Jahon | 09:34 / 29.09.2023
3770
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya mudofaa xarajatlarini oshirishni rejalashtirmoqda

Rossiya Moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan budjet loyihasi 2024 yilda mudofaa xarajatlarini joriy yilga nisbatan 68 foizga - 10,8 trillion rublgacha oshirishni nazarda tutadi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya 2024 yilda mudofaa xarajatlarini joriy yilga nisbatan 68 foizga - 10,8 trillion rublga (taxminan 111 milliard dollar) oshirishni rejalashtirmoqda. Buni Rossiya Moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan 2024 yilgi federal budjet loyihasi tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Ukrainadagi «maxsus harbiy operatsiya»ni davom ettirish «katta xarajatlar»ni talab qilishini aytdi.

«Bu yerda bunday o‘sish zarur, mutlaqo zarur, chunki biz gibrid urush holatida yashayapmiz. Biz maxsus harbiy operatsiyani davom ettirmoqdamiz. Men bizga qarshi boshlanayotgan gibrid urushni nazarda tutyapman. Bu esa katta xarajatlarni talab qiladi», — dedi Peskov jurnalistlarning kelasi yil budjeti loyihasiga izoh berish haqidagi so‘roviga javob berar ekan.

Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov o‘z bayonotida mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq budjet ulushi ortganini ma’lum qildi.

«Iqtisodiyotga xarajatlar ulushining kamayishi haqida gapirganda, ehtimol bu haqiqatdir, chunki mudofaa xarajatlari ulushi ortib bormoqda. Bu bizning asosiy ustuvor vazifa, deymiz. Lekin nominal ko‘rinishda xarajatlar tushmayapti», — dedi u Moskva moliyaviy forumida.

Rossiya Moliya vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida mamlakat budjetida 2,3 trillion rubl (taxminan 23,5 milliard dollar) defitsit yuzaga kelgan.

Mavzuga oid