O‘zbekiston | 19:45 / 28.09.2023
6984
4 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlaridagi bir qancha «g‘irromliklar» haqida ma’lumot berdi

2023 yilning yanvar-avgust oylarida 8964 ta tender savdolari jarayonida 12 ming 826 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan. Xususan, «Toshkent metropoliteni» 8,2 mln dollarga mikroprotsessor xarid qilishda, Sog‘liqni saqlash vazirligi 23,6 mlrd so‘mga asbob-uskunalar sotib olishda qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzgan. 

Joriy yilning 8 oylik davrida o‘tkazilgan 29 ming 98 ta tender savdolari tahlil qilindi. Qayd etilishicha, buyurtmachilar tomonidan 8964 ta savdolar jarayonida 12 ming 826 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qonunbuzilishlarining 72,7 foizi savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish bilan bog‘liq bo‘lsa, 27,3 foizida til biriktirish orqali kelishib olingan, muvofiqlashtirilgan harakatlar alomatlari kuzatilgan.

Xususan, qo‘mita tomonidan qonunbuzilish holatlari aniqlangan quyidagi misollar keltirib o‘tilgan:

●     Rossiya eksport-import bankining kreditlari hisobidan «Toshkent metropoliteni» DUK boshlang‘ich qiymati 8,2 mln dollarga teng bo‘lgan mikroprotsessor uskunalarini xarid qilish uchun o‘tkazgan tender hujjatlariga asossiz ravishda raqobatni cheklashga olib keladigan talablar kiritgan.

●     «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» UK tomonidan boshlang‘ich qiymati 4,8 mln dollarga teng bo‘lgan telekommunikatsiya tarmoqlarining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdolarida buyurtmachi tomonidan ayrim ishtirokchilarga tanlovda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berilgani aniqlangan. Bunda ishtirokchi tomonidan taqdim qilingan hujjatlar buyurtmachining talablariga mos kelmasa-da, g‘olib deb e’tirof etilgan. Tanlov natijasida qabul qilingan qaror va shartnoma bekor qilinib, tender savdolari takroran o‘tkazilgan.

●     Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan boshlang‘ich qiymati 23,6 mlrd so‘m bo‘lgan «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida fizioterapiya xizmatini tiklash uchun tibbiy asbob-uskunalarni xarid qilish» bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda buyurtmachi tomonidan belgilangan davlat xaridi shartlarida ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari, ularning nisbiy qiymati, baholash tartib-taomillari doirasidagi qoida buzilgani aniqlangan

●     Andijon viloyati yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi boshlang‘ich qiymati 8,5 mlrd so‘m bo‘lgan tender o‘tkazgan. Baliqchi tumani «Do‘stlik» MFYdagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internat binosini mukammal ta’mirlash bo‘yicha 2021 yilda o‘tkazilgan tenderda buyurtmachi va xarid komissiya tomonidan g‘olib talabgordan yuqori ball olgan 3 ta ishtirokchi asossiz tenderdan chetlatib yuborilgani aniqlangan va bu bo‘yicha Bosh prokuraturaga ma’lumot kiritilgan.

●     «Aloqabank» AT tomonidan boshlang‘ich qiymati 1,2 mlrd so‘mga bankka tegishli asosiy vositalarni sug‘urtalash va baholash bo‘yicha o‘tkazilgan 2 ta tanlov savdolarida buyurtmachi va ishtirokchi o‘rtasida oldindan kelishib olganlik alomatlari aniqlangan.

●     «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tomonidan boshlang‘ich qiymati 3,7 mlrd so‘mga «Xodimlarning nafaqasini baholash bo‘yicha xizmatlar (aktuar xizmatlari)» xaridi jarayonida buyurtmachi tomonidan ayrim ishtirokchilarga tanlovda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berilgani aniqlangan. 

Aniqlangan 10 ming 973 ta holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga va 61 ta holat yuzasidan Hisob palatasiga ma’lumotnomalar taqdim etilgan, 151 ta holat buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan, 766 ta holat yuzasidan hududiy boshqarmalar tomonidan 267 ta ish qo‘zg‘atilib, 212 ta mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 875 ta holat qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida ekani ma’lum qilingan.

Mavzuga oid