O‘zbekiston | 07:46 / 22.09.2023
3851
2 daqiqa o‘qiladi

Koreya mutaxassislari bilan Chirchiq daryosi ifloslanishi oldini olish masalasi o‘rganildi

Chirchiq daryosida suv nisbatan kamligi tufayli tabiiy tozalanish imkoniyatlari kamayib, ifloslanish ortib bormoqda.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Janubiy Koreyaning GEOSTORY kompaniyasi bilan hamkorlikda «Chirchiq daryosi havzasida suv ifloslanishini boshqarishning aqlli tizimi va atrof-muhit monitoringi markazini tashkil etish bo‘yicha Pre-F/S» loyihasini amalga oshirmoqda.

Loyihaning 2-bosqichi doirasida GEOSTORY kompaniyasi mutaxassislari respublikaga tashrif buyurdi va Chirchiq daryosi suvlari tarkibini o‘rgandi. Belgilangan nuqtalardan olingan suv namunalari tarkibi joyida 6 ta ko‘rsatkich bo‘yicha tahlil qilindi.

Tahlil natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, daryoning yuqori qismida joylashgan ko‘p korxonalar chiqindi suvlarini o‘rnatilgan tartiblargacha tozalamasdan umumiy tozalash inshootiga jo‘natadi. Asosan, biologik usulda maishiy suvlarni tozalashga mo‘ljallangan tozalash inshootlari bunday murakkab tarkibli suvlarni tozalash imkoniyatiga ega emas. Chirchiq daryosida suv nisbatan kamligi tufayli tabiiy tozalanish imkoniyatlari kamayib, ifloslanish ortib bormoqda.

Sanoat oqova suvlari nazoratini kuchaytirish dolzarb masala bo‘lib, moliyalashtirish amalga oshirilgach, belgilangan nuqtalarda onlayn nazorat datchiklari o‘rnatish zarur va bu chiqindi suv tashlamalarini doimiy nazoratga olish imkonini beradi.

Tashrif davomida Chirchiq daryosining yuqori va quyi oqimlarida monitoring ishlari olib borildi.

Mavzuga oid