlariga ko‘ra, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro rasmiy kelishuvlarga asosan, bir davlat hisobidan boshqa davlat hududida maktab va shunga o‘xshash ijtimoiy obektlar qurish an’anasi jahon tajribasida mavjud.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Moskva shahrida O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning 4-majlisida madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik bo‘yicha bildirilgan muayyan taklif mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilmaslikka chaqirdi.
Yig‘ilishda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya tomoni O‘zbekistonda rus tilida va Rossiya dasturlari asosida ta’lim beriladigan bir nechta maktab qurishga tayyorligini bildirgan edi.
Bekzod Hidoyatov so‘zlariga ko‘ra, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro rasmiy kelishuvlarga asosan, bir davlat hisobidan boshqa davlat hududida maktab va shunga o‘xshash ijtimoiy obektlar qurish an’anasi jahon tajribasida mavjud. Bu o‘zaro ijtimoiy yordam sifatida tasniflanadi.
«Shuni alohida qayd etish lozimki, xorijiy mamlakatlar tomonidan qurib beriladigan maktablarning ta’lim dasturlari dastlab soha mutaxassislari tomonidan milliy urf-odat, qadriyat va an’analarimiz, tariximiz, amaldagi qonun hujjatlarimiz, mavjud ta’lim standartlarimiz nuqtayi nazaridan chuqur o‘rganib chiqiladi. Agar qurib berilishi taklif etilayotgan maktab va uning dasturi yuqorida nazarda tutilgan talablarga mazmunan mos kelsa, ushbu ta’lim muassasasining faoliyat yuritishi uchun o‘rnatilgan tartibda litsenziya beriladi», deyiladi munosabatda.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qo‘shma komissiya majlisida taklif mamnuniyat bilan qabul qilinishini aytgan edi.
«Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar qurish taklifini katta mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Shuni aytishni istardimki, O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq umumta’lim maktablari bor, ularning 10 foizida rus tilida ta’lim beriladi», dedi Aripov.
Mavzuga oid
16:28 / 25.11.2024
O‘zbekiston banklarida «Gazprombank» UnionPay kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘xtatildi
16:00 / 23.11.2024
“Prezidentimiz, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi, dedilar” – Abdulla Aripov Boysunda bo‘lib qaytdi
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
08:50 / 22.11.2024