Jahon | 13:43 / 29.09.2023
3048
2 daqiqa o‘qiladi

Litva Rossiyadan kelgan avtomobillarga 6 oy ichida YeIni tark etish majburiyatini yukladi

Litva bojxonachilarining ta’kidlashicha, Rossiya avtomobillariga Litvaga faqat Kaliningrad viloyatiga tranzit maqsadida kirishga ruxsat berilgan.

Foto: AP

2023 yil 11 sentabrgacha Litvaga kelgan Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan davlat raqamlariga ega avtomobillar ushbu mamlakatni va butun Yevropa Ittifoqi hududini kirgan kundan boshlab olti oy ichida tark etishi kerak. Bu bayonot 29 sentabr, juma kuni Litva bojxonasi tomonidan e’lon qilindi.

Uning eslatishicha, 2023 yil 11 sentabrdan boshlab Litva bojxona organlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan cheklovlar asosida Rossiya davlat raqamlariga ega avtotransport vositalarini mamlakatga kiritmayapti. Yevropa komissiyasi avvalroq tushuntirganidek, bu cheklovlar Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarni hatto vaqtinchalik foydalanish uchun olib kirishga ham tegishli.

Kaliningradga tranzit uchun istisno

«Taqiq ushbu transport vositalariga, ularning egasi yoki haydovchisining fuqaroligidan qat’i nazar, amal qiladi», - deya ta’kidlanadi Litva bojxonasi saytida. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan hamda Rossiya fuqarolari Litva hududi orqali Kaliningrad viloyatiga tranzit orqali o‘tishda foydalanadigan avtomobillar uchun istisno qilinadi. Ular FTD tranzit hujjatini taqdim etishi kerak.

Litva bojxonasi, shuningdek, «Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan yoki Rossiyada ishlab chiqarilgan» transport vositalarini sotib olish yoki olib kirish bo‘yicha ogohlantirish berdi. Qonunni buzish jarimaga va/yoki transport vositasi musodara qilinishiga olib kelishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid