Rossiya hukumati yonilg‘i eksportini cheklab qo‘ydi
Aftidan, Rossiya hukumati avtobenzin va dizel yonilg‘isi eksportini taqiqlagan. Hukumat matbuot xizmati ushbu taqiqni ichki bozorni yonilg‘i bilan to‘ldirish maqsadidagi vaqtinchalik chora deb atadi.
O‘rim-yig‘im kampaniyasi vaqtida ko‘tarilgan ichki yonilg‘i narxini barqarorlashtirish maqsadida Rossiya hukumati 21 sentabr, payshanba kuni avtomobil benzini va dizel yonilg‘isi eksportini taqiqladi. Avvalroq Rossiyaning janubiy viloyatlari va Qrimda yonilg‘i taqchilligi qayd etilgan edi.
Yonilg‘i eksportini cheklash to‘g‘risidagi hukumat qarori ochiq e’lon qilinmadi, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin devonining matbuot xizmati va hukumat idoralari taqiqni «vaqtinchalik cheklov» deb atadi hamda uning mohiyatini oshkor etmadi. Qayd etilishicha, ko‘rilgan chora Rossiya ichki bozorini yonilg‘i bilan to‘ldirishga qaratilgan.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 20 sentabr kuni vazirlar narxlar oshishini cheklash bo‘yicha radikal choralar ko‘rishga tayyorligini aytdi. Sankt-Peterburg birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar uchun qoidalarni kuchaytirish fonida ulgurji narxlar pasayishni boshladi, ammo chakana narxlar o‘zgarishsiz qoldi.
Rossiyada yonilg‘ining birja narxi
Pasayishdan keyin ham, 21 sentabrda AI-92 benzinining bir tonnasi 61,8 ming rubl, qishloq xo‘jaligi texnikasi va yuk mashinalari uchun zarur bo‘lgan yozgi dizel yonilg‘isi bir tonnasi 71,8 ming rublni tashkil qildi. 31 iyul kuni narx bir tonna uchun 57 ming rubldan past edi, ya’ni u 25 foizga o‘sgan.
Narx oshishiga jahon bozorlaridagi narxlarning yuqoriligi, rubl qadrsizlanishi va hukumat tomonidan yonilg‘i dempferi keskin qisqartirilishi – Rossiya va xorijda neft kompaniyalari ichki bozorda narxlarni ushlab turishi evaziga budjetdan oladigan kompensatsiyadagi tafovut sabab bo‘ldi. Budjetni tejash maqsadida ushbu kompensatsiya miqdori kamaytirildi.
Mavzuga oid
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07 / 20.11.2024
O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqchi
21:03 / 19.11.2024