Jahon | 23:19 / 29.09.2023
18116
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Qo‘shma Shtatlardagi barcha pandalarni qaytarib oladi

Dunyodagi barcha pandalar Xitoyga tegishli, ammo Pekin 1984 yildan beri hayvonlarni xorijiy mamlakatlarga ijaraga berib, munosabatlarni yaxshilashda «panda diplomatiyasi»dan foydalanmoqda.

Foto: Getty Images

AQSh poytaxti Vashington shahri hayvonot bog‘idagi uchta ulkan panda shu yilning dekabr oyida Xitoyga qaytadi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning ma’lum qildi.

Undan bu harakat AQSh va Xitoy o‘rtasidagi «panda diplomatiyasi» deb ataladigan munosabatlarning yomonlashuvini aks ettiradimi yoki yo‘qmi, deb so‘raldi.

«Ulkan pandalar nafaqat Xitoyning milliy boyligi, balki butun dunyo xalqlari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olinadi va seviladi, ularni do‘stlik elchisi va ko‘prigi deyish mumkin. Biz yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarni himoya qilish sohasida hamkorlikni kuchaytirish uchun AQSh bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz», dedi Mao Ning.

Mey Syan va Tyan Tyan ismli pandalar Vashington hayvonot bog‘iga 2000 yilda Xitoy yovvoyi tabiat assotsiatsiyasi bilan kelishuv doirasida kelgan edi. Juftlik tadqiqot va naslchilik dasturi uchun o‘n yil qolishi kerak edi, ammo Xitoy bilan shartnoma bir necha bor uzaytirildi. 2020 yilda juftlik bola ko‘rdi, u Syao Tsi Tszi deb nomlandi. O‘sha yili hayvonot bog‘i uch bosh pandani 2023 yil oxirigacha saqlab qolish uchun shartnoma imzoladi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning Atlanta, San-Diyego va Memfis shaharlaridagi hayvonot bog‘lari allaqachon o‘z pandalarini Xitoyga qaytarib bergan yoki kelasi yil oxirigacha buni amalga oshiradi. Shunday qilib, barcha pandalar AQShni tark etadi.

Dunyodagi barcha pandalar Xitoyga tegishli, ammo Pekin 1984 yildan beri hayvonlarni xorijiy mamlakatlarga ijaraga berib kelmoqda. Xitoy tomonidan xorijiy davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash uchun foydalaniladigan ushbu missiya «panda diplomatiyasi» deb ataladi.

2021 yilda Xitoy hukumati pandalarning tabiatdagi populyatsiyasi tiklana boshlagani va 1,8 ming boshga yetgani sababli ularni «yo‘qolib ketish xavfi ostidagi» maqomini pasaytirdi. Endi Xitoy o‘z milliy bog‘lari tarmog‘ini yaratmoqda, natijada bu pandalarni ko‘paytirish va saqlash uchun xorijga jo‘natishni talab qilmasligi mumkin.

Bloomberg manbasining aytishicha, AQSh prezidenti Jozef Bayden ma’muriyati Pekin bilan pandalar ijarasi masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Keyingi muzokaralar istiqboli haqidagi savolga AQSh Davlat departamenti vakili agentlikka panda haqidagi kelishuv hukumatlar o‘rtasida emas, balki Milliy hayvonot bog‘i va Xitoy yovvoyi tabiatni muhofaza qilish assotsiatsiyasi o‘rtasida tuzilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, avvalgi hamkorlik «har ikki tomonning xayrixohlik ishorasi» edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid