Angrendagi bog‘chalarda bolalarning zaharlangani hodisasi yuzasidan tergov boshlangan – manba
3 ta davlat bog‘chasida bir vaqtning o‘zida 40 nafar bola zaharlangan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar ovqatdan zaharlangan bo‘lishi mumkin. Kun.uz’ning ichki ishlar organlaridagi manbasiga ko‘ra Angren shahar IIB holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov harakatlari olib bormoqda. Buni viloyat prokuraturasi axborot xizmati rahbari Asatilla Fatxullayev tasdiqladi.
2023 yil 14 sentabr kuni Angren shahar IIBga shahar tibbiyot birlashmasidan bolalar zaharlanishi holati bo‘yicha xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Angren shahridagi 1, 10, 37-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotlarining jami 40 nafar tarbiyalanuvchisi bolalar shifoxonasiga ich ketish, isitma va qayt qilish bilan murojaat qilgan. Bolalarga tibbiy ko‘rikdan so‘ng oshqozon faoliyatining funksional buzilishi tashxisi qo‘yilgan. Holat yuzasidan hodisa sodir bo‘lgan joyga tergov-tezkor guruhi yetib borgan.
Hozirgi vaqtda bolalarning 16 nafari uyida, 4 nafari Angren shahar bolalar shifoxonasining 2-pediatriya bo‘limida, 3 nafari shahar tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida, 16 nafari shahar markaziy shifoxonasining infeksion bo‘limida hamda 1 nafari bolalar shifoxonasi jonlantirish bo‘limida davolanmoqda. Shifoxonalarda davolanayotgan 24 nafar boladan 3 nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda.
O‘rganish davomida oxirgi 10 kunlik taomnoma bo‘yicha bolalarga tarqatilgan oziq-ovqat mahsulotlardan (sho‘rva, shovla, pomidor-bodringli va mevali salatlar, grechkali bo‘tqa, tvorogli shirinlik, ichimlik suvi, kompot), shuningdek, tarbiyalanuvchilarning qoni va peshob namunalari olinib, tahlil o‘tkazish uchun Toshkent viloyat SEO va JSX boshqarmasi qoshidagi laboratoriyaga yuborilgan.
Holat yuzasidan Angren shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 2571-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oldinroq Sanepidqo‘mita Angren shahridagi 10-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalarning ovqatdan zaharlanishi holati bo‘yicha o‘z xulosasini bergandi.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024