Jahon | 09:47 / 23.09.2023
4259
2 daqiqa o‘qiladi

YeK Ukrainani Yevroittifoqqa qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqida tavsiya beradi

Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi davlatlariga Ukrainani qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni oktyabr oyida boshlash tavsiyasini berishga tayyorlanmoqda. Shart sifatida regulyator korrupsiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishishni talab qiladi, deb xabar beradi Bloomberg.

Foto: Stephanie Lecocq / EPA / TASS

Yevrokomissiya oktyabr oyida YeI mamlakatlariga Ukrainani YeIga qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Bloomberg 22 sentabr, juma kuni manbalarga tayanib. Ularning aytishicha, muvaqqat qadamlar sifatida regulyator Ukraina bir qator ustuvor sohalarda, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishishini talab qilishi mumkin. 

Yevropa Ittifoqi davlatlari dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan sammitda Yevrokomissiya tavsiyalarini ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ayrim davlatlar, jumladan, Vengriyaning ham pozitsiyasi hali aniqlanmagan, deya qayd etdi manbalar. 

Yevropa Ittifoqi davlatlari Yevrokomissiya tavsiyalarini ma’qullagandan so‘ng, Ukraina rasmiylari zarur islohotlarni yakunlashi va Ukraina qonunlarini 30 dan ortiq sohada Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiqlashtirishi kerak bo‘ladi. Bloomberg bu bir necha yil davom etishi mumkinligini taxmin qilmoqda. 

Ukraina Yevropa Ittifoqi talablarining 99,9 foizini bajarganini da’vo qilmoqda 

Manbalar qayd etishicha, Yevrokomissiyaning Ukraina YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya etishdan bosh tortishi siyosiy jihatdan nomaqbul bo‘ladi, chunki Ukraina qurolli tajovuzkorlik tufayli allaqachon og‘ir ahvolda. Yevropa komissiyasi vakili Bloomberg agentligiga izoh berishdan bosh tortdi. 

Ukrainada hukmron «Xalq xizmatkori» partiyasining Oliy radadagi fraksiyasi rahbari David Araxamiya kecha Ukraina hukumati muzokaralarni boshlash uchun «Yevropa Ittifoqi talab qilgan narsaning 99,9 foizini» bajarganini aytdi. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlari boshlanganidan bir necha kun o‘tib, 2022 yil fevral oyi oxirida mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun ariza topshirdi. 2022 yil iyun oyida YeI davlatlari rahbarlari Ukraina, shuningdek, Moldovaga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid