Jahon | 20:44 / 26.09.2023
17243
2 daqiqa o‘qiladi

Putin o‘zining va bosh vazirning maoshini oshirdi 

Vladimir Putin davlat lavozimlarida ishlovchilar, jumladan o‘zi va bosh vazir Mixail Mishustinning maoshini 5,5 foizga indeksatsiya qilish haqidagi farmonni imzoladi.  

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat xizmatchilarining ayrim toifalari ish haqini 5,5 foizga indeksatsiya qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.  

«2023 yil 1 oktyabrdan boshlab Rossiyada davlat lavozimlarini egallagan shaxslarning pul mukofotlari 1,055 baravar oshirilsin», deyiladi hujjatda. 

Maoshi indeksatsiya qilinishi lozim bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatiga prezident va bosh vazir, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, vazirliklar, idoralar rahbarlari va boshqa federal amaldorlar kirgan. 

Putin, shuningdek, Bosh prokuror va Tergov qo‘mitasi raisining maoshini ham 5,5 foizga oshirish haqidagi farmonni ham imzoladi. Bosh prokuraturani 2022 yil yanvaridan Igor Krasnov boshqarib kelmoqda. Tergov qo‘mitasiga 2011 yildan beri Aleksandr Bastrikin rahbarlik qiladi. 

2021 yilda prezidentning daromadi 10,2 million rublni tashkil etdi, bu 2020 yil oxiriga nisbatan 2,1 foizga (208 ming rubl) ko‘pdir. Bu haqda Kreml saytida uning daromadlari va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya e’lon qilingan. 

Rossiya rahbarining 2022 yilgi daromadlari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilinmadi. 2022 yil dekabrida Putin Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti davrida amaldorlarning daromadlari, xarajatlari va mulklari haqidagi ma’lumotlarini internet va ommaviy axborot vositalarida majburiy e’lon qilishni bekor etish haqidagi farmonni imzoladi. 

Mavzuga oid