Nuqtayi nazar | 17:02 / 20.09.2023
187704
2 daqiqa o‘qiladi

Zangezur koridoriga nafaqat Armaniston, balki Eron ham qarshi

Agar Ozarboyjon yo‘lak ochilishida harbiy harakat boshlasa, Eron ham qarab turmaydi, deydi siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov.

Turkiya TIV Hoqon Fidan (chapda) va Eron TIV Husayn Amir Abdullohian (o‘ngda). Tehron, 2023 yil sentabr

Zangezur koridori bo‘yicha bu vaziyatga Eron ham aralashishi mumkin. Chunki yaqinda Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari uchrashganda, Eron tashqi ishlar vaziri bayonot berdi. Unda “biz Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi tinch muzokaralardan manfaatdormiz, lekin mintaqaviy koridorlarni egallash va bloklashga mutlaq qarshimiz” dedi. Bu degani Ozarboyjon transport koridorini nazoratga olishiga qarshimiz, degani. Eron kerak bo‘lsa, kuch ishlatishi mumkin, bu bilan Turkiyaga signal berildi.

Bilamizki, Eron shimolida 20 mln atrofida ozarlar yashaydi, yo‘lak ochilishi esa Eronning hududiy yaxlitligi masalasini ko‘taradi. Agar Ozarboyjon yo‘lak ochilishida harbiy harakat boshlasa, Eron ham boshlaydi. Eron buni Armaniston roziligisiz ham to‘g‘ridan to‘g‘ri boshlashi mumkin, chunki masala Eron uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Isroil omili ham bor. Ozarboyjonning qurol-yarog‘ bilan asosiy ta’minlovchisi Isroil hisoblanadi. Stokholm Xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi 4-5 yil ichida Ozarboyjonning 60 foizdan ortiq qurol-yarog‘ini Isroil ta’minlagan. Isroilning bunday siyosatidan maqsad – Eronning mintaqaga ta’sirini zaiflashtirish. Balki, Eron shimolidagi ozarlarni ham qo‘llashdir.

Bjyezinskiyning Buyuk shaxmat taxtasi kitobida ham “Katta Ozarboyjon” loyihasi haqida gap bor, ya’ni Erondagi hududlarni qo‘shib olish. Shuning uchun Eron bu masalada keskin choralar ko‘rishi mumkin.

Suhrob Bo‘ronov,
siyosatshunos

Yuqoridagi fikrlar Suhrob Bo‘ronovning Kun.uz saytiga bergan intervyusidan olingan.

Mavzuga oid