Jahon | 13:47 / 29.09.2023
5586
2 daqiqa o‘qiladi

Kremlda Rossiyada ko‘ngillilar tuzilmalarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi

Putin «Vagner» XHK sobiq qo‘mondoni va mudofaa vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus-Bek Yevkurov va «Vagner» XHK shtabi sobiq rahbari Andrey Troshev bilan uchrashdi.

«Oxirgi yig‘ilishda turli jangovar topshiriqlarni bajara oladigan, birinchi navbatda, albatta, «maxsus harbiy operatsiya» zonasida ko‘ngilli bo‘linmalarni tuzishingiz haqida gapirgan edik. Siz o‘zingiz ham shunday bo‘linmada bir yildan ortiq jang qilgansiz. Bu nima ekanini, qanday amalga oshirilishini bilasiz, jangovar ishlar eng yaxshi va muvaffaqiyatli o‘tishi uchun oldindan hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalarni yaxshi tushunasiz», — deya Putinning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Kreml matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «maxsus operatsiya»ning barcha ishtirokchilari - ko‘ngillilar va harbiy xizmatchilar uchun ijtimoiy kafolatlar bir xil bo‘lishi kerak. 

Avvalroq OAVda iste’fodagi polkovnik Andrey Troshev «Vagner» guruhi asoschisi Yevgeniy Prigojinning vorisi sifatida ko‘rilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Ayni paytda, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Troshevning Rossiya Mudofaa vazirligida ishlayotgani haqida xabar berdi. 

«U (Troshev) allaqachon Mudofaa vazirligida ish boshlagan», dedi Peskov RIA «Novosti» agentligining Troshev haqidagi savoliga javob berar ekan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid