BMT missiyasi Tog‘li Qorabog‘ga yetib keldi
BMT missiyasi 30 yil ichida birinchi marta Tog‘li Qorabog‘ga tashrif buyurdi. Uning maqsadi mintaqaning humanitar yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlashdan iborat.
Ozarboyjonning mintaqadagi harbiy amaliyotidan so‘ng arman aholisi tomonidan deyarli butunlay tashlab ketilgan Tog‘li Qorabog‘ga BMT missiyasi 30 yil ichida birinchi marta yetib keldi. Uning kelishi haqida 1 oktyabr, yakshanba kuni Boku rasmiylari xabar berdi.
Qayd etilishicha, BMT missiyasining asosiy maqsadi zarur insonparvarlik yordami hajmini baholashdan iborat. O‘z navbatida, Tog‘li Qorabog‘dan o‘n minglab qochqinlarni qabul qilgan Armanistonda 1 oktyabr kuni Arsax (Tog‘li Qorabog‘) uchun milliy ibodat kuni bo‘lib o‘tdi. Butun mamlakat bo‘ylab ibodatxonalarda qo‘ng‘iroqlar chalindi. Barcha armanlarning oliy patriarxi Garegin II o‘z qarorgohi joylashgan Echmiadzin shahrida marosim o‘tkazdi.
BMT Xalqaro sudida Armanistonning Ozarboyjonga qarshi da’vosi
Yerevan Ozarboyjonni Tog‘li Qorabog‘ hududidagi harakatlarda aybladi. 29 sentabr kuni Armaniston Ozarboyjonga qarshi BMT Xalqaro sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga rioya qilishni talab etdi.
Bundan tashqari, Yerevan Bokuni BMT va Qizil Xoch xodimlarining mintaqadagi arman aholisi bilan muloqotni ta’minlashga, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi rasmiylari tomonidan berilgan fuqarolik holati dalolatnomalari guvohnomalarini haqiqiy deb tan olishga va arman madaniy merosining yodgorliklarini buzishni taqiqlashga chaqirdi.
Boku Tog‘li Qorabog‘dagi etnik armanlar haqidagi ayblovlarni rad etib, ularning huquqlari hurmat qilinishini bildirdi.
Mavzuga oid
18:53 / 11.10.2024
BMT oiladagi zo‘ravonlikni tugatish bo‘yicha O‘zbekiston taklif etgan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi
08:35 / 11.10.2024
BMT Isroilni Livandagi qarorgohiga hujum qilishda aybladi
16:44 / 10.10.2024
BMTning «otasi» – Millatlar Ligasi tarixi
23:14 / 07.10.2024