Rossiya o‘z filmini ketma-ket ikkinchi yil «Oskar»ga nomzod qilib ko‘rsatmaydi
Rossiya o‘z filmlarini «Amerika kinoakademiyasi mukofoti»ga nomzod qilib ko‘rsatishni nomaqbul deb hisobladi. Ukrainadagi urushdan oldin rus filmlari muntazam ravishda xorijiy tildagi eng yaxshi film nominatsiyasida mukofot uchun kurash olib borardi.
2023 yilda Rossiya o‘tgan yilgidek o‘z filmini nufuzli «Oskar» kinomukofotiga nomzod qilib ko‘rsatmaydi, Rossiya Oskar qo‘mitasining ishi esa to‘xtatildi. Bu haqda 22 sentabr, juma kuni qo‘mita sobiq uch nafar a’zosiga tayanib, TASS agentligi xabar berdi.
Xususan, prodyuser va rejissyor Fyodor Popovning aytishicha, «Rossiya sanksiyalarga duchor bo‘layotgan, rus madaniyati, sporti va boshqa narsalari ta’qib va taqiqlarga duchor bo‘lgan hozirgi sharoitda «Oskar» Amerika kinoakademiyasi mukofotiga nomzod bo‘lish juda nomaqbul ko‘rinishga ega bo‘ladi». Agentlik ism-sharifini oshkor qilmagan yana ikki suhbatdosh ham 2023 yilda Rossiya Federatsiyasining filmi «Chet tilidagi eng yaxshi film» nominatsiyasida ishtirok etmasligini tasdiqladi. Rossiya Milliy kino san’ati va fanlari akademiyasi prezidiumi matbuot xizmati TASS so‘roviga javob bermadi.
Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiya Kinoakademiyasi bir tomonlama ravishda rus filmini «Oskar»ga nomzod sifatida ko‘rsatishdan bosh tortdi. Natijada, Rossiya Oskar qo‘mitasi raisi, bu qaror haqida TASS ma’lumotidan xabar topgan Pavel Chuxray o‘z lavozimini tark etdi. Ushbu «noqonuniy qaror Oskar qo‘mitasi rahbarlari bilan kelishilmasdan qabul qilingan» va tashkilot a’zolaridan «nafaqat maslahat olinmagan, balki ular bunday qaror haqida xabardor ham etilmagan», dedi Chuxray milliy Oskar qo‘mitasi a’zolariga yo‘llagan maktubida. Undan tashqari yana bir qancha mashhur rossiyalik kinoijodkorlar 2022 yilda qo‘mita tarkibini tark etdi.
Rossiya, SSSR va «Oskar»lar
Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanishidan oldin Rossiya muntazam ravishda o‘z filmlarini «Chet tilidagi eng yaxshi film» nominatsiyasida «Oskar» mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatgan. Ular bir necha bor akademiyaning yakuniy ro‘yxatiga kiritilgan. Birinchi «Oskar»ni Rossiyaga 1995 yilda Nikita Mixalkovning «Quyoshda toliqqanlar» dramasi olib kelgan. Besh yil o‘tgach, ssenariy muallifi va rejissyor Aleksandr Petrov «Eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film» nominatsiyasida Ernest Xemingueyning «Chol va dengiz» hikoyasiga moslashtirilgan filmi bilan g‘olib bo‘lib, orzu qilingan haykalchani oldi.
SSSRda birinchi «Oskar» 1943 yilda «Eng yaxshi hujjatli film» nominatsiyasida olingan. Mukofot «Moskva yaqinidagi nemis qo‘shinlarining mag‘lubiyati» filmini suratga olgan 15 front operatorining ishi uchun berilgan. «Xorijiy tildagi eng yaxshi film» nominatsiyasida SSSR yana uchta «Oskar» olgan: Sergey Bondarchukning «Urush va tinchlik», Akira Kurosavaning «Dersu Uzala» va Vladimir Menshovning «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi» filmlari uchun.
Mavzuga oid
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07 / 20.11.2024
O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqchi
21:03 / 19.11.2024