Jahon | 09:36 / 22.09.2023
4648
4 daqiqa o‘qiladi

Sudan rahbari xalqaro hamjamiyatni RSF’ni terrorchilik guruhi deb tan olishga chaqirdi

To‘qnashuvlar RSF qo‘mondonligining muvaqqat davlat rahbari Abdul Fattoh al-Burhonni ag‘darishga urinishlariga javoban boshlandi. 

Foto: AP

Sudan suvereniteti kengashi rahbari va armiya qo‘mondoni general Abdul Fattoh al-Burhon xalqaro hamjamiyatni aprel oyi o‘rtalaridan beri Sudan armiyasiga qarshi kurashayotgan Tezkor harakat kuchlarini (RSF) «terrorchi guruh» deb tan olishga chaqirdi

Burhon Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida 2023 yil 15 apreldan beri davom etayotgan armiya va RSF o‘rtasidagi to‘qnashuvlar mavzusiga to‘xtaldi. 

Abdul Fattoh al-Burhon o‘z nutqida shunday dedi: 

«15 apreldan beri Sudan xalqi RSF jangchilari va unga aloqador guruhlar tomonidan terrorizmga duch kelyapti. Isyonchilarga Sudan tashqarisidan olib kelingan yollanma askarlar yordam bermoqda. Bu guruhlar qotillik, talonchilik, o‘g‘irlik, zo‘rlash kabi og‘ir jinoyatlarni sodir etyapti. Fuqarolarning uylari va mol-mulkini tortib oldi. Ular fuqarolik obektlarini, jumladan, ijtimoiy xizmatlar, shifoxonalar va davlat idoralarini vayron qilyapti. Sudan xalqining tarixi va o‘ziga xosligini yo‘q qilishga harakat qilmoqda, davlat muassasalariga, aeroportlarga, muzeylarga hujum sodir etmoqda, tarixiy mulklarni, yer registrlarini, fuqarolik va sud hujjatlarini yo‘q qilmoqda, banklarni, davlat va xususiy kompaniyalarni talon-toroj etyapti. Og‘ir jinoyatlar uchun hibsga olinganlar ham qamoqxonalardan ozod qilindi». 

Burhonning qayd etishicha, Darfurdagi bu kuchlar etnik tozalash, jinsiy zo‘ravonlik, irqiy qotillik, qiynoqlar va urush jinoyati hisoblanishi mumkin bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirmoqda. 

«Bu barcha jinoyatlar uchun biz xalqaro hamjamiyatni ushbu kuchlarni terrorchi guruhlar sifatida tasniflashga chaqiramiz», dedi Abdul Fattoh al-Burhon.

Sudandagi qarama-qarshilik 

Afrika davlatida keskinlikning navbatdagi bosqichi 15 aprel kuni RSF qo‘mondonligining muvaqqat davlat rahbari Abdul Fattoh al-Burhonni ag‘darish urinishlariga javoban boshlandi. 

Qurolli to‘qnashuvlar butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, poytaxt Xartum, Umdurman va Bahri shaharlari, shuningdek, Darfur tumani va Ubaydada davom etmoqda. 

RSF bo‘linmalari poytaxtning markaziy qismlarida, shuningdek, Chad, Liviya, Markaziy Afrika va Janubiy Sudan bilan chegaradosh hududlarda ham faol. 

O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvlar va ziddiyatli tomonlarga xalqaro bosim o‘tkazilayotganiga qaramay, qon to‘kilishi to‘xtamayapti. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Sudan aholisining yarmidan ko‘pi, 25 millionga yaqin kishi favqulodda humanitar yordamga muhtoj, ammo faqat ikki millionga yaqin sudanlik yordam olyapti.

BMTning Humanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 15 apreldan buyon millionlab odamlar o‘z mamlakati ichida o‘z uylarini tashlab ketgan va yarim milliondan ortiq qochqinning 60 foizga yaqini Misrda qo‘nim topgan. 

Mavzuga oid